Akademiya rektori ICESCOning XIV Bosh konferensiyasida nutq so‘zladi
Xabaringiz bor, Qohira shahrida ICESCO tashkilotining XIV Bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol qatnashdi.
Nufuzli anjumanda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov nutq so‘zladi.
Akademiya rektori o‘z nutqida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim tizimiga katta ahamiyat qaratilayotganligini ta’kidladi. Innovatsion texnologiyalar, axborot texnologiyalari, koinotni o‘rganish, sun’iy intellekt kabi ilm-fanning zamonaviy yo‘nalishlarida ham ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilayotganini alohida e’tirof etdi. Buning uchun respublikamizning barcha hududlarida eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan IT parklar, ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlar tashkil etilganini qayd etdi.
Bundan tashqari, ma’ruzada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda IСESCO tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. IСESCO tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi tashkil etilgani yoshlarning arab tilini chuqur o‘rganishiga va buning natijasida buyuk allomalarimizning qadim noyob kitoblarini tadqiq etishida muhim ahamiyat kasb etayotgani e’tirof etildi.
Shu bilan birgalikda madaniy meros masalalari, yurtimizda saqlanayotgan 100 mingdan ortiq qo‘lyozma va toshbosma asarlar orasida astronomiya yo‘nalishida turli tillarda 200 dan ortiq qo‘lyozma asarlarini hozirgi kundagi zamonaviy ilm-fanlar bilan uyg‘unlashtirish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidladi.
Akademiya rektori o‘z nutqida yurtimizda islom dinini ilmiy asosda o‘rganishga katta e’tibor berilayotganini bildirdi.
– Bugungi kunda Respublikamizda islom dinini ilmiy asosda o‘rganish maqsadida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi kabi o‘nlab ilmiy-ma’rifiy muassasalar tashkil topdi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori nutqi yakunida konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi. Muzaffar Komilovning nutqida ta’kidlangan yurtimizdagi keng miqyosdagi islohotlar konferensiya ishtirokchilari olqishiga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish