717

Hushyorlik va ogohlik davr talabi

Giyohvandlikka qarshi kurash ayni paytda dunyodagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Afsuski, mazkur illat jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. 

Bu borada yurtimizda tizimli ishlar olib borilyapti. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish orqali yosh avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelinmoqda. Ayni paytda barcha oliy ta’lim muassasalarida giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. 

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etildi. Unda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, Shayxontohur tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakillari Faxriddin Sagatov hamda Javohir Qobilov, Akademiya o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Davra suhbatida so‘z olganlar yoshlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarning iste’moli hamda noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish muhim ekanligini qayd etishdi. Ushbu muammoning oqibatlari, ularni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifa va chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tishdi. Giyohvandlikka qarshi kurash faqat davlat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi bo‘libgina qolmay, balki unga barchamiz birday mas’ul bo‘lmog‘imiz lozimligi ta’kidlandi. 

Uchrashuvda giyohvandlikning salbiy oqibatlari tasvirlangan videorolik namoyish etildi. Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha vakillaridan atroflicha javob olishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish