590

Sog‘lom turmush tarzi – farovon hayot asosi

Salomatlik — inson kamolotining muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, shaxsning hech kim daxl qilolmaydigan huquqi, o‘z-o‘zini rivojlantirish, shaxsiy va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi garovidir. 

Sog‘lom turmush-tarziga rioya qilish, salomatlik borasida foydali maslahatlardan xabardor bo‘lish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Sog‘lom turmush tarzi – farovon hayot asosi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Akademiya Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda Xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda o‘qituvchi va xodimlar, soha mutaxassislari, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda aholi va yoshlar orasida sog‘lom turmush-tarzini faollashtirish hamda mavzu yuzasidan to‘plagan boy tajribasini o‘rtoqlashish maqsadida  Toshkent tibbiyot akademiyasi Xotin-qizlar kengashi raisi, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Lolaxon Abdukadirova qatnashdi.

Davra suhbatida mamlakat taraqqiyotining o‘sib borishida aholining sihat-salomatligi, kundalik turmush-tarzida sog‘lom hayot qoidalariga amal qilishi va bunga boshqalarni ham ergashtirish muhim omil bo‘lib xizmat qilishi haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida kishi salomatligi, sog‘lom fikrlay olishi muhim ekani qayd etildi.

Jumladan, tadbir mehmoni tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Lolaxon Abdukadirova mavzu bo‘yicha tinglovchilarga o‘z foydali maslahat va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida talaba-yoshlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha vakillaridan atroflicha javob olishdi. Samimiy va mazmunli o‘tgan davra suhbati yakunida foydali suhbat uchun ma’ruzachiga minnatdorchilik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish