422

Salim al-Malik: Al-Xorazmiy qo‘yib bergan poydevor bugun muhtasham majmuaga aylandi

Qohira shahrida ICESCO tashkilotining XIV Bosh konferensiyasida so‘zga chiqqan ICESCO tashkiloti Bosh kotibi Salim al-Malik raqamli texnologiyalar, kosmik tadqiqotlar rivojida yurtimiz allomalari, xususan, Al-Xorazmiyning beqiyos hissasi borligini alohida e’tirof etdi.

Tashkilotning XIV Bosh konferensiyasida Bosh kotib Salim al-Malik o‘z nutqida “Bugungi raqamli texnologiyalar rivoji, ayniqsa, fazo ilmlari, kosmik tadqiqotlar taraqqiyoti uchun insoniyat, eng avvalo, Al-Xorazmiyga ta’zim qilishi kerak. Zero, VIII-IX asrda yashagan qomusiy alloma Al-Xorazmiy bobomizning ilm-fandagi kashfiyotlari va u kishi qo‘ygan mustahkam poydevor bugungi kunga kelib, muhtasham majmuaga aylandi”, deya qayd etdi.

Shu bilan birga konferensiyaning ochilish marosimida Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy janoblari ham ishtirok etib, o‘z nutqida “Bugungi kunda yoshlar tarbiyasi, ilm olish uchun islom diyorlarida ham e’tibor yanada oshmoqda. Zotan, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning ilm-fan sirlarini o‘rganishi yorug‘ kelajakka poydevordir. Shu bois bizning taraqqiyotimiz raqamli texnologiyalardadir. Bosh kotib Salim al-Malik ham e’tirof etganidek, al-Xorazmiy kabi allomalarimizning buyuk xizmatini unutmasligimiz va ularga munosib bo‘lmog‘imiz kerak”, deb alohida ta’kidlab o‘tdi.

Misr Arab Respublikasi Prezidenti hamda nufuzli tashkilot rahbari tomonidan bildirilgan ushbu e’tiroflar har bir yurtdoshimizni faxrlantiradi, albatta. O‘z navbatida yoshlarimizning bilim olish yo‘lida bardavom bo‘lishlari, ajdodlarga munosib avlod bo‘lib voyaga yetishlari mas’uliyatini ham yuklaydi.

Shu ma’noda, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ustuvor maqsadi asosida ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugungi yosh avlodning zamonaviy ilm-fan va diniy-ma’rifat sohasidagi bilimlarni chuqur egallab, buyuk ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlariga xizmat qilishi shubhasiz.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish