O‘zbek tili: kecha va buguni
Ta’kidlash joizki, ona tili davlat timsoli, mulki, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, tarixini ifodalovchi vosita hisoblanadi. Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimizning timsoli, bebaho ma’naviy boylik hamda buyuk qadriyatimizga aylangan. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Zero, hazrat Alisher Navoiy “Til – chamanning ochilgan lolasi bo‘lsa, so‘z durlari unga qo‘ngan shabnamdir”, deya ta’rif beradi. Xalqimiz orasida “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, degan maqol ham bejizga aytilmaydi. Demak, yurtimizda istiqomat qiluvchi har bir inson qaysi kasb yoki hunar egasi bo‘lishidan qat’iy nazar o‘zbek tilining nufuzini saqlab qolish hamda uni yanada oshirishga mas’ul hisoblanadi. Bu Bosh Qomusimizning 4-moddasida ham mustahkamlab qo‘yilgan.
Quvonarlisi, yurtimizda 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” yangicha ruhda keng nishonlandi. Joylarda ona tili rivoji, uni yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ma’rifiy tadbirlar, ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tdi.
Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan “O‘zbek tili: kecha va buguni” mavzusida tashkil etilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanda sohaga taalluqli muhim masala va muammolar muhokama etildi.
Konferensiyada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Turkiya Ushoq universiteti Fan-adabiyot fakulteti professori Solmaz Erhan Do‘g‘an, Xitoy Xalq Respublikasi Shanxay chet tillari universiteti Sharqiy Yevropa Markaziy Osiyo tillari instituti Markaziy Osiyo tillari fakulteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Mardon Rahmatov, Turkiya Bartin universiteti professori, filologiya fanlari doktori, professor Zilola Xudoyberganova, Rossiya Fanlar Akademiyasi professori, Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti tarix-filologiya fakulteti ilmiy va xalqaro ishlar bo‘yicha dekan muovini Dilfuza Sayidiraximova, Xitoy Xalq Respublikasi Markaziy Millatlar universiteti rus va o‘zbek filologiyasi fakulteti o‘zbek tili o‘qituvchisi Gulibanumu Kebaytuli, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, sohada faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijlik mutaxassislar, mustaqil tadqiqotchilar, magistr va talabalar ishtirok etishdi.
Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi mavqeyini yanada yuksaltirish, o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, istiqboli bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, o‘zbek nazariy tilshunosligi, leksikologiya va leksikografiyasi, shuningdek, o‘zbek tili ta’limi muammolari, davlat tilida ish yuritish va nutq madaniyati masalalari borasida fikr va tajriba almashish, sohada amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish va bu boradagi takliflarni ishlab chiqish anjumanning pirovard maqsadi bo‘ldi.
ZOOM platformasi orqali onlayn formatda o‘tkazilgan konferensiya “Tilshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar”, “Davlat tili va uning nufuzi”, “Milliy va umuminsoniy qadriyatlar va davlat tilining sohalarda qo‘llanilishi”, “Sharq va g‘arb tilshunosligining dolzarb muammolari” kabi sho‘balarga bo‘linib, unda ishtirokchilar mavzuga doir maqolalari, ilmiy mulohazalari bilan faol ishtirok etishdi.
Tadbirni “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Malika Nosirova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng konferensiyada sohada ilmiy izlanish olib borayotgan mahalliy va xorijlik tadqiqotchilarning “O‘zbek tilidagi yan- o‘zagidan yasalgan fe’llar ma’nolarining semantik tahliliga doir”, “Mustaqillik davrida o‘zbek tilshunosligida erishilgan yutuqlar”, “Mumtoz badiiy matnlarda go‘zallikning ifodalanishi”, “Paremalarda sinonimlik”, “O‘zbek tilida “vaqt” konsepti va uning maqollar orqali voqelanishi”, “O‘zbek tilini chet tili sifatida o‘qitishda muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish shart-sharoitlari”, “O‘zbek-xitoy aloqalari: o‘zbek tilining o‘rganilishi” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
– Buyuk tilshunos Mahmud Zamaxshariy arab tili grammatikasiga oid mukammal ilmiy ahamiyatga molik asarlar yaratgan, – deydi Zohidjon Islomov. – Mahmud Zamaxshariyning mashhur “Mufassal fi san’ati-l-i’rob” asari olimni “Arablar va ajamlarning ustozi” sharafli unvoniga ko‘targan. Olim arab tilshunosligi rivojiga katta hissa qo‘shibgina qolmay turkiy-o‘zbek tili taraqqiyotiga ham beqiyos ulush qo‘shgan. Uning “Muqaddamatu-l-adab” asari shunday manbalar sirasiga kiradi. Ma’lumki, asar besh – ismlar, fe’llar, harflar, ismlarning turlanishi, fe’llarning tuslanishi qismlaridan iborat bo‘lgan. Dunyo fondlarida uning to‘liq, lug‘atlar qismi alohida, grammatik qismlari alohida ko‘chirilgan qo‘lyozmalari saqlanadi. Yan- o‘zagidan yasalgan fe’llarning ma’no xususiyatlarini tahlil qilish maqsadida “Muqaddamatu-l-adab” asarining XIII-XV asrlarda ko‘chirilgan Toshkentda saqlanayotgan to‘rtta nodir qo‘lyozmalar tarkibidagi turkiy so‘zlikning yig‘ma matni tuzildi. “Muqaddamatu-l-adab” matnida eng ko‘p uchragan va mazmun doirasi keng fe’llardan biri yan- o‘zagidan yasalgan fe’llardir.
Tadbir davomida Shanxay chet tillari universiteti Sharqiy Yevropa Markaziy Osiyo tillari instituti Markaziy Osiyo tillari fakulteti talabalari tomonidan yo‘llangan tabrik yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, talabalar o‘zbek tilini yanada samaraliroq o‘rganishlari uchun o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirishdi.
– O‘tgan asrning so‘nggi choragida dunyo tilshunosligiga kirib kelgan antropotsentrizm tamoyili til tadqiqiga yangicha yondashuvni yuzaga keltirdi, – deydi Markaziy Millatlar universiteti rus va o‘zbek filologiyasi fakulteti o‘zbek tili o‘qituvchisi Kebaytuli Gulibanumu. – Aynan shu davrdan boshlab nutqni til egasining shaxs sifatidagi xususiyatlari, jamiyatda tutgan ijtimoiy mavqeyi, ruhiyati, voqelikka munosabati, milliy-madaniy qarashlari kabi tildan tashqaridagi omillar bilan bog‘liq holda tadqiq etish tilshunoslikda antropotsentrik yo‘nalishning yuzaga kelishiga turtki bo‘ldi. Darhaqiqat, til insonsiz, inson yashayotgan jamiyatsiz mavjud bo‘la olmas ekan, uni tildan foydalanuvchi shaxs omili bilan bog‘liq holda o‘rganish to‘g‘ri va maqsadga muvofiq yo‘ldir. Tilni antropotsentrik yondashuv asosida tadqiq etish natijasida dunyo tilshunosligida ko‘plab qimmatli asarlar yuzaga keldi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, darhaqiqat, istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Bugun yurtimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilib, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangrayapti.
– O‘zbek tilini rivojlantirish borasida O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Bartin universiteti professori Zilola Xudaybergenova. – Ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. O‘zbek tilini xorijda o‘qitish, targ‘ib qilish borasida o‘ziga xos tajriba yaratilmoqda. Zero, bugungi globallashuv davrida har qanday tashabbusning yakuniy maqsadi samarali natijaga erishishdan iborat. Muvaffaqiyatga erishishning kaliti – muloqot, kommunikatsiyaga borib taqaladi. Madaniyatlar, davlatlararo muvaffaqiyatli muloqotning garovi esa nafaqat til bilish, balki milliy madaniyat va milliy mentalitet, urf-odatlar va an’analarni bilishni ham taqozo etadi.
Uchrashuvda so‘z olganlar ona tilimiz imkoniyatlaridan unumli foydalanish, uning boy til ekanini targ‘ib qilish zarurligi, millatning taraqqiy etishi, dunyo sahnasida rivoj topishida ham aynan ona tili muhim rol o‘ynashini qayd etishdi.
Chindan ham bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada avvalo o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir. O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash ustuvor maqsadga aylanishi zarur.
– Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng barcha sohalar qatori o‘zbek tilshunosligi ham yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tdi, – deydi “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Durdona Lutfullayeva. – Bu davrda o‘zbek tilshunosligida ilmiy yondashuvlar tubdan o‘zgardi. Uzoq yillar davomida rus tilshunosligining grammatik qoidalari asosida yaratilgan nazariy qarashlardan tamoman voz kechilib, o‘zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida ilmiy o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Natijada o‘zbek tilining o‘zigagina xos bo‘lgan grammatik qoidalar ishlab chiqildi.
Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ona tilimiz sofligini asrash, uning rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish, keng imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish lozimligi ta’kidlandi. Bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
Konferensiyaga taqdim etilgan, dolzarb mavzular aks etgan, tahlil va yechimlar, xulosa va tavsiyalar izchillikda bayon etilgan maqolalar alohida to‘plam sifatida chop etiladi. Bu esa o‘zbek tili nufuzini yanada oshirish, rivojlantirish yo‘lidagi dadil qadam bo‘lishi shubhasiz.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish