Navoiy ijodi – mangu barhayot
9-FEVRAL – ALISHER NAVOIY TAVALLUD TOPGAN KUN
Bordur inson zotida oncha sharaf,
Kim, yamon axloqin etsa bartaraf.
Hazrat Alisher Navoiyning mazkur satrlari mana necha asrlar o‘tibdiki, o‘z ahamiyati va qiymatini yo‘qotmay kelayotir. Ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbi, ong-u shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelmoqda. Mutafakkirning asarlarida insonga muhabbat, ezgulik, to‘g‘rilik, halollik, ilm-hunar o‘rganish, ota-onaga mehr, kattalarga ayniqsa, ustozga ehtirom singari olijanob fazilatlar talqin etiladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘zbek mumtoz she’riyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan, xalqimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan, buyuk mutafakkir hayoti va ijodi yuzasidan davom etayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda aynan mana shu jihat aks etmoqda.
“Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti tomonidan “Navoiy ijodi – mangu barhayot” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirni Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Shavkat Mavlonov ochib berdi.
Yig‘ilganlar hazrat Alisher Navoiyning yaratgan o‘chmas asarlari, ularning inson kamolotidagi ahamiyati hamda yurtimizda alloma ijodini o‘rganish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadqiqotlar to‘g‘risida ma’lumot berishdi.
Chindan ham Alisher Navoiy ijodiga e’tibor qaratar ekanmiz, bobomiz o‘z ijodida milliondan ortiq betakror so‘zdan keng foydalangani, hassos shoir yuksak ijodiy mahorat va ulkan so‘z boyligiga ega bo‘lganiga amin bo‘lamiz. Uning “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Majolis un-nafois”, “Tarixi mulki ajam”, “Mahbub ul-qulub”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mezon ul-avzon”, “Lison ut-tayr” va boshqa o‘lmas shoh asarlari, davlat arbobi sifatida esa amalga oshirgan ulkan bunyodkorlik ishlari hanuzgacha barchamizni hayratga soladi. Tadbirda so‘z olganlar bu jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori Mansur Yunusov “Alisher Navoiy ijodining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Ta’kidlash joiz, Alisher Navoiy o‘z asarlarida yoshlarni tarixni bilish, Vatanga sadoqatli, fidoyi bo‘lish, kerak bo‘lganda, jasorat ko‘rsatishga chorlaydi. Navoiy nafaqat ulug‘ shoir, balki davlat arbobi, mamlakat taraqqiyotiga faol ta’sir ko‘rsatgan shaxs hisoblanadi. U qariyb o‘ttiz yildan ortiq umrini davlat boshqaruviga sarfladi, ya’ni sulton Husayn Boyqaroning eng yaqin maslahatchisi sifatida faoliyat yuritdi. Navoiyning hayoti Xurosonning XV asr ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy hayoti bilan chambarchas bog‘liq. Shoirning barcha asarlarida hayot, adolat va haqiqat ulug‘lanadi, halol mehnat, aql va bilim bilan baxt topish qadrlanadi. Shu bois, mamlakatimizda istiqlolning ilk yillaridan boshlab ulug‘ bobokalonimizga ehtirom ko‘rsatish, asarlarini o‘rganish uni dunyoda keng targ‘ib etishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Ma’naviy kecha yakunida Akademiya talabalari mumtoz shoir ijodidan namunalar keltirib, g‘azallarni turli tillarda o‘qishdi. Mutafakkir ijodiga oid sahna ko‘rinishi, kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Kahoot programmasi orqali alloma hayoti va ijodi bo‘yicha o‘tkazilgan viktorina orqali talabalar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish