581

Vatanimizning asl ta’rifi

10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Qatrada quyosh aks etganidek, jonajon O‘zbekistonimizning asl sifati, rostmana ta’rif-u tavsifi davlatimiz madhiyasida namoyon. Madhiyamizga oid qonun 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan, ushbu mukammal badiiy asar O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hamda atoqli san’at arbobi, benazir kompozitor Mutal Burhonov tomonidan ancha mehnat-u mashaqqat bilan yaratilgan. Madhiyamiz haqida hamyurtlarimizning fikrlarini keltirishni joiz bildik.

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Mustafo Bafoyevning fikricha, ustoz bastakor M.Burhonovning “Ko‘ngil xazinasi” kitobida O‘zbekiston davlat madhiyasining yaratilishi haqida shunday deyiladi: “Vatan tuyg‘usi, Vatan madhiyasi... Bu tushunchalar mushtarak, bir-biroviga uyg‘unlashib ketgan. Vatanni madh etish, uni ulug‘lash har bir inson qalbidan o‘rin olishi kerak... O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, davlat madhiyasi yangicha, istiqlol ruhida kun tartibiga qo‘yildi. Muhokama va tortishuvlardan keyin men yozgan madhiyani ham tanlovga kiritishdi. Mehnatlar zoye ketmadi. Musiqaning yarmiga kelganda olqishlar boshlandi”.

– Men O‘zbekistonda tug‘ilganimdan, shu yurtda ta’lim-tarbiya olganimdan g‘oyat faxrlanaman, – dedi taekvon-do bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, hamyurtimiz Dmitriy Shokin. – Xorijiy mamlakatlardagi xalqaro musobaqalarda ham bayrog‘imiz osmon uzra hilpiraydi. O‘zbekistonimiz madhiyasi yangraydi. Aksariyat sportchilarimiz kabi men ham madhiyamizga jo‘r bo‘laman. Shunda qalbimiz cheksiz faxr-u iftixorga limmo-lim to‘ladi.

– Madhiyamizning eng samimiy, beg‘ubor ijrochilaridan yana biri bolajonlar ekani, shubhasiz, – dedi Toshkent shahridagi 313-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Nargiza Islomova. – Ular madhiyamiz matnini yoddan bexato, benuqson aytadilar. Musiqa hamohangligida esa astoydil, chin yurakdan, e’tiqod bilan kuylaydilar. Madhiyamiz o‘quvchi-yoshlar ongida vatanparvarlik, yurtga muhabbat va sodiqlik tuyg‘ularini mustahkamlashda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Madhiyamiz ona O‘zbekistonning asl, xalqchil, eng haqqoniy ta’rifidir.

Darhaqiqat, garchi kim uchundir balandparvoz tuyulsa-da, o‘zi tug‘ilib o‘sgan mo‘tabar diyorga mehr, o‘z eliga bo‘lgan ehtiromni shakllantirishda madhiyamizning o‘rni beqiyos.

N.Usmonova, O‘zA

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish