Inson qadr-qimmati – oliy qadriyat
11-noyabr – Kasaba uyushmalari kuni
Joriy yilning 8-14-noyabr kunlari butun mamlakatimiz bo‘ylab “Xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va mehnatni muhofaza qilish haftaligi” muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Mazkur haftalik 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni bayrami bilan hamohang tarzda nishonlanayotgani ahamiyatga molikdir.
Kuchli ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat olib borish, bunda odamlarning dardu tashvishlarini, ularni o‘ylantirayotgan muammolarning ildizlarini aniqlash, tezkor, to‘g‘ri va samarali yechim topish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida olib borilayotgan yangilanish jarayonlarida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakat yetakchisining joriy yil 6-noyabrdagi Prezidentlik lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida ijtimoiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas, albatta. Bunda mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat, turmush sharoitini yaratish, mehnatini munosib rag‘batlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Yurtimizda Kasaba uyushmalari kuni 11-noyabrga qadar, ushbu sana arafasidayoq yuksak saviyada nishonlanmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mazkur bayramni g‘oyat ko‘tarinki, yuksak saviyada nishonlash uchun keng qamrovli ishlar amalga oshirmoqda.
Mamlakatimiz kasaba uyushmalari tizimida o‘z safida 5,5 million nafardan ziyod a’zolarni birlashtirgan 33 ming 356 ta boshlang‘ich tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Tizimda jami 6 ming 700 dan ortiq xodim va jamoatchilik asosida 300 mingga yaqin faollar samarali ishlab kelmoqda.
Ilk marta Hukumat, ish beruvchilar konfederatsiyasi va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi o‘rtasida Bosh kelishuv, 14 ta hududiy va 107 ta tarmoq kelishuvi tuzildi. Xodimlari kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lgan barcha tashkilotlarda jami 109 mingdan ortiq jamoa shartnomalari rasmiylashtirildi. Ular asosida yil davomida 1ta xodimni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasiga o‘rta hisobda sarflanadigan mablag‘ miqdori 5 marotaba oshirildi. Tizimda 14 ta sog‘lomlashtirish maskanlari qurildi, 2 ta sanatoriy va 3 ta bolalar oromgohi rekonstruksiya qilindi. Buning natijasida mavjud 24 ta sanatoriyda yiliga qo‘shimcha 34 ming (jami 150 ming) nafar xodimni sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi.
Mehnatkashlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish, ularning farzandlarini bolalar oromgohlarida dam oldirish, ehtiyojmand oilalar uchun tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mehnatni muhofazalash yuzasidan 16 mingga yaqin korxona va tashkilot faoliyati o‘rganildi. Uning natijalari bo‘yicha aniqlangan 61 mingdan ortiq kamchiliklar bartaraf etildi.
Xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan ish beruvchilarga 2 ming 295 ta taqdimnoma, sudlarga 765 ta da’vo arizasi kiritildi va xodimlar foydasiga 13,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi va 13 ming 471 nafar xodimning huquqlari tiklandi. Paxta yig‘im-terim mavsumida terimchilar uchun sharoitlar yaratish, bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish yuzasidan milliy monitoringini amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
“Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi joriy etilib, o‘tgan davr mobaynida mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda 900 ming nafarga yaqin xotin-qizning muammolari hal etildi. Tashkil etilgan “Ishonch qo‘ng‘irog‘i” asosida opa-singillarimizdan kelib tushgan murojaatlarning barchasiga ijobiy yechim topilayotir.
Kasaba uyushmalari kuni arafasida barcha mehnat jamoalarida sport musobaqalari, ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Uzoq yillar davomida turli jabhalarda halol va samarali mehnat qilgan xodimlar xonadoniga borib, ularga sovg‘alar topshirilmoqda. Ayni paytda kasaba uyushmalari tizimi oldidagi yangi vazifalar belgilanmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadri oliy qadriyat ekanining amaldagi yana bir yorqin namunasidir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA
Izoh qoldirish