1

Ona tili – millatning ruhi

Til bu shunchaki tovushlar majmuasi emas, balki har bir millatning qalb ko‘zgusi, ruhi va jon tomiridir. U xalqning ming yillik tarixini o‘zida mujassam etgan buyuk xazinadir. Agar biz tildan ajralsak, faqatgina so‘zlashuv vositasini emas, balki madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, o‘zimizga xos dunyoqarashimizni yo‘qotamiz. Shuning uchun ham “Tilni asrash millat ma’naviyatini asrashdir” degan ibora bugungi globallashuv davrida har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. 

Ma’rifatparvar alloma Abdulla Qodiriy shunday yozadi: “Millatni millat qiladigan narsa uning tili va adabiyotidir”. Qodiriy tili yo‘q millatning o‘zi ham yo‘qolishini chuqur anglagan holda qayg‘urgan edi. Darhaqiqat, tilning ahamiyati, avvalo, uning tarixiy ko‘prik vazifasida namoyon bo‘ladi. 

Biz Alisher Navoiy, Bobur, Furqat kabi buyuk ajdodlarimizning asarlarini o‘z ona tilimizda o‘qir ekanmiz, ularning fikrlari, orzu-umidlari va donoliklarini hech qanday to‘siqsiz qabul qilamiz. Ona tili bizni tarixiy xotira bilan bog‘lab turadi. Bu uzilsa, biz ildizsiz daraxtga o‘xshab qolamiz. Shuningdek, til milliy o‘zlikni anglash poydevoridir. Bola o‘z ona tilida o‘ylab, o‘z ona tilida his qilganidagina o‘zini shu millatning to‘laqonli vakili sifatida yashay oladi va unda milliy g‘urur va faxr tuyg‘usi shakllanadi. Zero, til turli viloyatlarda yashovchi barcha fuqarolarni birlashtirib turuvchi eng kuchli rishta hisoblanadi. Unda har bir xalqning o‘ziga xosligi, jamoaviy ruhi yashaydi.

Tilni asrash masalasi bevosita ma’naviyatni asrash bilan uzviy bog‘liqdir. Barcha ma’naviy qadriyatlarimiz odob-axloq me’yorlari, tarbiya, halollik, mehr-oqibat avvalo, til orqali avloddan avlodga o‘tadi. “Salom”, “rahmat”, “uzr” kabi oddiy so‘zlarda ham xalqimizning yuksak madaniyati va ehtiromi mujassam. Ayrim yoshlar tilimizni boshqa tillar bilan aralashtirishni madaniyat deb bilishmoqda. Masalan, kundalik hayotimizda yoshlar orasida “Bu temani tushunmadim”, “Men prosta charchadim”, “Hamma narsa normalniy” kabi jumlalar ko‘p ishlatiladi. Albatta, bu jarayon tilimizga nisbatan hurmatsizlikdir. Tilni qadrlamagan inson millatni, uning qadriyatlarini, o‘zligini ham qadrlamaydi. 

Bu xususda ma’rifatparvar ijodkor Cho‘lpon shunday degan edi: “Til yo‘qolsa, millat ham yo‘qoladi”. Shuning uchun ham tilni asrash har birimizning muqaddas burchimizdir.  Agar biz tilni buzib, undan qo‘pol va chetdan kirgan keraksiz so‘zlarni aralashtirib qo‘llasak, bu bevosita fikrlash tarzimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ma’naviyatimizga putur yetkazadi. 

Ma’lumki, yetmish yillik mustabid tuzum ona tilimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Xususan, uzoq yillar davomida rus tili rasmiy aloqa vositasi bo‘lib kelganligi, ta’lim va madaniyat tili sanalganligi buning yaqqol ifodasidir. Afsuski, bugungi kunda rus tilida gaplashishni “madaniyat” deb bilayotgan yoshlar ham uchraydi. Yana bir afsuslanarli jihati shundaki, ko‘pgina oilalarda o‘zaro suhbatlar rus tilida olib borilmoqda. Bu kabi holatlar ona tilimizni asrash va kelgusi avlodga sof holda yetkazishga putur yetkazadi. Tilimizda sof va ravon so‘zlash bu millatimizga bo‘lgan ehtiromning oliy ko‘rinishidir. 

Darhaqiqat, hozirgi kunda texnologiyalar tez rivojlanayotgan bir paytda, har birimiz tilning himoyachisi bo‘lishimiz shart. Tilni asrash faqatgina soha mutasaddilari yoki olimlarning ishi emas, balki har bir o‘zbekistonlikning burchi va mas’uliyatidir. Buning uchun biz o‘z farzandlarimizga o‘zbek tilida sifatli kitoblar o‘qishni, tilimizda mavjud xilma xil so‘zlardan foydalanishni va imlo qoidalariga rioya qilishni o‘rgatishimiz lozim. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda sof o‘zbek tilida va adabiy til normalariga rioya qilgan holda faoliyat yuritishga e’tibor qaratishimiz lozim. Har bir izoh yoki qarash bu ona tiliga bo‘lgan munosabatimizning namunasidir. Albatta, katta avlod vakillari yoshlarga tilni qadrlash borasida o‘rnak bo‘lishlari kerak. Kattalar nutqidan, muomalasidan kelib chiqib, yoshlar ham ulardan andoza oladi. Tilni asrash – bu o‘tmishga hurmat, bugungi kunga ehtiyotkorona yondashuv va kelajak avlod oldidagi ulkan mas’uliyatdir.  

Xulosa qilib aytganda, biz o‘z tilimizni qanchalik e’zozlasak, millatimizning o‘zligi shunchalik mustahkam bo‘ladi, ma’naviyatimiz shunchalik yuksala boradi.Yosh bo‘laylikmi, keksami hammamiz til uchun javobgarmiz. Tilni asrash – bu o‘z kelajagimiz, o‘zligimiz va abadiyatimizni kafolatlashdir. 

Xadichaxon Abdumutalibova,

“Filologiya va tillarni o‘qitish (arab tili)” yo‘nalishi 3-kurs talabasi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish