461

SOHIBQIRON AMIR TEMUR TAVALLUDINING 686-YILLIGI MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOM AKADEMIYASI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

Qadrli ustoz-murabbiylar!

Aziz talaba-yoshlar!

Bugun xalqimizning faxr va iftixori bo‘lgan, O‘rta asrlarda markazlashgan davlat barpo etib, Sharq renessansiga asos solgan buyuk sarkarda, Sohibqiron Amir Temur bobomiz tavalludining 686-yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. 

Erta tongdan poytaxtimizdagi Amir Temur nomi bilan ataluvchi muazzam xiyobon hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyida davlat va jamoatchilik vakillari, xalqimiz va faol yoshlar qatorida Akademiyamiz talabalari ham katta bayram tadbirlarida ishtirok etishdi. Mana, ushbu qutlug‘ ayyom shodiyonalari respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham bo‘lib o‘tyapti. 

Shu munosabat bilan barchangizni ulug‘ Sohibqiron Amir Temur bobomiz tavalludining 686-yilligi bilan muborakbod etaman.       

Ma’lumki, Amir Temur – buyuk davlat asoschisi. U XIV-XV asrlarda Hindiston hamda Xitoydan to Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qo‘ltig‘iga qadar g‘oyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Shuningdek, Amir Temur davlati tarkibiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shimoli-g‘arbda Quyi Volga, Don bo‘ylari; shimoli-sharqda Balxash ko‘li va Ili daryosigacha; janubi-sharqda esa Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan mamlakatlar kirar edi. 

Amir Temur davlatni, eng avvalo, adolat va kuchli siyosiy-huquqiy asos bilan idora etgan. Uning “…davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, degan o‘gitlari fikrimizning yorqin dalilidir.

Bugungi kunda biz ulug‘ bobokalonimiz Amir Temur bilan qancha faxrlansak arziydi. Zero, xalqimiz tarixida o‘tgan ko‘plab buyuk siymolar qatorida, Sohibqiron Amir Temur, Temuriylar davri solnomasini o‘rganish, ilmiy tadqiq etish hamda ibrat va zarur xulosa olish muhim ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy ahamiyatga ega. 

Ishonamanki, Siz, aziz talabalar hozirda Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Xondamirning “Habib us-siyar” kitoblarini mutolaa qilib, ulug‘ sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning hayoti va faoliyatidan o‘zingizga zarur xulosalar olmoqdasiz. 

Muhammad Tarag‘ay Bahodir o‘g‘li Amir Temur yoshlikdan mard, dovyurak, g‘ururli, o‘tkir zehn va aql-u idrok egasi bo‘lib voyaga yetdi. Bir qancha dunyoviy ilmlarni, harbiy san’atni egalladi. Qur’oni karimni yod oldi, hadis ilmini o‘rgandi. Iymon-e’tiqodli, halol-pok bo‘lib kamol topdi.

Shu bois, Sohibqiron davlat va jamiyat boshqaruvida ham ilm ahlining ma’naviy ko‘magiga tayangan. U olim-u ulamolarga yuksak ishonch bildirib, qudratli davlat barpo etishda ularning beqiyos o‘rni borligini alohida ta’kidlab o‘tgan. “Temur tuzuklari”da bu borada “Sayyidlar, ulamo, mashoyix, oqil va dono kishilar, muhaddislar va tarixshunoslarni sara va e’tiborli kishilar deb hisoblab, hurmat-izzatlarini o‘rniga qo‘ydim... Olimlar bilan suhbatda bo‘ldim va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpinib yashadim”, deb yozadi.

Tabiiyki, adolatli davlat boshqaruvchisi bo‘lgan, tinchlik va osoyishtalik hukm surgan yurtda ijodga rag‘bat, ilm-fanga hurmat-e’tibor bo‘ladi. Chunki urush, zulm, jaholat hukm surgan joyda taraqqiyot bo‘lmaydi. Amir Temur davlatida esa ra’iyat, ya’ni xalqning haq-huquqlari va manfaatlari inobatga olinib, ularning hayoti uchun zarur ijtimoiy zamin yaratilgan edi. 

Darhaqiqat, biz yashagan zamin Sohibqiron Amir Temur davrida ham, bugungi kunda ham ko‘pchilikning havasini keltirayotgani rost. Eng asosiysi, ra’iyat deb atalmish xalq rozi bo‘lgan. Shuning uchun ham Amir Temur hukmronligi davrida xalq tinch, osoyishta va farovon turmush kechirgan. Bu xususda Sohibqiron o‘zining “Temur tuzuklari”da “Ra’iyat ahvolidan ogoh bo‘ldim. Ulug‘larini ota qatorida, kichiklarini farzand o‘rnida ko‘rdim. Har yerning tabiati, har el-yurt va shaharning rasm-u odatlari va mizojidan voqif bo‘lib turdim. Har bir yurt va shahar aholisining ulug‘lari bilan do‘st tutindim...”, deya ta’kidlab o‘tadi.

Bugun mamlakatimizda katta g‘ayrat-shijoat bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Amir Temur bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uyg‘undir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 14-dekabrda Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida “Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!” degan chuqur ma’noli so‘zlari har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur”, degan ezgu da’vati ulug‘ ajdodimiz xotirasiga ko‘rsatilayotgan ulkan ehtiromning bardavomligidan dalolat.

Amir Temur Oqsaroy peshtoqining old tomonida “Adolat – davlat asosi va hukmdorlarning shioridir”, degan hikmatini yozdirgan va bu da’vatga, avvalo, o‘zi amal qilgan. Bugun mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish hamda aholi murojaatlari bilan ishlash, “Inson qadri uchun” tamoyillari asosida davlat boshqaruvida yangi tizimga asos solingani buyuk an’analarning mantiqiy davomi bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ammo, ming afsuski, yaqin o‘tmishimizda totalitar tuzum Amir Temur nomini tariximiz sahifalaridan qora bo‘yoq bilan o‘chirishga, unuttirishga harakat qildi. Maqsad xalqimizning yuragidagi milliy ong, milliy g‘urur tuyg‘usini yo‘qotish, uni qaramlikka, tobelikka ko‘ndirish edi. Lekin o‘zbek xalqi o‘z ajdodlari, bahodirlarini unutmadi, hamisha qalbi to‘rida saqlab keldi.

Temuriylar davrida ilm-fan, san’at va madaniyatning gullab-yashnagani bugungi Yevropada uyg‘onish jarayoniga hayotbaxsh ta’sir etganini, umumjahon taraqqiyotiga ko‘maklashganini anglab faxrlanamiz.

Sohibqiron bobomizning ruhiyati istiqlol va hurlik, erkinlik g‘oyalari bilan tabiiy va go‘zal bir tarzda uyg‘unlashib ketgani bois “Adolat va ozodlik – dasturingiz, rahbaringiz bo‘lsin”, degan dono o‘gitlari bugun har bir vatandoshimizning qalbidan muqim o‘rin olgani shubhasiz. 

Aziz talabalar!

Ma’lumki, yuksalish va taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ygan Yangi O‘zbekistonda jismonan sog‘lom, mustaqil fikrli, Vatanga sodiq, keng tafakkurli va albatta, intellektual jihatdan barkamol yoshlarni voyaga yetkazishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish borasida barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotir. 

Bugungi notinch va tahlikali zamonda inson ongi va qalbini egallashga qaratilgan turli xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda. Shu o‘rinda Amir Temurning “Siyosatda maslahat, mulohozakorlik, o‘ylab ish ko‘rish qurol kuchidan ko‘ra o‘n barobar foydaliroqdir”, degan dono o‘gitlari alohida ahamiyat kasb etishini jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalarning achchiq xulosasidan anglab olishimiz mumkin. 

Shu nuqtai nazardan, Sizning zamonaviy bilim va mutaxassisliklarni egallash borasidagi qat’iy intilishingiz har qachongidan ham muhim. Buning uchun, avvalo, ona tilimiz, milliy tariximizni chuqur o‘rgangan holda bir necha jahon tillarini, zamonaviy ilm-fan va ilg‘or kasb-hunarlarni mukammal o‘rganishingiz davr talabidir. Zero, ulug‘ Sohibqiron Amir Temur bobomiz uqtirganlaridek, “Adl-u ehson bilan jahon gulshani obod bo‘ladi”.

Yana bir bor qutlug‘ sana bilan barchangizni muborakbod etgan holda ota-onangiz, el-yurtimiz faxrlanadigan, ulug‘ ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish baxti nasib etsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, o‘qish va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyat, oilaviy hayotda baxt yo‘ldoshingiz bo‘lsin!

 

Muzaffar  KOMILOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish