453

Turkiya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari Akademiyaga tashrif buyurdi

Ayni paytda Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonda amaliy safar bilan bo‘lib turibdi.

Bugun mazkur delegatsiya a’zolari belgilangan dasturga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi. Nufuzli mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Davronbek Maxsudov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Akademiya jamoasi, professor-o‘qituvchilari kutib oldi.

Dastavval qardosh mamlakatning 20 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, taniqli va yuqori ilmiy salohiyatga ega professorlardan iborat delegatsiya a’zolari Akademiyaning “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi noyob qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirdi. Majmuadagi tinchlik dini bo‘lgan islom dini tadqiq etilgan, noyob va nodir qo‘lyozmalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Zamonaviy va milliy uslubdagi “Manbalar xazinasi” bo‘limi o‘z bag‘riga islom olamining muhtasham va bebaho asarlarini jo qilganini alohida e’tirof etishdi.

Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi faxriy va hurmatli mehmonlar uchun ajratilgan – Esdalik kitobiga o‘zining samimiy tilaklari, dil so‘zlarini yozib qoldirdi. 

Tashrif davomida Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbalari ziyorat qilindi. Bu yerda yashab, faoliyat yuritgan aziz-avliyolar yodga olinib, xotirlandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati hamda Turkiya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Samimiy muloqotni Birinchi prorektor Davronbek Maxsudov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda tinchlik dini bo‘lgan islom dinining ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida mamlakatlarimiz hamkorlik rivojiga asosiy turtki berayotgan muhim omil sifatida ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlarni e’tirof etdi. 

Davra suhbatida ikki mamlakatning oliy ta’lim tizimlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining bugungi holati va uni yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlari muhokama etildi. Bu borada kelgusidagi vazifalar, ularni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlar rejasi haqida fikr almashildi.

Xususan, IT soha bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini kuchaytirish, Akademiyada turk tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlar almashildi. Bundan tashqari, Akademiya talabalari, yosh ilmiy tadqiqotchilari, professor-o‘qituvchilarning Turkiya oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishi, saboq berishi uchun grant ajratish, shu bilan bir qatorda Turkiya Respublikasining malakali mutaxassislarini o‘zbek oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritishini yanada rivojlantirish zarurligi bildirildi.

Uchrashuvda Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar o‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turishini ta’kidladi. Har ikki xalq ham turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar bo‘lib, ularning madaniyati, dini va urf-odatlari bir-biriga juda yaqinligini qayd etdi.

Tadbir davomida delegatsiya a’zolari so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya mamlakatlarining o‘zaro do‘stona munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini e’tirof etishdi. Jumladan, fan va ta’lim, madaniyat, ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani har ikki tomon uchun samarali ekanini ta’kidlashdi.

Muloqot yakunida mutasaddilar Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar hamda delegatsiya a’zolariga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrifi bilan yana bir bor muborakbod etishdi. 

O‘z navbatida mehmonlar ko‘rsatilgan iltifot va mehmondo‘stlik uchun samimiy tashakkur izhor etdi. O‘zbekiston va Turkiya Respublikasi o‘rtasida do‘stona munosabatlar yanada yuksalib, ikki mamlakat xalqlarining tinch-totuvligi bardavom bo‘lishini tilashdi.

Shu bilan Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi. 

Ta’kidlash joizki, delegatsiya a’zolarining mamlakatimizdagi amaliy safari davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish