583

Akademiya Kengashida dolzarb masalalar muhokama qilindi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, dekanlar, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari hamda mehmonlar ishtirok etdi.

Majlisni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.

Ma’lumki, har oy o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. 

Shunga ko‘ra, bu galgi anjumanda ham O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi reytingini Milliy va xalqaro miqyosda ko‘tarish, talabalar o‘rtasida darslar sifati bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari tahlili hamda 2020-2021 o‘quv yilida akademiyani bitirgan yosh mutaxassislarni ish joylariga taqsimoti va ular (bakalavr, magistr) bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, shuningdek, turli masalalari atroflicha muhokama qilinishi belgilandi.

Anjumanda dastlab o‘zining mehnat faoliyatida ko‘plab samarali natijalarga erishgan bir guruh Akademiya xodimlarining qo‘lga kiritgan yutuqlari e’tirof etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining 2021-yil 6-noyabrdagi 198-K-sonli buyrug‘iga muvofiq Dusanov Salim Mamarasulovich O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor lavozimiga 2021-yil 4-noyabrdan sinov muddati bilan tayinlanganligi o‘qib eshittirildi.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan joriy yilda respublika miqyosida o‘tkazilgan “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovida “Mutaxassisligi bo‘yicha eng yaxshi pedagog” nominatsiyasida 1-o‘rinni egallagan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Zebo Qosimova yana bir bor qutlanib, munosib ravishda rag‘batlantirildi. 

Shuningdek, ilmiy-pedagogik faoliyatida muvaffaqiyatga erishgan yosh olimlar — O‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Suxrob Xidirov, “Arab tili va adabiyoti – Al Azhar” kafedrasi dotsenti Zuhra Aripova, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Nilufar Botirovalarning Oliy attestatsiya komissiyasi qarori asosida tegishli ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) bo‘lganligi munosabati bilan samimiy tabriklandi.

Shundan so‘ng Kengash majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.

Anjuman yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish