632

Muslim ibn al-Hajjojning “Sahih muslim” asari

MANBALAR SO‘ZLAGANDA

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Manbalar xazinasi” bo‘limida hadis ilmiga oid eng moʻtabar manbalardan biri bo‘lmish “Sahih Muslim” asari qo‘lyozmasi 192-raqam ostida saqlanadi. 

Mazkur qo‘lyozma fuqaro M.Hasanova tomonidan xarid qilinib, tegishli dalolatnoma asosida “Manbalar xazinasi” bo‘limida saqlash uchun topshirilgan. 

“Sahih Muslim” asar XVII asrda Qo‘qon qog‘oziga arab tilida qora siyoh bilan suls xatida kitobat qilingan. Asarning umumiy hajmi 426 varaqdan iborat bo‘lib, matn sahifalarga 13,5x20 o‘lchamda joylashtirilgan. Satrlar soni 21 tani tashkil qiladi. Shuningdek, matn rangli, zarhal jadvalga olingan bo‘lib, unvoni naqshinkor va zarhal sarvaraq bilan bezatilgan. Qo‘lyozmaning ikki dastlabki varag‘i Sharq naqshi bilan tilla suvi yuritilgan. Asarning muqovasi kartondan sharqona uslubda ishlangan bo‘lib, ustiga mosh rangli qog‘oz yopishtirilgan, tayakisi to‘q qizil rangli charmdan ishlangan. Muqovaning har tarafiga ikkitadan to‘q binafsha rangli kichik va bittadan katta qizil rangli sahhof tamg‘alari bosilgan. Muqovaning jahmi 23,5x32,5 hajmda ishlangan.

Muallif haqida

Imom Abu Husayn Muslim ibn Hajjoj al-Qushayriy an-Nisoburiy 821-yilda Nisoburda dunyoga kelgan. Imom Muslim 12 yoshida hadis o‘rganishni boshlagan bo‘lib, 220 nafar ustozdan hadis ilmi sirlarini o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, Imom Muslim o‘z bilimini oshirish maqsadida Makka, Madina, Iroq, Bag‘dod, Basra, Kufa, Shom, Misr va Ray kabi bir qator shaharlarga safar qilgan. Xususan, manbalarda qayd etilishicha, olim Ray shahrida 15 yil istiqomat qilib, 300 mingdan ortiq hadis to‘plagan. Imom Muslim o‘zi ham ustozlik darajasiga erishgach, Abu Hotim ar-Roziy, Muso ibn Horun, Ahmad ibn Saloma, Abu Iso at-Termiziy, Abu Bakr Huzaymiy, Yahyo ibn Sa’id, Abu Avona kabi bir qator mashhur muhaddislarga ilm o‘rgatgan.

Imom Muslim yana bir qator asarlar yozgan. Shubhasiz, “Sahih Muslim” kitobi allomaning shoh asari hisoblanadi. Bundan tashqari, Imom Muslimning “Jomi’ al-Kabir ala-l-abvob”, “Kitob Musnad al-Kabir ala asmo ar-rijol”, “Kitob al-asmo va al-kuna”, “Kitob al-ilal”, “Kitob at-tamyiz”, “Kitob hadis Amr ibn Shu’ayb”, “Kitob mashoyix Molik”, “Kitob avhom ul-muhaddisin”, “Kitob man laysa lahu illa rovin vohid”, “Kitob tabaqot at-tobe’iyn”, “Kitob mashoyix as-Savriy” nomli asarlari mavjud.

Imom Muslim melodiy 875-yilda yakshanba kuni vafot etadi. Dushanba kuni Nisobur (Nishopur)da dafn etilgan.

Asar haqida

Imom Muslimning “Sahih Muslim” nomi bilan mashhur bo‘lgan “al-Jomi’ as-sahih” asari “Sihhohi sitta” ishonchli hadislar to‘plami tarkibiga kirgan moʻtabar manbalardan biri hisoblanadi. Ahli sunna val jamoa nazdida bu asar Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” asaridan keyingi o‘rinda turadigan eng ishonchli manba hisoblanadi. Mazkur qo‘lyozma “Sahih Muslim” asarining birinchi qismi hisoblanadi. Qo‘lyozma muqaddima (16-14a) va 20 kitobdan iborat. Muqaddima o‘z navbatida 5 bobga bo‘lingan. Asarda imon, tahorat, hayz, namoz, nikoh, ozod qilish kabi bir qator mavzularga oid hadislar keltirilgan. Qo‘lyozmaning 330 varag‘i oqish rangli Qo‘qon qog‘ozi, qolgan qismi to‘q rangli Qo‘qon qog‘ozidan iborat. Asarning xotimasidagi yozuvga ko‘ra, ushbu qo‘lyozma Hoji Yorbek nomi bilan mashhur bo‘lgan Yormuhammad nomli shaxsga taqdim etilgan. Qo‘lyozmada kitobat tarixi ko‘rsatilmagan, lekin ko‘chirilgan qog‘ozi, xatining uslubi, siyohi, uning umumiy holatiga ko‘ra, XVII asrga oid deb hisoblash mumkin. shuningdek, asar xattotlik san’atining nodir namunasi sifatida e’tiborga molikdir.

Olimlar bu asarga ijobiy baho berganlar. Jumladan, Imom Navaviy shunday degan: “Yerning yuzida va osmonning ostida Muslimning kitobidan ko‘ra sahihroq kitob yo‘q”. 

Olimlarning ittifoqiga ko‘ra, Qur’ondan so‘ng eng ishonchli kitob ikki sahih, ya’ni Buxoriy va Muslimning “Sahih” asarlaridir. Ummat bu ikki asarni e’tirof etib qabul qilganlar. “Sahih Muslim” asarining yozilishida muallifning ustozi Abu Zar’ata ar-Roziyning o‘rni beqiyos. Bu haqida Imom Muslim shunday degan: “Har bir yozgan kitobimni Abu Zar’a ar-Roziyga ko‘rsatdim, agar u kishi: “Mana bu hadis illatli”, desa tark qildim. Agar: “Bu hadis sahih”, desa kitobimga kiritdim”.

Darhaqiqat, “Sahih Muslim” asari hadis manbashunosligida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois uning qo‘lyozma asarlari doim tadqiqotchilarning e’tiborida bo‘lib kelgan. “Manbalar xazinasi”da 192-raqam ostida saqlanayotgan “Sahih Muslim” asari ham nodir qo‘lyozma asarlar sirasidan bo‘lib, tadqiqotchilar uchun muhim manba vazifasini o‘taydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Burhoniddin AHMEDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Manbalar xazinasi ilmiy xodimi, 

Islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

Izoh qoldirish