Termizning Islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni
Vatanimiz buyuk allomalar yurti sanaladi. Bu makonda tug‘ilib, kamol topgan mutafakkirlarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi necha asrlarki e’tirof etilib, chuqur tadqiq etilmoqda. Surxon vohasi esa o‘zining boy nomoddiy meros obyektlari – ko‘p asrlik osori-atiqalari, noyob me’moriy obidalari, hunarmandchiligi, dunyo ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan allomalari bilan mashhur. Mustaqillik yillarida milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash, o‘rganish va targ‘ib etish, madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash, ularni asl qiyofasiga mos tarzda belgilangan me’moriy talablar asosida qayta tiklash va ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarildi va bu ezgu ishlar izchil davom etmoqda.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom tarixi, san’ati va madaniyati ilmiy-tadqiqot markazi (IRCICA) va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan “Termizning Islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy onlayn konferensiyada ham shu haqda so‘z bordi.
Onlayn tarzda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Islom tarixi, san’ati va madaniyati ilmiy-tadqiqot markazi (IRCICA) Bosh direktori, professor Halit Eren, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minavarov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov, hamkor tashkilotlar, xorijlik professor-olimlar, yosh ilmiy tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, islom dini taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, ular qoldirgan bebaho merosning mazmun-mohiyati, ahamiyatini targ‘ib etishga imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidlashdi.
Konferensiya davomida xorijlik professorlarning “Sunan at-Termiziyning ahamiyati va uning sharhi”, “Imom Termiziyning “Ilm al-hadis”dagi mahorati”, “Hakim Termiziyning tarix faniga qo‘shgan hissasi”, “Termiziyning ijtimoiy-madaniy qiymatining ahamiyati”, “Hakim Termiziy va Burhoniddin Termiziy qarashlarida qalb masalasi” kabi qiziqarli ma’ruzalari tinglandi.
Ilmiy-amaliy anjuman davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Ibrohim Usmonov “Hakim Termiziyning “Navodir al-usul” asarining ahamiyati” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
– “Navodir al-usul” asari Hakim at-Termiziyning eng mashhur asarlaridan hisoblanadi, – deydi tarix fanlari nomzodi, dotsent Ibrohim Usmonov. – Mazkur asarga bag‘ishlab olimlar tomonidan ko‘plab asarlar yozilgan. Asar “Salvat al-Orifin” deb ham nomlanadi. Alloma yashab o‘tgan davrga razm solsak, bu aynan hadis ilmining gullab-yashnagan davri hisoblanadi. Imom Buxoriy, Imom Termiziylar bilan deyarli bir davrda yashab, hadis ilmiga bag‘ishlangan asarni kelgusi avlodlarga meros qilib qoldiradi. Hadislarni sharhlash, ular orqali islom ta’limotini ilgari surishda mazkur asarning ahamiyati katta bo‘lib, Termiziy asarida Qur’oni karim, Qudsiy hadislar, boshqa payg‘ambarlar, sahobalar, tobeinlar, o‘z davrining mashhur shaxslarining so‘zlaridan foydalanadi.
Ilmiy anjumanda “Islom davrida Termiz tarixi”, “Islom adabiyotida Termizning tarixiy-geografik tavsifi”, “Islom sivilizatsiyasiga oid jarayonlarning moddiy va yozma madaniyatda aks etishi” singari mavzular muhokama etildi.
Qizg‘in o‘tgan anjuman davomida yurtimizning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi katta ekani ta’kidlanib, bu borada Termiz shahrining alohida o‘rni borligi qayd etildi. Konferensiya yakunida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, san’ati va madaniyati ilmiy-tadqiqot markazi (IRCICA) o‘rtasida memorandum imzolandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish