448

Markaz xodimlari Turkiyadagi nufuzli ta’lim muassasalari olimlari, ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari bilan uchrashdi

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Abdullatif Alloqulov, katta ilmiy xodim Ahmadxon Alimovlar Saljuq universiteti Islom ilmlari fakulteti dekani professor, doktor Ramazon Oltintosh qabulida bo‘lishdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Saljuq universiteti bilan Markaz o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, xususan, kelajakda birgalikda amalga oshiriladigan ishlar, “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzuidagi II xalqaro ilmiy-amaliy simpoziumni hamkorlikda o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish, Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini butun dunyoga keng targ‘ib qilish kabi masalalarni muhokama qilindi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosati sababli dunyoning barcha mamlakatlari qatori Turkiya Respublikasi bilan barcha sohalarda yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bu esa tadqiqotchilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Shuningdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Abdullatif Alloqulov va katta ilmiy xodim Ahmadxon Alimovlar Turkiya Respublikasiga tashrifi davomida Saljuq universiteti huzuridagi Imom Moturidiy tadqiqot markazi mudiri professor, doktor Rejep Tuzju bilan uchrashdilar. Uchrashuvda ikki markaz tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, nashrlarni yanada jadallashtirish, bu borada o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Hamkorlikda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid ensiklopediya yaratish, moturidiylik izdoshlari hayoti va faoliyatiga oid xronologik ma’lumotlarni shakllantirish, ta’limotga oid atamalarning izohli lug‘atini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Izoh qoldirish