Muzaffar Komilov: “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi ICESCOning dunyodagi eng namunali va faol kafedrasi bo‘ladi
Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha islom tashkiloti ICESCOning XIV Bosh konferensiyasi yakunlandi.
Mazkur anjumandan so‘ng Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning ICESCO Bosh kotibi, doktor Salim al-Malik bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Samimiy muloqot davomida Muzaffar Komilov ICESCO Bosh kotibi, doktor Salim al-Malikni anjumanning muvaffaqiyatli o‘tgani bilan qutlab, esdalik sovg‘alarini topshirdi. Uchrashuvda Akademiya rektori O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida faoliyat olib borayotgan “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi samarali faoliyat yuritib, yoshlarning chuqur bilim olishida muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, Akademiyadagi mazkur kafedra ICESCO tashkiloti tomonidan dunyoning boshqa oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan ICESCO kafedralari o‘rtasida eng namunali bo‘lishini ta’kidladi.
O‘z navbatida Bosh kotib o‘zaro hamkorlikdan mamnun ekanini bildirib, kelajakda ta’lim va ilmiy sohadagi aloqalarni yanada mustahkamlash asosiy maqsadlardan ekaniga yana bir bor e’tibor qaratgan holda dunyoning turli oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan ICESCO kafedralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va sog‘lom raqobat muhitini yaratish taklifini ma’qulladi va uni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda dunyodagi 18 ta oliy ta’lim muassasasida ICESCO kafedrasi tashkil etilgan. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi musulmon dunyosidagi ta’lim, ilm-fan, madaniyat tarixi hamda ularning hozirgi paytdagi holatini o‘rganib, ular haqida talabalarga mufassal bilim berib kelmoqda.
Konferensiyadan so‘ng ICESCO tashkilotining Fan va texnologiya bo‘limi boshlig‘i, professor Rahel Qamar hamda ICESCO texnologiyalari maslahatchisi, doktor Muhammad Sharif bilan muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda kosmik tadqiqotlar, bilimlar, islom dunyosi mamlakatlarida kosmik tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari haqida so‘z bordi. ICESCO vakillari samo ilmlarini o‘rganish O‘zbekistonda tarixan rivojlangani, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mazkur sohaga e’tibor yanada ortganligini alohida e’tirof etishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori yurtimizda kosmik ilmlarni o‘rganish bir necha asrlardan beri davom etib kelayotgani, al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ajdodlarimiz bu soha rivojiga katta hissa qo‘shganliklarini ta’kidladi. Barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida bu yo‘nalishga ham davlat rahbari tomonidan alohida e’tibor berilayotgani qayd etildi.
Darhaqiqat, yurtimizda kosmik faoliyatni rivojlantirishga Prezidentimiz tomonidan alohida e’tibor berilmoqda. Xususan 2019-yil 30-avgustda “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida” Prezident farmoni asosida “O‘zbekkosmos” agentligi tashkil etilgan. Bu esa mazkur sohaga yoshlarimizning qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Muloqot yakunida hamkorlik aloqalarini bundan-da kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish