498

Akademiyada I xalqaro talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston – yoshlar mamlakati. Shu bois, mamlakatimizda yoshlar siyosatiga davlat darajasida e’tibor qaratilib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga keng e’tibor berilmoqda. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yigit-qizlardagi bor imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanish davlatimiz oldida turgan vazifalardan biri hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 14-sentabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni hamda 2021-yil Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan bandlar ijrosini ta’minlash zamonaviy jamiyatda yoshlarning rolini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. 

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan Birlashgan Millatlar tashkilotining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlarini ta’minlash yuzasidan konvensiya ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida I talabalar ilmiy-amaliy xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.

“Globallashuv jarayonida o‘zaro hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlarini ta’minlashda yoshlarning o‘rni” mavzusidagi nufuzli anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Qozon federal universiteti, Turkiston xalqaro turizm va mehmondo‘stlik universiteti, Toshkent shahrida Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali talabalari, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon davlatlarining bakalavr, magistratura hamda doktorantura bosqichida tahsil olayotgan talaba-magistrlar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, magistr va talabalar ishtirok etdi.

Onlayn va oflayn formatda o‘tkazilgan tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov olib bordi. Konferensiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov nutq so‘zlab, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

– Bugungi anjuman Akademiya talabalarining xorijlik tengdoshlari bilan yangi fikr va g‘oyalarni muhokama qilish uchun maydon yaratadi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Chindan ham, bugungi globallashuv jarayonida jamiyatlarda millatlararo va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash masalasi yuzasidan fikr va mulohaza almashish mazkur anjumanning ustuvor maqsadidir.

Keyingi yillarda yangi O‘zbekistonda yoshlarga faoliyatning barcha jabhalarida o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng sharoitlar yaratilmoqda. Bu, ayniqsa, ta’lim va tadqiqot sohalarida yaqqol namoyon bo‘lyapti. Prezidentimiz tomonidan joriy yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilinishi ham yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir. Quvonarlisi, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, huquq va manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham ta’lim va ilmiy tadqiqotlar ilg‘or xalqaro standartlarga faol integratsiyalashib bormoqda. Ayni paytda 30 dan ortiq xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi va bu jarayon davom etmoqda. Ta’lim yo‘nalishlari kengaytirildi, xususan, islom iqtisodiyoti, xalqaro munosabatlar, islomshunoslik, dinshunoslik, ziyorat turizmi, psixologiya va axborot xavfsizligi kabi yangi fanlar joriy etildi.

Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Uchinchi Renessans – yangi Uyg‘onish davriga poydevor qo‘yilmoqda. Yosh avlodda mustahkam vatanparvarlik g‘oyasi hamda qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan ishlar mamlakatimiz oldida turgan yoshlarga oid davlat siyosatining muhim vazifalaridan bo‘lib qolaveradi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida ham ta’kidlab, “Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak”, deganlari ham bejiz emas.

Konferensiya “Globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida yoshlar siyosatini shakllantirish” hamda “Butun jahon yoshlari orasida diniy bag‘rikenglikni keng targ‘ib qilish” shoʻbalariga bo‘lindi. Unda ishtirok etgan talabalar tomonidan “Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarining investitsiyalarni jalb etish tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash”, “Yoshlar o‘rtasida kiberbullingga qarshi kurashish”, “Dunyo bo‘ylab yoshlar o‘rtasida diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qilish”, “Zamonaviy yoshlarni shakllantirishda axborot texnologiyalari: ijobiy va salbiy ta’sirlar”, “Axborot jamiyatida yoshlar psixologiyasiga ta’sir etuvchi omillar”, “Globallashuv jarayonida o‘zaro hamjihatlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini ta’minlashda yoshlarning o‘rni”, “Zamonaviy dunyoning o‘smirlar shaxsining shakllanishiga ta’siri” kabi mavzulardagi dolzarb va chuqur tadqiq etilgan ma’ruzalari tinglandi. 

Davra suhbatida hozirgi globallashuv jarayonida xalqaro miqyosda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, madaniy, diniy, vatanparvarlik, bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida hamda davlat va din munosabatlarida yoshlarning tutgan o‘rni kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Yakunda anjumanga kelib tushgan ilmiy maqolalar doirasida xalqaro “Globallashuv jarayonida o‘zaro hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlarini ta’minlashda yoshlarning o‘rni” mavzusida ilmiy elektron to‘plam yaratishga kelishib olindi. 

Muxtasar aytganda, yig‘ilganlar tomonidan globallashuv jarayonida o‘zaro hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlarini ta’minlashda yoshlarning o‘rni yuqori ekanligi qayd etildi. O‘zaro savol-javoblar, qizg‘in muhokamalar, so‘z yuritilgan mavzular yoshlarning dunyoqarashlarini oshirib, yangi bilimlar sari intilishlariga katta turtki bo‘lishini ta’kidlashdi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish