463

Akademiya o‘qituvchisi xalqaro anjumanda faol ishtirok etdi

Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “Butunjahon tinchlik Dubay-2022” (Global Peace Dubai Summit 2022) mavzusida xalqaro sammit bo‘lib o‘tdi.

Ahamiyatlisi, mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi o‘qituvchisi Nilufar Botirova yurtimiz vakili sifatida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 

“Butunjahon tinchlik Dubay-2022” sammiti dunyo yoshlari uchun mo‘ljallangan dasturlar hisoblanadi. Tadbiryoshlarning o‘zaro muloqot qilish, dunyoqarashini kengaytirish va fikr almashish uchun qulay platforma bo‘lib xizmat qildi. Anjumanda mutaxassis-yoshlar ishtirokida BMTning barqaror rivojlantirish maqsadlari doirasidagi qiziqarli ma’lumotlar bo‘yicha davra suhbatlari tashkil etildi. 

Sammit Barqaror rivojlanishning 17 maqsadi va unga tegishli keng miqyosdagi masalalarni qamrab oldi. Delegatlar anjuman davomida yalpi majlis, muhokama shoʻbalari, taqdimot soatlari, ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha ma’ruzalarda ishtirok etishdi. Sammitda shuningdek, madaniyatlarning o‘zaro almashinuvi, xalqaro do‘stlik, o‘z ustida izlanish, yetakchilikni rivojlantirish va butun dunyo yoshlarini salohiyatini rag‘batlantirish haqidagi masalalar haqida so‘z bordi.

Nufuzli tadbirda Akademiya o‘qituvchisi Nilufar Botirova 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda sifatli ta’lim tizimi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashib, sammit qatnashchilariga ma’ruza qildi.

Delegatlarning turli mavzularni qamrab olgan ma’ruzalari ishtirokchilarning dunyoqarashini kengaytirish va o‘z iste’dodlarini namoyish etish imkonini berdi. 

Muhokamalar davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro muhokama qilindi. 

Akademiya o‘qituvchisining ma’ruzasi sammit ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish