1

Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi

Bag‘rikenglik – xalqimizga xos azaliy fazilat. U boshqa millat va din vakillariga nisbatan hurmat, xayrixohlik va muruvvat bilan munosabatda bo‘lish, insonning e’tiqodi, tili yoki irqiga qaramasdan, eng avvalo, insoniy qadr-qimmat bilan e’zozlash madaniyatidir. 

BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sanani bizda, O‘zbekistonda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston azaldan turli millat, elat va din vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhiti bilan ahillikda hayot kechirgan maskan sifatida e’tirof etiladi.

Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillari asosida yashab kelmoqda.

Shu munosabat bilan mamlakatimizning barcha hududlarida millatlararo va dinlararo do‘stlik, ahillik va birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlarni o‘zida jamlagan “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlariga start berildi. 

Haftalik doirasidagi tadbirlar O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusidagi davra suhbati bilan davom etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti dotsenti Ruslan Sarsembayev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Toshkent pravoslav seminariyasi prorektori Sergey Statsenko, Toshkent protestant seminariyasi rektori Yevgeniy Kim, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faollari, diniy konfessiya vakillari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.

Mazkur tadbir o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish, istiqboldagi belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdir. Zero, mamlakatning taraqqiy etishi avvalambor undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitining saqlanishiga bog‘liq.

Davra suhbati davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan “Davlat va din munosabatlarida Qozog‘iston tajribasi”, “Islom manbalarida bag‘rikenglik asoslari”, “O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda Rus pravoslav cherkovining o‘rni”, “O‘zbekistondagi protestant jamoalarining dinlararo muloqotdagi ishtiroki” hamda “Dinlararo bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlashda dinshunoslikni o‘qitishning ahamiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Qizg‘in munozara ostida o‘tgan konferensiya qatnashchilar uchun mazmunli va foydali o‘tdi. Ayniqsa, soha vakillari tomonidan qilingan ma’ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. 

Yig‘ilganlar yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari yaxlit holda O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgani ta’kidlandi. 

Tadbir yakunida “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan “Diniy bag‘rikenglik – tinchlik va taraqqiyot asosi” nomli insholar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda 40 ga yaqin talabalar qatnashdi.

Tanlov avvalida Tashkiliy qo‘mita a’zolari tomonidan insho yozish tartibi, qoidalari haqida ma’lumot berildi. Tashkiliy qo‘mita vakillari jarayonni adolatli va shaffof o‘tishini nazorat qilib bordilar.

Aytish joizki, Tashkiliy qo‘mita tomonidan insholar ko‘rib chiqildi va eng yaxshi deb topilgan uchta insho saralab olindi. Unga ko‘ra:

1-o‘rin – Maftuna Xamidova, “Islomshunoslik” yo‘nalishi 1-kurs talabasi;

2-o‘rin – Soliha Safayeva, “Dinshunoslik” yo‘nalishi 2-kurs talabasi;

3-o‘rin – Madinabonu Ramazonova, “Dinshunoslik” yo‘nalishi 1-kurs talabasiga nasib etdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish