535

Ma’rifatparvar merosi doimo e’tiborda

Mahmudxo‘ja Behbudiy – Turkiston jadidchilik harakatining yetakchisi, buyuk jamoat arbobi, mutafakkir alloma, yozuvchi va o‘zbek dramaturgiyasi asoschisidir. Ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda ma’rifatparvarning hayoti va ijodini o‘rganish hamda uni yoshlar orasida targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, ilmiy konferensiyalar, adabiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Bugun ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy tavallud topgan sana munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Mahmudxo‘ja Behbudiyning ilmiy-ma’rifiy merosi” mavzusida onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori Davronbek Maxsudov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Shavkat Mavlanov, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, behbudiyshunos olimlar, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirni Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan boshlab, 2020-yilning 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz tashabbusi bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy singari ma’rifatparvar bobolarimizning davlatimizning “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani milliy o‘zlikni anglash, hurriyat yo‘lida jon fido etgan bobolarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan cheksiz hurmatning amaldagi isboti ekani, bugungi shiddatli yangilanish jarayonlarida ularning fidoyiligi, ilmga, taraqqiyotga intilgani har jihatdan ibratli ekani yana bir bor ta’kidlandi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-ma’naviy faoliyati haqida qiziqarli ma’lumotlar berishdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori Saidakbar Agzamxodjayev “Jadidlarning ma’rifat va ta’lim-tarbiyani yangilashga qaratilgan faoliyati” mavzusida tinglovchilarga ma’ruza qildi. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy mamlakat taraqqiyotini nainki maktablar, balki teatr, adabiyot rivoji, bir necha tillardan, dunyoda kechayotgan voqeliklardan xabardorlik bilan ham uzviy bog‘lagani qayd etildi.

Shuningdek, davra suhbati davomida “Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya” sovrindori, “Islomshunoslik” fakulteti “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi rus guruhi 3-bosqich talabasi Anvar Mustafoyev tomonidan Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, ilmiy faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlar tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati bo‘yicha talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan taqdimotlar tanlovida ishtirokchilardan 40 dan ortiq ijodiy ishlar kelgani hamda tanlov natijalari va g‘oliblari professor-o‘qituvchilardan tuzilgan hakamlar hay’atining tegishli xulosasiga ko‘ra tez orada e’lon qilinishi ma’lum qilindi.

Davra suhbati yakunida talaba-yoshlar adib hayoti va ijodi, ilmiy-ma’naviy faoliyati bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan olimlarga murojaat qilishdi.

E’tiborlisi, o‘tkazilgan tadbir pandemik vaziyatdan kelib chiqib, uyda qolgan talabalar uchun onlayn translyatsiya qilindi.

Tadbir tashkilotchilari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodini chuqur o‘rganishga qaratilgan amaliy ishlar bardavom olib borilishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish