520

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining diniy-ma’rifiy yo‘nalishida amalga oshirgan ishlari

#SARHISOB-2021
 

So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada tizimli islohotlar amalga oshirildi. Bu yo‘lda benazir mehnat qilgan ajdodlarimizning ilmiy-ma'naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ulug‘ ajdodlarimiz nomlari bilan ataluvchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va uning huzuridagi tashkilotlarda ham soha rivoji hamda taraqqiyoti yo‘lida samarali ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, yakunlanayotgan 2021-yildagi faoliyat ham o‘ziga xos yutuqlarga boy bo‘ldi. 


IMOM MOTURIDIY XALQARO ILMIY-TADQIQOT MARKAZI

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida Markaz tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Xalqaro aloqalar yo‘nalishida

- Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami tashkiloti (ICESCO), Turkiyaning Anqara, Saljuq universitetlari, Qozog‘istonning “Fikr” diniy amaliy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, amaliy natijalarga erishilmoqda;

– Misr, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Malayziya, Rossiya va Qozog‘istonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan 9 ta davra suhbati, 16 ta ilmiy seminar hamda 1 ta xalqaro matbuot anjuman tashkil etildi;

– markaz faoliyatiga 2 nafar xorijlik yetakchi mutaxassis jalb etildi;

– dunyoning 23 nafar nufuzli moturidiyshunos olimlaridan iborat Xalqaro ilmiy hay’at tuzilib, uning ilk yig‘ilishi o‘tkazildi;

– Turkiyaning qo‘lyozma fondlaridan 50 mingga yaqin noyob asarlarning elektron nusxalari olindi;

– 1 nafar ilmiy xodim qo‘lyozmalarni tahqiq qilish sohasida malaka oshirish uchun Turkiyaga yuborildi, 15 nafar ilmiy xodim onlayn tarzda stajirovkadan o‘tdi.

Ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida

Buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga oid 4 ta kitob, 17 ta risola, mahalliy va xorijiy jurnallarda 100 ga yaqin maqola chop etildi.

Fundamental tadqiqotlar doirasida:

Imom Moturidiyning “Ta’vilotul Qur’on” asari 29-28-27-26 juzlari, Mulla Ali Qoriyning “Sharhul fiqhil akbar” asari, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi;

10 ta alloma hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan “Buyuk ajdodlarimiz” hamda Imom Moturidiyning hikmatlari jamlangan “Ta’vilotdan durdonalar” nomli xalqchil risolalar chop etildi.

Zamonaviy tadqiqotlar doirasida:

“Islom niqobidagi mutaassib guruhlar”, “Xalqaro islom tashkilotlari” nomli ma’lumotlar bazalari, “Mutaassiblikka qarshi moʻtadillik: metod va tahlillar” qo‘llanmasi hamda “Dolzarb raddiyalar” risolasi nashr etildi;

Markazning davriy nashri bo‘lgan “Moturidiylik” jurnali 1-2 sonlari chop qilindi.

2021-yil 16-iyunda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi.

Anjuman ICESCO, IRCICA xalqaro tashkilotlari, shuningdek, al-Azhar majmuasi (Misr), Saljuq universiteti (Turkiya), Malayziya islomni anglash instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda 250 dan ortiq olim va tadqiqotchilar, shu jumladan, 50 nafar xorijlik yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.

Targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishida

Respublika bo‘yicha “Vijdon erkinligining huquqiy asoslari”, “Ekstremizm va uning salbiy oqibatlari”, “Davlat va din munosabatining huquqiy jihatlari”, “Moturidiylik ta’limoti” kabi mavzularda 50 dan ortiq ma’naviy tadbirlar amalga oshirilib, 2 000 ga yaqin kishi qamrab olindi;

talabalar o‘rtasida “Imom Moturidiy izdoshlarimiz” tanlovi tashkil etildi. Unda 60 nafar talaba maqola, videorolik va infografika shaklidagi ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi;

teleradiokanallarda 100 ta ko‘rsatuv va eshittirishlar hamda intervyular efirga uzatildi, jumladan, 2021-yil davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga bag‘ishlangan 10 ta, xususan, Madaniyat va Ma’rifat telekanali “Bugunning gapi”, O‘zbekiston tarixi telekanali “Tarixiy savol”, “Mavzu”, “Xalq mulki”, O‘zbekiston 24 telekanali “Imom Moturidiy markazi – ilm-ma’rifat maskani” nomli ko‘rsatuvlar, Markaz tomonidan o‘tkazilgan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro onlayn simpozium haqidagi maxsus ko‘rsatuv O‘zbekiston tarixi telekanali hamda Madaniyat va Ma’rifat telekanali 2 ta  maxsus ko‘rsatuv efirga uzatildi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Dunyo bo‘ylab telekanali bilan hamkorlikda  Imom Moturidiy va Abul Muin Nasafiy nomli 2 ta hujjatli film tayyorlandi va efirga uzatildi.

O‘zbekiston tarixi telekanali bilan hamkorlikda Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limoti va Imom Moturidiy va uning izdoshi bo‘lgan allomalarning hayoti va ilmiy faoliyatiga (hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga) bag‘ishlangan 36 ta, jumladan, Imom Moturidiy nomli 12 qismli, Abul Muin Nasafiy nomli 8 qismli, Abu Hafs Nasafiy nomli 6 qismli, Burhoniddin Marg‘inoniy nomli 2 qismli, Abul Barakot Nasafiy nomli 8 qismli ko‘rsatuv efirga uzatildi. 

Mahalliy bosma nashrlarda 33 ta, internet nashrlarda 36 ta, chet el OAV hamda xalqaro tashkilotlarning internet sahifalarida 31 ta maqola e’lon qilindi;

ijtimoiy tarmoqlarda “Moturidiylik ta’limoti”, “Aqida matnlari sharhi”, “Umar Nasafiyning “Aqoid” asari sharhi”, “E’tiqod durdonalari”, “Qur’on ta’villari”,  “Dolzarb masalalar”, “O‘n mufassir” ruknlari ostida 90 ta videodars e’lon qilindi.

MALAKA OSHIRISH MARKAZI VA UNING MINTAQAVIY FILIALLARI

Boy intellektual meros, umumbashariy qadriyatlar bilan zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning muhim shartidir. Shu maqsadda kadrlar tayyorlash, ularning malaka va tajribasini oshirish masalasida ham samarali ishlar qilinmoqda. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallari tomonidan yuqorida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarning amaliy natijasi o‘z ifodasini topmoqda.

O‘quv-uslubiy ishlar

2021-yilda Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallari tomonidan jami 4 ming 60 nafar tinglovchilarning malakasi oshirildi. Shundan, Markaz va uning mintaqaviy filiallarida 144 soatlik “Islomshunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 311 nafar shundan, Markazda (Toshkent) 396 nafar, Qoraqalpog‘iston mintaqaviy filialida (Nukus) 104 nafar, Samarqand mintaqaviy filialida (Samarqand) 299 nafar, Surxondaryo mintaqaviy filialida (Termiz) 164 nafar, Namangan mintaqaviy filialida (Namangan) 348 nafar imom-xatib va imom noiblar hamda bosh imom-xatiblar uchun malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, Malaka oshirish markazida shartnoma asosida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi. Shundan, Otinoyilar (72 soat) 337 nafar, Imom noiblar (72 soat) 617 nafar, Bosh imom-xatiblar (72 soat) 430 nafar, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari (72 soat) 39 nafar, Ichki ishlar vazirligi xodimlari (72 soat) 149 nafar, Mudofaa vazirligi xodimlari (72 soat) 461 nafar, Milliy gvardiya xodimlari (72 soat)60 nafar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi (72 soat) 20 nafar, Raddiya guruhlari 123 nafar, Diniy-ma’rifiy sayt muharrirlari 70 nafar, O‘zbekistondagi ziyoratgohlar xodimlari 105 nafar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning hududiy boshqarmalaridagi mutaxassislari 260 nafar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida guvohnoma asosida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar 78 nafar tinglovchining malakasi oshirildi. Ushbu o‘quvlarning har biri uchun maxsus o‘quv rejalari ishlab chiqilib, rahbariyat tomonidan tasdiqlangan.

Ilmiy-tadqiqot ishlari

Markaz tomonidan “Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash asoslari”, “Yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash asoslari” nomli 2 ta o‘quv qo‘llanma,  “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash”, “O‘zbekistonda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda otinoyilarning o‘rni”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlarida jamiyat rivoji” nomli 3 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma nashr etildi. Shuningdek, “Qur’on va hadislarda ekstremistik g‘oyalarga raddiyalar”, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar” nomli kitoblar, “Qur’on va hadislarda ekstremizmga raddiyalar” nomli o‘quv qo‘llanmalar, “Refutations of extremist claims (Rejection of Extremism in the Qur’an and Hadith)” nomli monografiya nashr etildi. 

Malaka oshirish markazi direktori X.Axmedovning “Harakatlar strategiyasi va diniy-ma’rifiy islohotlar” nomli kitobi uchun “Intellektual mulk agentligi” tomonidan  2021-yil 21-dekabrda №004291 raqamli patent olindi.

Shuningdek, X.Axmedov tomonidan “Organization and legal basis of relations of the institute of mahallah with religious organizations in Uzbekistan”, “Social development and spiritual perfection” nomli maqolalari, Malaka oshirish markazi o‘qituvchisi M.Abdupattayev tomonidan “The entry and development of thescience “Usul al-fiqh” in Mawarounnahr” nomli maqola SCOPUS bazasidagi jurnallarda nashr etildi.

Markazning Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali direktori M.Majitov 2021-yilning 16-oktabr kuni 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo‘yicha “Postmodern jamiyatda inson shaxsi transformatsiyasining ijtimoiy-falsafiy muammolari” mavzusida, markazning katta o‘qituvchisi B.Muxtarov 2021-yilning 17-noyabr kuni 24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligi bo‘yicha “Nosiruddin Samarqandining al-annofe’ asari hanafiy fiqhiga oid muhim manba” mavzusida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalarni himoya qildi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar

Tinglovchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida respublikaning turli diqqatga sazovor joylari, mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq ko‘plab muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishtirib kelinmoqda. Jumladan, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Manbalar xazinasi, “Suzuk Ota” majmuasi, Hazrati Imom (Xastimom) majmuasi, Toshkent viloyatida joylashgan “Zangi Ota” majmuasi kabi yurtimizning diqqatga sazovor joylariga tashriflar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari “Gʻalaba bog‘i”, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va muzeylarga ham tashriflar amalga oshirilmoqda. 


“ZIYO” MEDIA MARKAZI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va 2019-yilning 14-yanvaridagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Malaka oshirish markazi va “Ziyo” media markazini tashkil etish hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga qarori ijrosi bo‘yicha “Ziyo” media markazi tomonidan 2019-2021-yillar tizimli ishlar amalga oshirildi.

2019-2020-yillar davomida “Ziyo” media markazida byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan radio va audio mahsulotlar tayyorlash uchun ovoz yozish studiyasi, montaj uchun zamonaviy telestandartlarga javob beruvchi, har bir montajchini boshqalardan alohida kabinalar bilan to‘sib turuvchi montaj xonasi qurildi va jihozlandi. 

Markazning barcha xonalari, shu jumladan, umumiy foydalanishda bo‘lgan koridor ta’mirdan chiqarildi. 1 ta muxbir mikrofoni, 1 ta yoqa mikrofoni, 1 ta telekamera obyektivi, 5 ta muharrirlar uchun noutbuk, 1 ta telekamera uchun muvozanat qurilmasi, studiya va xonalar uchun yoritish chiroqlari hamda qurilish materiallari hamda dezinfeksiyalash, shaxsiy gigiyena vositalari xarid qilindi.

Byudjet mablag‘lari hisobidan markazga 5 ta telekamera, 1 ta telesufler, 5 ta yoqa mikrofoni, 2 ta muxbir mikrofoni, onlayn radio va telekanal uchun xizmat qiluvchi 2 ta server, 1 ta serverni muvofiqlashtiruvchi kompyuter, 2 ta grafika kompyuteri, 2 ta montaj, 1 ta ovoz montaji uchun maxsus kompyuter, 1 ta maxsus noutbuk, 3 ta telekamera obyektivi, 1 ta telekommunikatsiya javoni, ovoz yozish studiyasi uchun professional 2 ta kolonka, 2 ta maxsus mikrofon, 10 ta kondisioner, xodimlar uchun zarur mebel, pavilon uchun zaruriy stullar, mebellar, 2 ta televizor, 1 ta uzluksiz energiya ta’minlovchi manba, 2 ta yuqori hajmdagi tashqi xotira yozish qurilmasi, 10 ta telekamera uchun xotira chiplari, 5 ta kamera tutqichlari, ovoz yozish studiyasi uchun aksessuarlar xarid qilindi.

2021-yilda media markaz moddiy-texnik bazasini rivojlantirish ishlari davom ettirildi. Xususan, telemahsulotlarni suratga olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tasvirga olish paviloni qurildi va zamonaviy standartlar asosida zaruriy jihozlar bilan ta’minlandi. 

Shuningdek, yuqori tinchlikda tasvirga olish imkonini beradigan yangi rusumdagi kameralar xarid qilindi. Shuningdek, telemahsulotlarni montaj qilishga mo‘ljallangan bir dona montaj kompyuteri va montaj jarayonida ishlatiladigan jihozlari sotib olindi. 

Markazning kadrlar masalasidagi mavjud muammolari, ya’ni malakali kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish yo‘lida ko‘rilgan choralar sababli, o‘z sohasini puxta egallagan jurnalistlar, teleoperatorlar, muharrirlar, montajchi injenerlar, rejissyorlar va boshqa mutaxassislar ishga jalb etildi. Markazda diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni tayyorlab, jamoatchilikka yetkazuvchi axborot guruhi tashkil etildi. 

“Ziyo” media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan boy diniy-ilmiy merosini keng targ‘ib qiluvchi, diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazuvchi asosiy media tuzilma sifatida shakllantirib borilmoqda. 

Media markaz 2020-yil mobaynida “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston 24” telekanallari orqali jami 257 ta diniy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar, maxsus reportajlar, lavha va roliklar, “O‘zbekiston”, “Navro‘z” va “Oriat dono” radiokanallari orqali 266 ta eshittirishning original va takroriy efir tarzida uzatilganini ta’kidlash mumkin. Markazning 2020-yilda “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston” telekanallari, “O‘zbekiston”, “Navro‘z”, “Oriat dono” radiokanallari hamda internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali efirga bergan, matn shaklida e’lon qilgan materiallari soni 800 ga yaqinni tashkil etdi.

2021-yilda “Ziyo” media markazi tayyorlagan media mahsulotlarning mavzusi, yo‘nalishi va qamrovi kengayganini ko‘rish mumkin.

Media markaz MTRK tizimidagi teleradiokanallar, nodavlat va xususiy teleradiokanallar, internet saytlari, YouTube, Facebook, Instagram, tik-tok, odnoklassniki, mover.uz, telegram kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali islom dinining insonparvarlik, bag‘rikenglik, tinchlik dini ekani, tarbiya, ilm-ma’rifat, odob-axloq, salomatlik, ota-onaga va ustoz-murabbiylarga munosabat, aqidada adashmaslik, mazhab, oila, yaxshilik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi mavzularni targ‘ib etuvchi ko‘rsatuvlar, eshittirishlar, reportaj va maxsus reportajlar, hujjatli, badiiy, ma’rifiy, ijtimoiy va tarbiyaviy roliklar, hujjatli badiiy filmlar tayyorlab efirga uzatdi. 

Shuningdek, “Ziyo” media markazi muntazam efirga uzatib kelinayotgan “Imom Buxoriy saboqlari”, “E’tiqod mustahkamligi yo‘lida”, “Ma’rifat ziyosi”, “Imom Buxoriy o‘gitlari”, “Ziyo chashmasi” ruknlarida tele va radiomahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib bermoqda. 

Ijtimoiy bayramlar, mashhur shaxslarning tavallud kunlari, muhim sanalar munosabati bilan roliklar, diniy-ma’rifiy va oliy ta’lim sohasidagi yangiliklar, tadbirlar, anjumanlardan muntazam ravishda reportajlar tayyorlanib MTRK tizimidagi telekanallarining axborot dasturlari orqali namoyish etilishi ta’minlanmoqda. 

2021-yili “O‘zbekiston” teleradiokanali orqali jami 130 dan ortiq tele mahsulot, jumladan, o‘ndan ziyod hujjatli va badiiy film, “E’tiqod mustahkamligi yo‘lida” va “Imom Buxoriy saboqlari” turkum ko‘rsatuvlarning 60 dan ziyod soni, “O‘zbekiston 24” telekanali axborot dasturlari uchun 100 ga yaqin lavha, reportaj va maxsus reportaj taqdim etildi. 

Markaz tomonidan tayyorlanayotgan ko‘rsatuv va eshittirishlar, lavha va maxsus reportajlar, videoroliklarning har birida mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar keng yoritilib, jahon va islom sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz merosini keng targ‘ib qilish, islom dinining asl mohiyatini ochib berish, bag‘rikenglik va tinchliksevarlik xislatlarini ulug‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Xususan, ajdodlarimizning islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan boy diniy-ilmiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida “Mahmudxo‘ja Behbudiy”, “Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy”, “Xoja Muhammad Orif Revgariy”, “Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy”, “Xoja Ali Romitaniy”, “Xoja Muhammad Boboyi Samosiy”, “Xoja Sayyid Amir Kulol”, “Xoja Bahouddin Naqshband” hujjatli filmlari suratga olindi. 

“O‘zbekiston”, “Oriat dono”, “Navro‘z” radiokanallarda diniy-ma’rifiy mavzuda jami 150 dan ziyod turkum eshittirish tayyorlanib, efirga uzatilishi ta’minlandi. 

“Ziyo” media markazi faoliyatida Ramazon oyi muhim ahamiyat kasb etadi. Markaz ijodkorlari 2021-yilgi Ramazon mavsumida efir vaqti 101 soatni tashkil qiluvchi “Ramazon tuhfasi” dasturini tayyorladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston telekanalida 15 ta ko‘rsatuv, O‘zbekiston, “Navro‘z” va “Oriat dono” radiokanallarida 30 tadan radio eshittirish original tarzda efirga uzatiladi. Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi bilan hamkorlikda ingliz tilida Quvayt milliy telekanalida “Imom Buxoriy yurtida ramazon shukuhi” nomli film namoyishi tashkil etildi. 

NASHRIYOT-MATBAA BIRLASHMASI

Nashriyot-matbaa birlashmasi 2003-yilda tashkil topgan bo‘lib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tarkibida faoliyat ko‘rsatadi hamda o‘zini moliyaviy ta’minlash, xarajatlarini o‘zi qoplash asosida ish olib boradi. Hozirda 16 nafar xodim faoliyat yuritayotgan nashriyotda 15 dan ortiq moddiy texnikalar mavjud.

2018-yilda Nashriyot-matbaa birlashmasi tomonidan 792,8 million. so‘mlik ishlar bajarilgan.

2019-yilda NMB tomonidan 1,5 milliard. so‘mga yaqin matbaa mahsulotlarining 315 ming adadga  yaqini tayyorlangan. Asosiy buyurtmachilar xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

2020-yilda 2,2 milliard. so‘mga yaqin ishlar bajarildi, jumladan, 65 nomdagi kitoblar, jami 285 ming adadda chop etildi. Asosiy buyurtmachilar davlat sektori hissasiga to‘g‘ri keladi.

2021-yilda qilingan ishlar

2021-yilda 922,3 million. so‘mga yaqin ishlar bajarildi, jumladan, 100 nomdan ortiq matbaa mahsulotlari, jami 228,1 ming adadda diniy-ma’rifiy, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar va boshqa adabiyotlar chop etildi. Shuningdek, Akademiyaning 11 nomdagi 29 ming adadda jami 25,4 million. so‘mlik matbaa mahsulotlari tayyorlab berilgan.

NMBdagi texnikalar asosan kitob mahsulotlariga mo‘ljallangan. Yillik ishlab chiqarish quvvati 600 ming adaddagi kitoblar. Nashriyotda kitoblarga katta urg‘u qaratilgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatini yildan yilga ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Nashriyot matbaa birlashmasida Buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan 14 nomdagi, Yetti pir allomalari haqida ma’lumot beruvchi 9 nomdagi xalqchil, ommabop risolalar to‘plami orginal-maket ishlari tugatildi hamda 10 nomdagi diniy-ma’rifiy kitoblarni nashrga tayyorlamoqda.

Keyingi yilga rejalashtirilgan asosiy maqsadlardan biri, O‘zbekistondagi ko‘zi ojizlar uchun kitob ishlab chiqaruvchi texnikalarni xomiylik va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan sotib olish hamda Brayl yozuvidagi maxsus kitoblarni ko‘paytirish.

Mazkur rejalashtirish loyiha amalga oshirilsa, Brayl yozuvidagi kitoblar uchun yurtimizdagi barcha OTMlarning buyurtmalarini jalb qilinib, ishlab chiqarish faoliyatini yanada kengayishi ko‘zda tutilgan.

“ISLOM ENSIKLOPEDIYASI” BO‘LIMI

2019-yil so‘nggi choragida “Islom ensiklopediyasi” 1-jildi tayyorlanib nashr etildi. 2020-yil 26-oktabrda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida “Islom ensiklopediyasi” 1-jildining onlayn taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu konferensiyada Oliy ta’lim tizimidagi tashkilotlar va boshqalardan 400 dan ortiq mutaxassis ishtirok etdi. Konferensiya “O‘zbekiston 24” telekanali orqali yoritildi.

2020-yilda 2-jild so‘zligi birlamchi varianti ishlab chiqildi. Ensiklopediyaning 2-jildi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zR FA Sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari tomonidan tayyorlanmoqda.

Ensiklopediyaning 2-jildi uchun 226 ta rasm ishlandi, ensiklopediyaning 500 betdan iborat 2-jildi to‘liq yakunlanib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborildi. Hozirda tahrir hamda sahifalash ishlari davom etmoqda

Ensiklopediya materiallarini mahalliy ulamolar, qadamjolar va asarlar haqidagi ma’lumotlar bilan boyitish maqsadida mahalliy mualliflar guruhi shakllantirildi. Hozirda hamkorlikda hududlardagi olimlar, ziyoratgohlar haqida manbalar o‘rganilib, tahrir qilinmoqda. Shu kungacha 200 ga yaqin ziyorat obyektlari, rasmlar, geopozitsiyalar olindi.

“O‘zbekistondagi ziyorat obyektlarini o‘rganish” qo‘llanmasi tayyorlandi. Ensiklopediyaning 2-jildi uchun bo‘lim xodimlari tomonidan 470 betdan iborat 138 ta maqola yozildi. 50 dan ortiq rasm, xarita va bezaklar topilib, retush qilindi va ensiklopediya talablariga moslashtirildi.

Ensiklopediyani yaratishda Saudiya Arabistoni diniy arbobi Shayx Somiy Mag‘lus bilan amaliy hamkorlik o‘rnatildi. Ozarbayjon Respublikasi Ozarbayjon ilohiyot instituti islomshunos olimi Niyazov Ahmed Seyful o‘g‘li bilan aloqa bog‘landi.

“Islom ensiklopediyasi”da mahalliy ma’lumotlarni ko‘paytirish, xorijda saqlanayotgan madaniy meroslarimiz haqidagi ma’lumotlarni kengroq aks ettirish maqsadida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati raisi rahbari F.Abduxoliqov bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

AXBOROT XIZMATI

2021-yil mobaynida Axborot xizmati (Matbuot kotibi hamda OAV va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi) tomonidan respublika markaziy ommaviy axborot vositalarida diniy-ma’rifiy yo‘nalishda 2 ming 505 ta maqola, xabar va yangiliklar nashr etildi. Jumladan, 1099 xabar, 450 kengaytirilgan xabar, 724 maqola (174 gazeta va jurnal, 550 internet saytlari, ijtimoiy-tarmoqlarda) 232 videolavha, reportaj, eshittirish, ko‘rsatuv.

Xorijiy nashrlarning nufuzli gazeta va jurnal, telekanal, internet nashrlarida joriy yilning o‘zida 100 dan ortiq materiallar e’lon qilindi.

Materiallarda diniy-ma’rifiy sohaga oid maqolalar, Akademiyada o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy va xalqaro tadbirlar, “Mahorat darslari”, uchrashuvlar, davra suhbatlari, anjumanlar keng yoritilgan.

Xususan, Ommaviy axborot vositalarida: Televideniye yo‘nalishida — 145 marta, Radiokanal yo‘nalishida — 87 marta, Matbuot yo‘nalishida (gazeta-jurnallar) — 174 marta, Internet nashrlari yo‘nalishida (veb-saytlar, ijtimoiy-tarmoqlar — telegram, facebook, YouTube, instagram) — 2099 marotaba chiqishlar qilindi.

Akademiya rasmiy veb-sayti reytingi 2021-yilda mahalliy 84 ta OTM sayti orasida 21-o‘rinni (2020-yil 92 ta OTM sayti orasida 24 o‘rinda), xalqaro dunyoning nufuzli ta’lim muassasalari orasida esa 2021-yilda 30 mingta sayt orasida 13625-o‘rinni (2020-yil 30 mingta sayt orasida 14068 o‘rinda) egalladi.

Akademiya rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarining obunachi va kunlik (o‘rtacha) foydalanuvchilari 2021-yil holatiga ko‘ra 20504 taga (iiau.uz 11720, telegram 4185, facebook 1386, YouTube 1230, instagram 1983) yetkazildi.

Akademiya rasmiy veb-sayti o‘zbek, rus, ingliz, arab tillarida yuritiladi. Bosh sahifada “Akademiya”, “Interaktiv xizmatlar”, “Faoliyat”, “Xalqaro”, “Media”, “Talabalarga”, “Abituriyentlarga” kabi 7 ta asosiy rukn mavjud. Shuningdek, “Yangiliklar”, “E’lonlar”, “Ziyo” media ko‘rsatuvlari”, “Xalqaro hamkorlik”, “Xorijiy xabarlar”, “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishidagi ishlar”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” singari 7 ta bo‘lim bor.

Diniy-ma’rifiy sohadagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazish borasida 17ta dan ortiq loyihaviy mavzular shakllantirilgan bo‘lib, material tayyorlashda matbuot xizmati OAV, Akademiyada tuzilgan ijodiy jamoalar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatgan. “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy — ma’rifatparvar alloma”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Bag‘rikenglik — oliy qadriyat”, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, “O‘zbekiston — buyuk allomalar yurti”, “Tinchlik — bebaho ne’mat”, “Uchinchi Renessansni birga barpo etamiz”, “Millat fidoyilari”, “Munosiblik oliy mezon”, “Ziyorat turizmi”, “Ona tili — milliy g‘ururimiz”, “Munosabat”, “Xorijiy xabarlar”, “Manbashunoslik va hadisshunoslik darg‘asi”, “Noyob tuhfa”, “Manbalar so‘zlaganda” kabi loyihaviy mavzularda materiallar tayyorlanib jamoatchilik e’tiboriga havola qilinmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Axborot xizmati (Matbuot kotibi hamda OAV va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi) tomonidan yil davomida akademiyada o‘tkazilgan barcha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar akademiya rasmiy veb-sayti hamda boshqa OAVda muntazam ravishda yoritib borildi. 

Ushbu tadbirlar respublikaning yetakchi telekanallari, internet saytlari, radio, gazeta va jurnallarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda tayyorlandi va yoritildi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda qator oliy ta’lim muassasalarining Matbuot xizmati, OAV va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limlari bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

Respublikadagi barcha OAV bilan muntazam faoliyat olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, qator gazeta va jurnallar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan.

Akademiya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha jabhalar qamrab olinib, keng jamoatchilikni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatiga oid ishonchli ma’lumotlardan o‘z vaqtida xabardor qilish ishlari ko‘rilmoqda.

Axborot xizmati “Diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali faol yoritish” bo‘yicha yilda 2 marta I-II-yarim yillik uchun ishlab chiqilgan media-rejaga asosan o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Hozirda Axborot xizmati (Matbuot kotibi hamda Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi) tomonidan yangi 2022-yil I-choragi uchun “Diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali faol yoritish” bo‘yicha media-reja ishlab chiqilmoqda. 

Bundan tashqari Akademiyada tuzilgan ijodiy jamoalar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, hamkor OAV vakillari, jurnalist va blogerlar, xodimlar, talabalar, Akademiya rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari obunachilari, keng jamoatchilik fikr-mulohazasi, tashabbus va takliflarini o‘rganib chiqqan holda, bugungi tezkorlik bilan jadallashib borayotgan axborot asrida eng qaynoq, muhim va dolzarb, keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lib turgan, qiziqarli, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy ahamiyati yuqori, ayni kuning yangiligi bo‘lgan, diniy-ma’rifiy soha, Akademiya faoliyati bilan bog‘liq yangi mavzularda loyihalarni ishlab chiqish hamda kelgusi 2022-yildan boshlab amaliyotga tatbiq etish borasida ishlar olib borilmoqda.

 

Davronbek MAXSUDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori,

Tarix fanlari doktori.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish