427

Toshkent shahar hokimligi Akademiya o‘qituvchilarini taqdirladi

Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy, axborot kommunikatsiya sohalaridagi o‘zgarishlar, turli mafkuralar to‘qnashuvi keskin tus olmoqda. Bunday vaziyatda fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Shu bois, joriy yil mobaynida Toshkent shahar hokimligi tomonidan poytaxt aholisini qadimiy boy tariximizdan boxabar qilish, ona-Vatanimizga bo‘lgan muhabbat, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish maqsadida soha mutaxassislari bilan “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlarda ishtirok etgan ekspertlar yurtdoshlarimizga hayotiy misollar, turli ibratli hikoyatlar orqali o‘z fikr-mulohazalarini yetkazishdi. Uchrashuvlarda milliy o‘zligimiz, asriy qadriyatlarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi xurujlar, diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlaridan xabardor bo‘lishlari kerakligi ta’kidlandi.

Kuni kecha shu kabi tadbirlarda ishtirok etgan, Toshkent shahrining ijtimoiy-ma’naviy muhiti sog‘lomlashtirishga qo‘shgan hissasi va ma’rifiy tadbirlardagi faol ishtiroki uchun bir guruh mutaxassislar taqdirlandi.

Taqdirlanganlar safida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi Saidafzal Saidjalolov, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi doktoranti Jahongir Meliqo‘ziyevlar ham bor. Akademiya o‘qituvchilari va doktorantiga Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashakkurnoma topshirilib, minnatdorlik bildirildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi o‘qituvchilarimizni muborakbod etadi. Vatanimiz, yurtdoshlarimizga xizmat qilishdek sharafli ishlariga muvaffaqiyat tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish