Akademiyada Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi keng nishonlanmoqda
9-FEVRAL – ALISHER NAVOIY TAVALLUD TOPGAN KUN
So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda buyuk mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan Alisher Navoiy tavallud topganiga 581 yil to‘ladi.
Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilyapti.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tdi. “Islomshunoslik” fakulteti tomonidan “Navoiy qalblarda mangu barhayot” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Akademiya rektori hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Orif To‘xtash o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda mutafakkir ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiydan avlodlarga ulkan, bebaho, tuganmas adabiy meros qoldi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos jozibasi borligini namoyon etdi. Zero, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning ushbu satrlari bejiz yozilmagan: “Temur tug‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”.
Tadbir davomida talabalarning musiqiy chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shoir ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan g‘azallar o‘qildi.
Shu bilan birga tadbir doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar hamda mumtoz shoirning kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish