Hazrat Navoiyga ehtirom ko‘rsatib…
9-FEVRAL – ALISHER NAVOIY TAVALLUD TOPGAN KUN
Nafaqat so‘z mulkining sultoni, balki yurt va xalq tashvishini chekkan, uning manfaatini o‘ylagan, doimo ezgulikni tarannum qilgan ulug‘ alloma tavalludi yurtimizda katta tantana bilan kutib olinmoqda. E’tiborlisi, u zotning durdona asarlarini mutolaa qilar ekanmiz, lirik va nasriy asarlari xotimasida yoki she’rlari maqta’sida “meni duoda yod, fotihada shod eting”, deb bitgan ramziy ma’nodagi vasiyatiga ko‘zimiz tushadi. Quvonarlisi esa, Navoiyning ushbu vasiyati hanuz amalda, yurtdoshlarimiz hurmat-e’tiborida o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida buyuk mutafakkir hayoti va ijodi yuzasidan davom etayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ham bu jihat aks etyapti.
“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan “Navoiy ijodi – bebaho meros” mavzusidagi ijodiy uchrashuv ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbirni “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Malika Nosirova olib bordi.
Unda Madaniy meros agentligi bosh mutaxassisi, filologiya fanlari doktori, professor Aftondil Erkinov, siyosiy fanlat nomzodi, dotsent Shoislom Akmalov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov tadbir avvalida so‘zga chiqib, hazrat Alisher Navoiyning yaratgan o‘chmas asarlari, ularning inson kamolotidagi ahamiyati hamda yurtimizda alloma shoir ijodini tadqiq etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadqiqotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Tadbirda so‘z olganlar buyuk mutafakkir ijodining maftunkor qirralari, shoir she’riyatini o‘rganish va tadqiq etishdagi vazifalar xususida mulohazalar yuritishdi. Shoir ijodining turli qirralari hamda O‘rta asr Movarounnahrida ilmiy muhit va madaniyat rivojlanishining o‘ziga xos jihatlari ochib berilib, “Alisher Navoiyning “Hazoyin ul-maoniy” dostonida payg‘ambarlar siymosi”, “Alisher Navoiy shaxsiga ehtirom” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv yakunida Navoiy bobomiz qoldirgan bebaho merosning bugun ham ilmiy jihatdan chuqur o‘rganilayotgani, yosh avlod ma’naviyatiga ahamiyati xususidagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar yuritildi. Ishtirokchilar Alisher Navoiy ijodi o‘zbek tilining butun go‘zalligi, uning boyligi hamda nazokatini dunyoga ochib bergani, u qoldirgan meros jahonda hamon katta qiziqish uyg‘otayotganini qayd etishdi.
Tadbirning badiiy qismida Akademiya talabalari mumtoz shoir ijodidan namunalar keltirib, g‘azallarni turli tillarda o‘qishdi. Respublika musiqa va san’at kolleji “An’anaviy ijrochilik” kafedrasining mahoratli ijrochilari tomonidan mutafakkir ijodiga oid g‘azallardan bastalangan qo‘shiqlar yangradi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi, videorolik namoyishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish