372

BOBOLAR MEROSI jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashda asosiy qalqonimiz

MA’NAVIY YUKSALISH

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida xalqimizning diniy-ma’rifiy ilmga ehtiyojini qondirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, hamma hududda masjidlar, ulug‘ ajdodlarimiz nomidagi majmualar, diniy ta’lim muassasalari barpo etilayotgani, chet ellik taniqli ulamolarning tashrif buyurayotganini yurtdoshlarimiz katta mamnuniyat bilan qarshi olmoqda.

Xalqimiz, xususan, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish, diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligi asosida ta’lim sifatini oshirish maqsadida soha bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi yaratilyapti. Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ezgu ishlarni amalga oshirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Farmonga asosan, islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Ushbu maktabda o‘qish muddati besh yil bo‘lib, hadis ilmi, diniy fanlar mutaxassislari va arab tili o‘qituvchilari tayyorlanadi. Darsliklar “ustoz-shogird” an’anasi asosida o‘rgatiladi.

Talabalar o‘qish davomida ixtisoslik fanlarini islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan yurtimiz va xorijiy allomalarning moʻtabar ilmiy asarlari asosida o‘rganadi. Islom olamida e’tirof etilgan oltita ishonchli to‘plamdagi hadislarni yodlab, ularga yozilgan sharhlar yordamida dinimizning insonparvarlik mohiyatini o‘rganadi, ko‘plab fazilatlarni o‘zlashtiradi. Shuningdek, o‘quv jarayoni qadimgi Buxoro, Samarqand, Qo‘qon va boshqa shaharlardagi madrasalarning o‘qitish an’analari hamda nufuzli xorijiy ta’lim muassasalarining tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, ixtisoslik bo‘yicha ishlab chiqilgan o‘quv rejasi va fan dasturlari dunyodagi yetakchi ta’lim muassasalarining nufuzli 20 nafar ulamosiga taqdim qilingan va ulardan ekspertlik xulosalari olingan. Xulosalarda Hadis ilmi maktabining o‘quv rejasidagi fanlar hamda ular asosidagi darsliklarni puxta o‘zlashtirgan bitiruvchilar nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishni davom ettirishi mumkinligi e’tirof etildi.

Bugunning talabiga ko‘ra, Hadis ilmi maktabida o‘quv jarayonini axborot texnologiyalari orqali tashkil etish, boshqarish va monitoringini yuritish maqsadida elektron portal faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu qulaylik natijasida talabalar fanlarga doir ma’lumotlardan hech qanday qiyinchiliksiz mustaqil xabardor bo‘lib bormoqda.

Prezidentimiz 2019-yil 11-yanvar kuni Hadis ilmi maktabiga tashrifi davomida o‘quv metodikasini xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish va rivojlantirish maqsadida xorijdagi nufuzli ta’lim muassasalarining malakali o‘qituvchilarini jalb etish lozimligini ta’kidlagan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash hamda mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun maktabga dunyoning nufuzli ta’lim muassasalaridan hisoblanadigan Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universitetidan hadis ilmi hamda arab filologiyasi bo‘yicha malakali mutaxassislar taklif etildi. Shuningdek, talabalarning xorijiy tillarda erkin muloqot qilish ko‘nikmasini shakllantirish hamda dunyo axborot resurslaridan kengroq foydalanishi va chet tillarda ilmiy izlanish olib borishi uchun zarur shart-sharoit yaratildi. Xususan, maktabga Dehli universitetining Tilshunoslik ilg‘or tadqiqotlar markazi professori Ravinder Gargash ingliz tili mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun jalb etildi. Qolaversa, talabalarning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishini ta’minlash maqsadida chet tili auditoriyalariga sinxron tarjima uskunalari o‘rnatildi. Hozir ular xorijlik o‘qituvchilar bilan hamkorlikda arab va ingliz tillaridagi ko‘p qismli multfilmlarni o‘zbek tiliga tarjima qilmoqda.

O‘quv jarayonida talabalarning fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha nazorat sinovi Al-Azhar universiteti tajribasi asosida o‘tkazilyapti. Kezi kelganda aytish joizki, o‘tgan o‘quv yilining birinchi va ikkinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra, talabalar malaka talablari bo‘yicha mutaxassislik fanidan asosiy darslik hamda qo‘shimcha o‘quv adabiyotlarni “ustoz-shogird” an’anasi asosida to‘liq o‘zlashtirdi.

Bundan tashqari, maktabda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida dinlararo totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni diniy bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, ularni turli ma’naviy tahdidlardan himoya qilishga yo‘naltirilgan davlat siyosati va hukumatimiz topshiriqlarini hayotga izchil tatbiq etish bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Muassasa o‘qituvchilari viloyatdagi Hadis va Kalom ilmiy maktablari tinglovchilariga islom dini, Qur’oni karim, hadis, aqoid kabi ilmlarning asl mohiyatini, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlarning merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan asossiz xurujlarning oldini olish bo‘yicha ham mashg‘ulotlar olib bormoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi malaka oshirish markazining Samarqand viloyati hududiy filialida tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslarida nazariy va amaliy darslar o‘tilayotir. 

Yana bir muhim jihat. Hadis ilmi maktabida o‘qituvchilar va xorijlik nufuzli ulamolar, mutaxassislarning ma’ruzalarini audio va video shaklida yozib olish, yurtimizdan yetishib chiqqan boshqa buyuk ulamolarning saboqlari asosida teleko‘rsatuv hamda radioeshittirishlar tayyorlash maqsadida Multimedia bo‘limi tashkil etilgan. Mazkur studiyada mutaxassislik fanidan video darslar, qator ma’rifiy, xalqchil kitoblar asosida videoroliklar, ijtimoiy hayotimizga oid dolzarb mavzularda ko‘rsatuvlar tasvirga olinib, muassasaning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib boriladi. 

Chet elda bo‘lib qaytgan yurtdoshlarimiz xorijliklarning Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk hadisshunos bobolarimizga cheksiz ehtiromidan hayratga tushib qaytganiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Bu hurmat bejiz emas. Ajdodlarimizning bu qadar dovruq qozonishi zamirida katta mehnat, ilm yo‘lidagi zahmat, musofirlik mashaqqati yotibdi. Ularda bugungi imkoniyatlar bo‘lganida, ehtimol, bundan-da kattaroq natijalarga erishardi. Shu ma’noda, mamlakatimiz yoshlari uchun muhayyo etilgan hozirgi shart-sharoitning ma’naviy qiymati juda yuksak. Maktabimiz tinglovchilari bu imkoniyatdan foydalanib, bobolarimizga munosib avlod bo‘lib yetishish yo‘lida aslo tolmaydi.

Olimxon YUSUPOV,

Hadis ilmi maktabi rektori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 21-aprel, 79-son

Izoh qoldirish