518

Akademiyada Eron Islom Respublikasi elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hamid Nayerobodiy boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Davronbek Maxsudov, Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor Bahromjon Mamadiyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdi.

Uchrashuvda Akademiya rektori elchi janoblarining yurtimizdagi ishlariga muvaffaqiyat tilab, Akademiyada mehmon bo‘layotganidan mamnun ekanligini bildirdi. O‘zbekiston va Eron xalqlari ikki tilda so‘zlashuvchi bir millat ekanligini e’tirof etdi.

Muloqot davomida Muzaffar Komilov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Shu bilan birga Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berdi. 

Do‘stona kayfiyatda o‘tgan suhbat davomida elchi Hamid Nayerobodiy Akademiya rektorini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bilan samimiy tabriklab, Akademiya jamoasi hamda talabalariga muvaffaqiyat, tinchlik-xotirjamlik, ishlariga barokat yor bo‘lishini tiladi.

Hamid Nayerobodiy janoblari o‘z nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, bu borada O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Ta’lim, fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlash kerakligini ta’kidladi. Jumladan, oliy ta’lim va ilmiy-taqdiqot sohasidagi uzviy hamkorlik samarali bo‘lishini bildirdi. Akademiya va Eron Islom Respublikasidagi turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni o‘rnatish har ikki tomon uchun foydali ekanligini ta’kidladi.

Muloqot yakunida mutasaddilar Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hamid Nayerobodiyga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrifi bilan yana bir bor muborakbod etishdi.

O‘z navbatida elchi janoblari ko‘rsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondo‘stlikdan xursandligini bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar esdalik sovg‘alarini almashib, bir-birlariga hurmat ko‘rsatishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish