9-fevral – ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 581-yilligi munosabati bilan BAYRAM TABRIGI
Assalom-u alaykum, qadrli hamkasblar! Aziz talaba-yoshlar!
Avvalo, Siz-azizlarni tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlikda ko‘rib turganimdan benihoya shodman! Xabaringiz bor, dunyoda davom etayotgan pandemik vaziyat sabab yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalari o‘quv jarayoni ham ma’lum muddat masofaviy ta’lim shaklga o‘tkazilgan edi. Bugungi kunda ko‘rilgan zarur chora-tadbirlar natijasida epidemiologik vaziyat barqarorlashib, Siz – ilmga chanqoq talaba-yoshlarni, mehribon ustoz-muallimlarni jonajon Akademiyada, an’anaviy o‘qish jarayonida ko‘rib turganimizdan xursandman.
Albatta, dars mashg‘ulotlarining an’anaviy tartibda, qadrdon auditoriyalarda, ustoz bilan yuzma-yuz o‘tishi barchamizni faollikka undashi tabiiy. O‘ylaymanki, yaratilgan zamonaviy shart-sharoit va iliq ijodiy-ilmiy muhit Sizning yanada mukammal bilim olishingizga xizmat qiladi.
Qadrli tolibi ilmlar, hurmatli ustoz-murabbiylar!
Ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz o‘z ijodida:
“Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur,
Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur", deydi.
Darhaqiqat, inson hamisha kamolotga intilib yashashi lozim. Bu yo‘l esa oson bo‘lmasligi tabiiy. Ammo ilm-ma’rifat, odob-axloqni qadrlagan borki, tolei baland bo‘ladi. Zero, xalqimiz bejizga “Intilganga tole yor”, deya fikr bildirmagan.
Shu ma’noda, ta’lim dargohlari auditoriyalarida an’anaviy o‘quv jarayonlari boshlangan shu kunlarda buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 581-yilligi Akademiyamizda ham keng nishonlanayotir.
Alisher Navoiyni biz turkiy til va adabiyotining asoschisi, deb bilamiz. Binobarin, Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho‘qqisidir. Zahiriddin Muhammad Bobur ta’biri bilan aytganda, “Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik ko‘p va xo‘b yozmagan” edi. Bu Navoiyning o‘zi tan olganidek, adibni “Xito(y)dan to Xuroson”gacha yoyilgan barcha turkiy qavmlar o‘zining shoiri, deb bilishida ham namoyon.
E’tirof etish joizki, hazrat mir Alisher Navoiy zullisonayn (turkiy, forsiy, arab tillarida) sermahsul ijod qilgan adib bo‘lib, uning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti, ilm-ma’rifati taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Mutafakkir ijodining umuminsoniy g‘oyasi – ilm-ma’rifat, tinchlik va bunyodkorlik, insonparvarlik, xalqparvarlik, adolatparvarlik, odob-axloq, mehr-oqibat, sadoqat, do‘stlik, pok sevgi va vafo kabi go‘zal tuyg‘ular, yuksak g‘oyalar tarannumiga bag‘ishlangani bilan ham ahamiyatlidir.
Hazrat Alisher Navoiy ilm-ma’rifatni qadrlagan va unga homiylik qilgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, alloma hayoti davomida xalqning farovonligi yo‘lida 373 ta inshoot bunyod etadi, 80 ta masjid, 52 ta rabot, 16 ko‘prik, 4 ta madrasa, 1 ta kutubxona qurilishiga homiylik qiladi. O‘zi ochgan ilm maskanlarida bolalarning bepul o‘qishi, ta’lim-tarbiya olishiga sharoit yaratadi.
Hurmatli ustoz-murabbiylar, ilmga chanqoq talaba-yoshlar!
Alisher Navoiy bobomiz o‘z asarlarida insoniylikning ega oliy mezoni bu – porsolik (taqvodorlik), pokdomonlik va haqiqatsevarlikdir, deya e’tirof etgan. Shu ma’noda, bugungi kunda ham insonga beriladigan ta’rif o‘zgarmagan. Aslida XV asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirib, tamal toshi qo‘yilgan yurtimizdagi ikkinchi Uyg‘onish – Renessans davrining asosida ham KOMIL INSON g‘oyasi turgani haqiqat.
Bugun shiddatli zamon oldimizga yanada murakkab vazifalarni qo‘ymoqda. Ammo, ishonchim komilki, ushbu muammolarni hal etish va oldimizdagi ezgu maqsadlarimizga yetish, dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lish uchun ham, eng avvalo, yoshlarimizning ilm-ma’rifatli, ma’naviyatli, odob-axloqli va, albatta, zamonaviy, ilg‘or fan sirlarini mukammal egallashi ustuvor ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘ylaymanki, o‘sib kelayotgan yoshlar ong-u tafakkuri, qalbida jahon madaniyati va adabiyotiga ulkan hissa qo‘shgan, bebaho asarlar yozib qoldirgan buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyga bo‘lgan mehr-muhabbat, ajdodlarga munosib avlod bo‘lishdek tuyg‘u va faxr-iftixorni uyg‘otishi shubhasiz.
So‘zim nihoyasida Siz, aziz o‘g‘il-qizlarim, hamkasblarimdan Prezidentimiz tomonidan taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yilib, yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning muhtasham ijodiy obidasini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotganini aytmoqchiman.
Ul zotning asrlar davomida o‘z jozibasi va ma’naviy qiymatini yo‘qotmay kelayotgan adabiy merosini asrab-avaylash, tadqiq etish barchamizning vazifamizdir. Zero, hazrat Navoiy aytganlaridek: “Olamdan g‘amsiz o‘tay desang, ilm-u hunar o‘rgan”.
Bu yo‘lda sizlarga ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilab qolaman. E’tiboringiz uchun tashakkur!
Muzaffar KOMILOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Izoh qoldirish