420

Shoazim MINOVAROV: “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy merosimizni o‘rganishda tayanch bo‘g‘in bo‘ladi”

Yurtimiz islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning ana shunday boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yilning 23-iyunda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. 

Hujjatga muvofiq, Toshkent shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Mazkur Markaz yurtimizdan kamol topib, jahon ilm-fani, madaniyati va san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlar ilmiy-ma’naviy chuqur merosi o‘rganiladi. 

Markaz faoliyatining asosiy maqsadi e’tiqodi islom dini bilan bog‘liq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish, buyuk ajdodlarimiz ilmiy va ma’naviy merosini keng jamoatchilikka, jumladan, yosh avlodga yetkazish, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan bebaho va nodir osori-atiqalar, qo‘lyozma va toshbosma asarlar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish hamda ularni tadqiq qilish kabi muhim yo‘nalishlardan iborat.

Bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining o‘tgan yillar davomidagi faoliyati va kelgusidagi maqsad-vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“Xalqaro aloqalarning yangi bosqichi: o‘zaro hamkorlikdan amaliy natijalar sari” mavzusida tashkil etilgan anjumanda Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda Markaz direktori Shoazim Minovarov muassasaning xalqaro aloqalar sohasidagi faoliyati va kelgusidagi rejalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shoazim Minovarov Markazning xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va xorijiy turdosh tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish Markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelayotganini ta’kidladi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy merosimizni o‘rganishdagi tayanch bo‘g‘in bo‘lishini, bu borada davlatimiz rahbari tomonidan katta e’tibor berilayotganini qayd etdi.

Anjumanda Markaz tomonidan xalqaro aloqalarni rivojlantirishda bugungi kunga qadar olib borilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Markaz tashkilotchi va hamkor bo‘lgan jami 41 ta xalqaro tadbir va uchrashuvlarni amalga oshirdi. Xususan, 18 ta onlayn-uchrashuv, 8 ta xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, 5 ta seminar, 3 ta davra suhbati, 2 ta forum, 2 ta taqdimot, 1 ta ko‘rgazma, 1 ta kongressda ishtirok etdi Hozirgacha turli darajalarda 30 dan ko‘p taqdimot o‘tkazilib, 5000 dan ortiq nashr, video va slayd shaklidagi materiallar tarqatildi. 

Markaz Xalqaro kutubxonalar assosiatsiyalari va muassasalari federatsiyasi (International Federation of Library Associations and institutions – IFLA)ga a’zo bo‘lganini e’tirof etish joiz. Bundan tashqari, IRCICA tashkiloti bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. 

Markaz umumiy hisobda 25 ta tashkilot bilan hamkorlik Memorandumlarini imzolagan. Mazkur aloqalar doirasida bir qator tadbirlar amalga oshirilib, ular davlatimiz va keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha doimiy qo‘mitasi – COMSTECH va Markaz o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida dunyo kutubxonalari fondlarida saqlanayotgan musulmon mamlakatlari olimlari tomonidan yaratilgan manbalar, qo‘lyozma, toshbosma va zamonaviy nashrlarning yagona elektron bazasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Shuningdek, 20 ta turli darajadagi tashriflar, xorijiy delegasiyalar va mehmonlar, shuningdek, UNESCO, ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bevosita qurilish maydonida uchrashuvlar o‘tkazilib, Markaz binosi loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozisiyalari mazmuni bo‘yicha takliflar olindi.

Anjuman yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish