386

Talabalar sayli ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi hamda Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan “Oltin davrim” deb nomlangan talabalar sayli bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.

Bayram saylida so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i mustaqil davlatimizning g‘urur va iftixori ekanligini ta’kidlashdi. Shu bilan birga talaba-yoshlarni yoshlikning eng navqiron va unutilmas davri bo‘lgan talabalik baxtiga erishganliklari bilan muborakbod etishdi. Yurtimiz taraqqiyoti har tomonlama unib-o‘sib kelayotgan navqiron avlodning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyati va madaniyati bilan chambarchas bog‘liq ekani, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish har bir yigit-qizning zimmasidagi oliy vazifasi ekanligini qayd etildi.

Ta’kidlash joiz, mazkur bayram tadbiri bilan bir qatorda “Yoshlar oyligi” doirasida talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha “Rektor kubogi” bellashuvlari o‘tkazilmoqda. Talabalarning bilim doirasi, tafakkurini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari muntazam tashkil etilyapti.

Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Aloqa tarixi, Toshkent politexnika muzeylariga sayohati tashkil etildi. Akademiyada taniqli olimlar, san’atkorlar, shoir-yozuvchilar, o‘z sohasining malakali mutaxassislari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Talabalar bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib, o‘zlari uchun foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Tadbir davomi talabalar sayliga ulanib ketdi. Qiziqarli o‘yinlar, foto va devoriy gazetalar ko‘rgazmasi, milliy taomlar Akademiya o‘qituvchi-xodimlaridan tuzilgan hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, yakunda g‘oliblar e’tirof etildi. 
 

“Eng yaxshi milliy libos” nominatsiyasi bo‘yicha “Filologiya va tillarni o‘qitish” yo‘nalishi guruhlari hamda “Eng yaxshi bezatilgan sahna” nominatsiyasi bo‘yicha “Islomshunoslik” fakulteti 3-bosqich guruhlari e’tirof etildi. 

3-o‘rin – “Eng yaxshi bezatilgan dasturxon” nominatsiyasi bo‘yicha “Islomshunoslik” fakultetining 2-bosqich guruhlariga nasib edi.

2-o‘rin – “Eng faol ishtirokchi jamoa” nominatsiyasi bo‘yicha “Islomshunoslik” fakultetining 1-bosqich guruhlari qo‘lga kiritdi. 

1-o‘rin – “Eng quvnoq o‘yinlar tashkilotchisi” nominatsiyasi bo‘yicha “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti guruhlariga nasib etdi. 

Oliy o‘rini esa “Psixologiya (dinsotsiopsixologiyasi)” yo‘nalishi guruhlari qo‘lga kiritdi. 

Talabalar sayli yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
19
Yoshlar bilan ishlash
Odob-axloq – inson ziynati
22:49
Apr
19

Izoh qoldirish