O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirgan ishlari
SARHISOB — 2021
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan har jihatdan o‘z maqomiga munosib bo‘lish hamda xalqaro miqyosda yetakchi o‘rinlarni egallash uchun tub burilish qilindi. Xususan, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari sezilarli kengaydi. Natijada akademiya professor-o‘qituvchilari, yosh ilmiy tadqiqotchilarining xalqaro konferensiya, ilmiy seminarlar hamda xalqaro grantlardagi ishtiroki faollashib, xorijlik professor-o‘qituvchilar, talabalar, doktorant va ilmiy-tadqiqotchilarning akademiya o‘quv jarayoniga jalb etilishi tufayli yurtimizda ilmiy-tadqiqot olib borish ko‘rsatkichi yildan-yilga o‘smoqda.
Ilm-fan sohasidagi hamkorlik
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yevropa, Afrika va Osiyodagi 14 mamlakatning 37 ta nufuzli oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshirib kelmoqda. E’tiborlisi, mazkur hujjatlarning 32 tasi akademiya xalqaro maqomga ega bo‘lgach, imzolanib, hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, o‘tgan qisqa vaqtda Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari ilmiy-tadqiqot instituti, Rossiya islom instituti, Qozon Federal universiteti xalqaro munosabatlar instituti, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi Islomshunoslik tadqiqotlar markazi, Bolgar islom akademiyasi, Germaniyaning Leybnis zamonaviy sharqshunoslik markazi (ZMO), Berlin Erkin universiteti, Myunster universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij Markaziy Osiyo forumi, Saudiya Arabistonidagi Islom tadqiqot va ta’lim instituti (IRTI), Yaponiyaning Aichi san’at universiteti, shuningdek, Turkiyaning 5 ta, Indoneziyaning 3 ta, Malayziyaning 4 ta, Qozog‘istonning 3 ta dunyo reytingida yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan mustahkam ilmiy-pedagogik hamkorlik o‘rnatildi. Bu o‘rinda Inha universiteti hamda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti amaliy matematika va informatika fakultetining Toshkent shahridagi filiallari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilganini ham aytib o‘tish zarur.
Ayni paytda Ozarbayjon ilohiyot instituti, Bolgar islom akademiyasi (Rossiya), Saljuq, Istanbul va Anqara (Turkiya), Malayziya islom ilmlari (Malayziya), Aichi san’at (Yaponiya), Nur-Muborak Misr madaniyati, Sulton Sharif Qosim RIAU (Qozog‘iston), Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA), Islom taraqqiyot banki, ICESCO, UNESCO, TIKA, KOIKA, JICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlik aloqalari muntazamlik kasb etib ulgurdi.
Hozir bu boradagi ishlar uzluksiz davom ettirilib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bir necha loyihalar ustida ish olib bormoqda. Xususan, islom dini va dunyoviy fanlarning o‘qitilishi bo‘yicha dunyoda o‘z nufuziga ega bo‘lgan Misrning Tanta, al-Miniya, Iskandariya universitetlari, Qatarning Qatar universiteti, Qatar islom san’ati muzeyi, Qatar Milliy kutubxonasi kabi muassasalar bilan memorandum va kelishuv loyihalari tayyorlandi hamda muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Akademiyaga 2018-2021-yillar davomida Yevropa, Afrika, Amerika, Avstraliya va Osiyo qit’alarining 20 dan ortiq davlatidan 110 ga yaqin tashrif va murojaatlar bo‘ldi. Ushbu tashrif asnosida o‘sha mamlakatlardagi bir necha universitet, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini bog‘lash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar ilmiy safarlarda
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, doktorant va talabalari dunyoning o‘ndan ziyod mamlakatidagi nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlariga ilmiy, amaliy safarlar uyushtirdi. Bu safarlar akademiyani xorijda tanitish va taqdimotini o‘tkazish, xalqaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, nufuzli konferensiya va seminarlarda qatnashish, professor-o‘qituvchilarning xorijda malaka oshirishi, magistr va doktorantlarning ilmiy-tadqiqot o‘tkazishi maqsadida tashkil etildi.
Xususan, Akademiya ilmiy tadqiqotchilari Turkiyaning Islom tadqiqotlari markazi, Buyuk Britaniyaning NILE (Norwich Institute for Language Education) til o‘qitish instituti hamda Malayziya islom ilmlari universiteti bilan tuzilgan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida yurtimizga taalluqli noyob qo‘lyozmalarni tadqiq qilish bilan birgalikda xorijlik talabalarga mahorat darslari o‘tib, amaliy tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Akademiya — xalqaro konferensiya va seminarlar mezboni
Akademiyaning xalqaro maydondagi imijini oshirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar malakasi, tajribasini oshirish maqsadida yurtimizda ham xalqaro konferensiya, seminar va treninglar tashkil etish an’anaviy tus olgan.
E’tiborlisi, bu kabi o‘zaro muloqotlarda dunyoga taniqli islomshunos, dinshunos olimlar hamda jamoatchilik vakillari bugun dunyoda global bo‘lib turgan muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida islom ma’rifatining ahamiyati xususida fikr almashib, yangi ilmiy-tadqiqotlar natijasi bilan o‘rtoqlashayotgani ilm-fan taraqqiyotiga asos bo‘lmoqda.
Yana bir jihat: O‘mon sultonligining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Bag‘rikenglik, o‘zaro anglashuv, birdamlik va totuvlik” mavzusida xalqaro ko‘rgazma asnosida akademiyada O‘mon sultonligi xonasi tashkil etilib, zamonaviy o‘quv vositalari bilan jihozlandi.
Akademiyaning xalqaro hamkorligi doirasida nufuzli xorijiy tashkilotlar bilan birga kafedralar tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2019-yilda ikkita — “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” hamda “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedralari tashkil qilindi. Bunga qadar esa “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO kafedrasi” va “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO kafedrasi” faoliyat yuritib kelayotgan edi. Ahamiyatlisi, mazkur kafedra to‘liq ICESCO tomonidan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Hozir mazkur kafedrada respublikamiz arab tili o‘qituvchilari uchun mahorat darslari tashkil etib kelinmoqda. Ushbu kafedralarning xalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan xorijiy ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlangani esa, yoshlarning dunyo ilmiy manbalaridan foydalanib, o‘z ilmiy-tadqiqotlarini boyitishga qulaylik yaratgan.
Ma’lumki, 2020-yilda butun dunyoda bo‘lgani kabi koronavirus pandemiyasi yurtimiz ta’lim dargohlarining ham bir muddat yopilishi va yangi o‘quv yilining onlayn tartibda davom ettirilishiga sabab bo‘ldi. Shunga ko‘ra, onlayn o‘quv dasturlarini yaratish va o‘quv jarayonini videomateriallar bilan boyitish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va IСESCO o‘rtasidagi kelishuv asosida zamonaviy mediauskunalar olinib, bugun ulardan samarali foydalanilmoqda. Shuningdek, akademiyaning bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan 6 nafar iqtidorli talabasi IСESCO xalqaro tashkilotining maxsus stipendiyasi sohibiga aylandi.
Joriy yilda Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 46-yillik anjumani doirasida ham O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ITB vakillari o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolanib, “Smart room” tashkil etish bo‘yicha akademiyaga homiylik yordami ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Xorijlik professor-o‘qituvchilar akademiyada
Akademiyaning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida xorijlik professor-o‘qituvchilarni o‘quv jarayoniga jalb etish ishlari muntazam amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgandan so‘ng 2018-2021-yillarda Misrning Al-Azhar, Turkiyaning Anqara, Malayziyaning islom ilmlari, Germaniyaning Myunster universitetlari, Rossiyaning Bolgar islom akademiyasi, Rossiya islom instituti kabi islomshunoslik fani bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqot muassasalarining jami 100 nafardan ortiq xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislari ta’lim jarayoniga jalb qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ham 70 nafar professor-o‘qituvchisi xorijiy OTMlarda o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Xorijiy talaba, doktorant va ilmiy-tadqiqotchilar faoliyat
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon hamda Afg‘onistondan jami 30 nafar xorijlik talaba ta’lim olish bilan birga, ilmiy-tadqiqot olib bormoqda. Bu o‘rinda 2019-yilning birinchi yarmida Malayziya islom ilmlari universiteti dotsenti Muhammad Yusuf Xolid va Avstriya fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Paolo Sartori akademiyada ilmiy tadqiqot olib borib, uni muvaffaqiyatli yakunlaganini alohida ta’kidlash joiz.
2019-2020 o‘quv yilidan boshlab akademiyaning bir nafar magistranti Fransiya davlati granti asosida mamlakatning Eks-Marsel universiteti magistraturasida “Arab musulmon va homiy-somiy xalqlar dunyosi” yo‘nalishida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Hozirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining xalqaro miqyosda imijini oshirish, ilmiy salohiyatini namoyish etish orqali xorijlik fuqarolarni o‘qishga keng targ‘ib qilish maqsadida ta’lim muassasasi rasmiy veb-sayti — www.iiau.uz yangilandi. Jahon standartlariga moslashtirilgan saytda xorijlik abituriyentlar uchun keng ma’lumotlar qo‘yildi. Sayt orqali xorijdan virtual bog‘lanish, onlayn ariza topshirish, video va fotogalereya yuklash, elektron kutubxonadan foydalanish imkoniyati yaratildi. Ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy bloglar tashkil qilindi. Hozir akademiyada tahsil olish istagini bildirgan xorij fuqarolari masofadan turib, elektron tarzda hujjat topshirishi va akademiyaga kirish suhbatidan o‘tishi mumkin.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi xalqaro Times Нigher Education (THE) reyting agentligining 2021-yilgi “Impact Rankings” reytingida dunyodagi yetakchi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatidan o‘rin oldi. Bunda Birlashgan Millatlar tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) (Sustainable Development Goals (SDGs))ni amalga oshirishda qanchalik muvaffaqiyatga erishganligiga baho beriladi. Mazkur reytingda 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 11 tasi bevosita oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga bog‘liqdir.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida amalga oshirilgan ishlarning dastlabki samarasi sifatida qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha nufuzli mingta oliy o‘quv yurti qatorida qayd etildi. Bu borada joriy yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan e’lon qilingan Milliy reytingda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Oliy ta’lim muassasalalari umumiy reytingida yetakchi 10 ta, ilmiy salohiyat va ijtimoiy-gumanitar soha OTMlari reytingda eng yuqori 5 ta ta’lim muassasasidan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida yurtimizda oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Unga ko‘ra, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Shu bois, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham xalqaro reyting agentliklari ro‘yxatidan joy olish uchun puxta ishlangan reja asosida ish olib borilyapti. Chindan ham jamiyat taraqqiyoti, millat farovonligi hamisha yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yangi kadrlarga bog‘liq bo‘lgan. Bugun yurtimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani, ilm-fan, ma’rifat sohasi vakillari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani quvonarlidir. Zero, har qanday jamiyat kelajagi zamonaviy bilim olgan, keng dunyoqarashga ega yoshlarga bog‘liq.
Bahromjon MAMADIYEV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish