479

"Manbalar xazinasi"ga sayohat

Movarounnahrda yetishgan olimlar butun Sharq musulmon dunyosining ilmiy-ijtimoiy hayotiga muntazam ta’sir o‘tkazib, noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlari bilan tanilganlar. Ming afsuski asarlarning ko‘pchiligi bugungi kunimizgacha yetib kelmagan. Yetib kelganlarini asrab kelajak avlodga yetkazish barchaning zimmasidagi vazifadir. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshida yigirma yildan beri “Manbalar xazinasi” bo‘limi faoliyat olib bormoqda. Bo‘limda bir qator taniqli olimlar va tadqiqotchilar, jumladan, tarix fanlari doktori professor Ubaydulla Uvatov, mashhur xattot Habibulla Solih, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muftiy o‘rinbosari Abdulaziz Mansur va boshqa bir qator taniqli olimlar samarali faoliyat yuritgan. Jumladan, 2004-yilda xattot Habibulla Solih tomonidan Toshkentdagi “Usmon Musʼhafi” hamda “Langar Qur’oni”ning ko‘chirilgan nusxalari hanuzgacha akademiyaga tashrif buyuradigan yurtimiz hamda xorij mehmonlarini hayratga solib kelmoqda. Shu o‘rinda “Usmon Musʼhafi” haqida batafsil to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Rahbariyat tashabbusi bilan 2004-yil xattot Habibullo Solih tomonidan kufiy-hijoziy xatida maxsus tayyorlangan teriga O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan “Usmon Musʼhafi”dan nusxa ko‘chirilgan. Ushbu nusxa yashil rangli teri bilan muqovalangan, tilla zarhal yuritilgan milliy an’analarga mos naqshin bezaklar bilan bezatilgan. Mazkur nodir qo‘lyozma nusxa universitet Manbalar xazinasi fondida saqlanmoqda. Mus'hafning varaqlari soni 353 ta. Vazni 35 kg, umumiy o‘lchami 53,5x70 sm., matn o‘lchami 34x40,5 sm., satrlar soni 9. Sug‘urta summasi 500 000 (besh yuz ming) AQSh dollarida belgilangan. Mazkur “Usmon Musʼhafi” 2007-yilda Angliya davlatining London, 2012-yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay, 2013-yilda esa Qatar davlatining Doha shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.

Nodir qo‘lyozma asarlar qadimgi madaniyatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Asarning yozilish uslubi, yozuv va siyoh turlari, varaqlari va sahhoflik ishlari ma’lum bir davrning ijtimoiy-iqtisodiy muhitidan darak berib turadi. Xususan, qadimiy qo‘lyozma asarlardagi rasmlar, naqshlar va ranglar o‘lka madaniyatining erta rivojlanganidan darak berib turadi. Yurtimizdagi qo‘lyozmalar, asosan, Samarqand va Qo‘qon qog‘ozlariga bitilgan. Mazkur qog‘ozlarga ishlov berish san’ati ham yuksak darajada did bilan olib borilganini ko‘rish mumkin.

Qo‘lyozma asarlarning ma’naviy-axloqiy ahamiyati ham mavjud bo‘lib, insonlarni sabr, ixlos va ilm hosil qilish kabi ezgu xulq va odoblarga targ‘ib qiladi. Zero, qo‘lyozma asarni yozish va uni tadqiq etish insondan katta sabr-u matonat talab qiladi. Bu nodir asarlarni tadqiq qilgan va o‘qigan insonda qiyinchiliklarga sabr qilish, mashaqqatlarni matonat bilan yengib o‘tish malakasini hosil qiladi.

Qo‘lyozma asarlarning yana bir ma’naviy ahamiyati shundaki, odatda asar mualliflari va xattotlari o‘z ism-shariflarini ochiq bayon qilmaydilar. Ular o‘zlarini “banda”, “faqir”, “haqir”, “gunohkor”, “Allohning rahmatidan umidvor” va boshqa shu kabi kamtarlik va xokisorlik ma’nolariga ega so‘zlar bilan tanishtiradilar. Ular xolislik niyatida va riyokorlikdan qochish maqsadida shunday yo‘l tutganlar. Insonlarga manfaat yetkazish va bu yo‘lda hech qanday maqtov va mukofotni ta’ma qilmaslik, shubhasiz, yuksak ma’naviyat va namunali axloqning go‘zal namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Muhammadsiddiq Usmonov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Manbalar xazinasi mudiri

Izoh qoldirish