400

Yangi O‘zbekiston orzusi hayotiy ishonch va qudratga aylanmoqda

HARAKATLAR STRATEGIYASIDAN – TARAQQIYOT STRATEGIYASI SARI

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga bergan intervyusi

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi – XAVFSIZLIK, MILLATLARARO TOTUVLIK VA DINIY BAGʻRIKENGLIKNI TA’MINLASH HAMDA CHUQUR O‘YLANGAN, O‘ZARO MANFAATLI VA AMALIY TASHQI SIYOSAT SOHASIDAGI USTUVOR YO‘NALISHLAR sharhi

Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik – tinchlik va taraqqiyotimiz asosi

– Bag‘rikenglik va diniy erkinlik masalasi davlatimiz siyosatida muhim o‘rin egallaydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu borada, ayniqsa, so‘nggi yillarda tarixiy ahamiyatga molik ishlar amalga oshirildi. Sizningcha, yangilanayotgan O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishdagi ishlar, yaratib berilayotgan sharoitlar yurtdoshlarimizning o‘z diniy ibodatlarini emin-erkin ado etishi uchun qay darajada qulaylik yaratmoqda?

Sodiq TOSHBOYEV, 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi:

– Ulug‘ ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Buni Yangi O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-ma’rifiy sohalardagi tub islohotlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. 

Prezidentimiz tashabbusi va xalqimiz birdamligida qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi asosidagi yangilanishlar tom ma’noda xalqimiz hayotidagi farovonlik va mamlakat taraqqiyotida o‘z bo‘y-bastini ko‘rsata boshladi. 

So‘nggi besh yilda mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash, tinchlik-totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil hamda puxta o‘ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

E’tiborlisi, 2017-yil 19-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 2018-yili BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini yaratish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Hujjatda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni o‘rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka muhim ahamiyat qaratilgan. 

Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risidagi rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va e’tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma’rifat, ta’lim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir. 

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 2 ming 323 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritmoqda. Tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan noislomiy diniy tashkilotlarning 174 tasi xristianlik tashkiloti, 8 tasi yahudiylik jamoasi, 6 ta bahoiylik, 1 ta krishnachilik jamiyati va 1 ta buddaviylik ibodatxonasi, shuningdek, konfessiyalararo O‘zbekiston Bibliya jamiyati hisoblanadi. 2019-2020-yillarda noislomiy tashkilotlarning umumiy soni 191 taga yetgani ham O‘zbekistonda bag‘rikenglik va diniy erkinlik tamoyillari nechog‘liq ustuvor ahamiyat qaratilayotganidan darak beradi.

Dunyo sivilizatsiyasiga beshik bo‘lgan yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning boy ilmiy-tarixiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu, tabiiyki, necha asrlardan buyon islom diniga e’tiqod qilib kelayotgan xalqimizning diniy e’tiqodini mustahkamlash va ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishda dasturulamal vazifasini bajaradi.

Shu bois, eng avvalo, mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimi islohotiga ustuvor ahamiyat qaratildi. Bu bilan diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligi asosida ta’lim sifatini oshirish, diniy-ma’rifiy sohada malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi yaratildi.

Dastlab mazkur tizimning normativ-huquqiy asoslarini yaratish uchun 2017-2021-yillarda diniy-ma’rifiy soha islohotiga doir 42 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha faoliyatini tashkil etishda muhim huquqiy asos bo‘ldi. Shunga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida faoliyat yuritadigan jamoatchilik-maslahat organi hisoblanmish Konfessiya ishlari bo‘yicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. 

Yurtimiz azaldan ma’rifat markazi sifatida tanilgan. Shu bois, O‘zbekistonda ilmiy-ma’rifiy markazlar ham tashkil etilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida ko‘p asrlik ma’rifat xazinasini o‘zida mujassam etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda. Shuningdek, o‘tgan uch-to‘rt yilda Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy va Toshkentda Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozir ushbu markazlarda aniq fanlar qatorida hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh kabi ilmlar bo‘yicha chuqur tadqiqot va izlanishlar olib borilmoqda. Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Toshkent islom instituti va Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi singari oliy o‘quv yurtlarida ham yetuk malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

2018-yilda esa islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston islom akademiyasi va Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Akademiya tarkibidagi malaka oshirish markazi faoliyatiga qo‘shimcha ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida uning hududiy filiallari tashkil etilgani ham diniy ta’lim sohasida o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda.

Respublikamizda 2017-yilga qadar 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni mos ravishda 5 ta (3 ta islomiy va 2 ta noislomiy) hamda 10 taga yetdi.

Mazkur ta’lim muassasalarida islom ma’rifatini tarqatish, ajdodlarimiz boy ma’naviy merosini yanada chuqur o‘rganish borasida keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotchilik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xususan, so‘nggi besh yilda diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganishga oid 37 ta falsafa doktori (PhD) va 11 ta fan doktori (DSc) ilmiy dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilganini ham alohida qayd etish lozim. Zero, ushbu fondning asosiy vazifasi yurtimizning barcha hududlaridagi masjidlar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va shu kabi boshqa obyektlar rekonstruksiyasini moliyalashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda soha xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

O‘tgan qisqa davr mobaynida mazkur fond faoliyati bilan O‘zbekistonda 64 ta yangi masjid ochilib, umumiy soni 2 ming 104 taga yetdi. Bundan tashqari, mamlakat miqyosida 2017-2021-yillarda 261 ta jome masjid binosi butunlay qaytadan bunyod etilgan bo‘lsa, shu davr mobaynida yana 500 dan ziyod masjid kapital va joriy ta’mirlandi. Umuman olganda, masjidlarning chiroyli va qulay holatga keltirilishi bilan xalqimiz o‘z ibodatlarini xotirjam ado etmoqda. Bu kabi xayrli ishlar diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan ulkan e’tiborning natijasi, albatta.

Mustaqillik yillarida yurtimizdan 305 ming musulmon Saudiya Arabistoniga ziyorat uchun borgan bo‘lsa, ulardan 130 ming kishi haj, 175 ming kishi esa umra amalini bajarishga muvaffaq bo‘lgan. 2,5 ming xristian va yahudiy Isroil, Rossiya, Turkiya, Italiya, Gruziya va Yunoniston kabi davlatlarning muqaddas diniy qadamjolariga tashrif buyurgan.

Yana bir e’tiborli jihat: 2018-yildan e’tiboran umra ziyoratini yil davomida amalga oshirish belgilandi. 2019-yilning dekabr oyidan Toshkent – Jidda – Toshkent yo‘nalishida har kuni 2 tadan reys yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, 2020-yil fevral oyidan Toshkent – Madina – Toshkent yo‘nalishida ham aviaparvozlar tashkil etildi. Shunga ko‘ra, 2017-yilda umra ziyoratini 6 ming fuqaromiz ado etgan bo‘lsa, 2018-yilda ushbu diniy ziyoratni 16 ming, 2019-yilda 38 ming hamda 2020-yilning I choragida 28 ming yurtdoshimiz bajarishga muvaffaq bo‘ldi.

Haj ziyoratini tashkil qilishda ham so‘nggi to‘rt yilda o‘ziga xos yangiliklar bo‘ldi. E’tiborlisi, 2017-yili O‘zbekiston tarixida birinchi marta Prezidentimiz tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushining 150 qatnashchisi va ularning hamrohlari imtiyozli ravishda haj ziyoratini amalga oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Haj ibodatini bajarish kvotasi ham muvofiq ravishda 5 mingdan 7 ming 200 ga ko‘payishi natijasida 2017-2019-yillarda qariyb 21 ming 750 nafar musulmon yurtdoshimiz bu buyuk ziyoratga bordi.

– Shu o‘rinda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasining asl mohiyatini anglashga intilish kuchayganini ham e’tirof etish joiz. Bu, o‘z navbatida, ayrim hollarda islom diniga bo‘lgan noxolis qarashlarning ham oldini olishga xizmat qilayotgani ayon haqiqat. Shunday emasmi? 

– To‘g‘ri aytasiz. “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ezgulik timsoli sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlar konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e’tibor aholi o‘rtasida profilaktika va tushuntirish ishlariga qaratildi. Ushbu sohadagi barcha sa’y-harakatlar ana shu ezgu g‘oyaga asoslangan.

Diniy ekstremistik oqimlarga aloqador shaxslarni reabilitatsiya qilishning muhim qadamlaridan biri ularga nisbatan afv etish aktlarini qo‘llash bo‘ldi. 

O‘zbekistonda o‘tgan yillar davomida ekstremistik guruhlarga aloqadorligi uchun nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro maxsus hisoblardan chiqarildi. Shuningdek, 2019-2021-yillarda tashkil etilgan “Mehr” operatsiyasi doirasida Yaqin Sharqning jangovar harakatlar kechayotgan hududlaridan ayollar va bolalar Vatanimizga qaytarildi. Ularni jamiyatga qayta moslashtirish bilan bog‘liq tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shubhasiz, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bu kabi insonparvarlikka yo‘g‘rilgan ishlar dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha bosh komissari Zayd al-Husayn bugungi tahlikali zamonda O‘zbekistonda mavjud dinlararo va millatlararo totuvlik va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar turli davlatlar uchun o‘rnak bo‘lishga loyiq ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining muhim qismi bo‘lib kelgan. Muqaddas zaminimizda savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat markazlari hamisha taraqqiy etgan. Ularning rivojlanishida xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, o‘zga madaniyat vakillariga hurmat tuyg‘ulari asosiy omillardan bo‘lgani tabiiy. Shuning uchun ham bugungi kunda o‘lkamizda turli xalqlar urf-odat va an’analari o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanib bormoqda.

Shulardan kelib chiqib, Prezidentimizning diniy-ma’rifat sohasida yuritayotgan oqilona siyosati tom ma’noda dunyo mamlakatlarida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikning asosi bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 30-dekabr, 265-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish