MASOFAVIY TA’LIM AN’ANAVIY AUDITORIYALARGA KO‘CHMOQDA muhokamalarda ushbu mavzuga muhim ahamiyat qaratildi
AKADEMIYA KENGASHI
Aslida, ta’lim-tarbiyada ikkinchi yoki navbatdagi masala bo‘lmaydi. Zotan, farzand kamoloti, uning raqobatbardosh mutaxassis kadr bo‘lib yetishishidagi har qanday mavzu e’tibordan chetda qolmasligi shart.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashi yig‘ilishi kun tartibida doimo ta’lim muassasasi hayoti va ilmiy faoliyatiga doir barcha masalalar qamrab olinishiga ahamiyat qaratiladi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan navbatdagi anjumanda Akademiya faoliyatiga doir ko‘plab mavzular markazida 7-fevraldan e’tiboran ma’lum muddat oflayn, ya’ni masofadan o‘qib turgan talabalarning ta’lim jarayonini bevosita auditoriyalarga o‘tkazish bo‘ldi. Tabiiyki, mazkur jarayonda hech bir jihat e’tibordan qolmasligi lozim. Talabalarning jonajon uylari, ota-onasi bag‘ridan yo‘lga chiqishi, kelib yotoqxonalarga joylashuvi va, albatta, dars mashg‘ulotlarining sifatli o‘tkazilishigacha bo‘lgan uzun ro‘yxatdagi barcha nuqtalar dolzarb ahamiyatga ega.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etgan anjumanda ayrim yo‘nalish va tarmoqlarning o‘tgan yilgi sarhisobi va 2022-yilda istiqboldagi vazifalari ham atroflicha muhokama qilinib, yangi rejalar belgilandi.
Majlisni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar bo‘yicha ishtirokchilar so‘zga chiqishdi. Dastavval, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori Davronbek Maxsudov, Malaka oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i Bilol Isomiddinov hamda “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorovlar rahbarligidagi tashkilotlar faoliyati va istiqbol rejalari to‘g‘risida ma’lumot berishdi.
Tadbir davomida Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Bahromjon Mamadiyev xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama imzolangan hujjatlarda belgilangan vazifalar va ularning ijrosi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Akademiya Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Yusuf Sadikov tomonidan ortda qolgan yilda bajarilgan ishlar tahlili va kelgusidagi vazifalari tinglandi.
Majlis davomida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov ham so‘zga chiqib, kafedralarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, ilmiy salohiyatni oshirish bo‘yicha joriy yilda belgilangan chora-tadbirlar, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish borasidagi jarayonlarga to‘xtalib o‘tdi.
O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i Suxrob Xidirov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari o‘quv jarayonlarining an’anaviy shaklda tashkil etish jarayoni, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etish uchun tavsiya etishdagi harakatlari haqida ma’lumot berdi.
Kengash kotibi Aziza Turg‘unova tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashi Ustavini tasdiqlash hamda Akademiya kafedralarida mavjud bo‘sh (vakant) o‘rinlar va tanlov muddati tugagan pedagog-xodimlar lavozimlariga tanlov qayta o‘tkazish to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Majlis yakunida sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi. Muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish