Shayx Xovand Tahur
Mamlakatimizda davlat hisobiga olingan salkam 9 mingga yaqin tarixiy yodgorliklar bor. Agar ular yoniga yana arxeologik yodgorliklarni va hali hisobga olinmagan me’moriy ansambllarni, ziyoratgohlarni, muqaddas qadamjolarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, ularning soni bir necha baravarga oshishi aniq. Sobiq sho‘rolar davrida bu tarixiy yodgorliklarning deyarli barchasi e’tibordan chetda, vayrona holda, avlodlar oyog‘i tegmaydigan tashlandiq joylarga aylangan edi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin 30 yil ichida ana shu tarixiy yodgorliklardan mingdan oshig‘i olis o‘tmishimizni, ajdodlarimizning bunyodkorligini, o‘lmas merosini namoyon etuvchi go‘zal maskanlar sifatida qayta qurildi, ta’mir qilindi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida tarixiy me’moriy ansambllardan o‘ndan ortig‘i o‘z asl qiyofasiga mos holda tiklandi. Xasti Imom (Shayx Qaffol Shoshiy), Shayx Zayniddin bobo, Zangi ota, Suzuk ota, Xo‘ja Ahror Valiy, Ko‘kaldosh, Ming o‘rik... Ana shular orasida Shayxontohur yodgorlik majmuasi ham alohida o‘rin tutadi. Endilikda tarixiy qiyofasiga monand ravishda qayta tiklangan bu yodgorlik va unga taqdiri bog‘liq insonlar xususida so‘z yuritamiz.
Toshkent shahrining markazida tarixiy yodgorliklar, keksa chinorlar qad rostlagan tabarruk ziyoratgoh bor. Bu ziyoratgoh xalq orasida Shayxontohur nomi bilan yuritiladi. Faqat ziyoratgohgina emas, bu yerdagi daha, tuman nomi ham ana shunday ataladi. Aslida qadimiy, obod, tarixiy bu maskan Shayx Xovand Tahur nomi bilan bog‘liq. Tarixiy asarlarda va XX asr boshlarida Fransiyada nashr etilgan “Islom ensiklopediyasi”da Shayx Xovand Tahurga Sharqning ulug‘ allomalaridan, so‘fiylik tariqatining namoyondalaridan, Movarounnahrning yetuk ijodkorlaridan biri, deya ta’rif beriladi. U “Qutb ul-avliyo” degan yuksak nom bilan tilga olinadi. Shunday ekan, o‘tmishda ham, bugungi kunda ham nomi ardoqlanayotgan bu inson kim? Hayoti, faoliyatini qanday ishlarga bag‘ishlagan? Xalqimiz uchun qanday meros qoldirib ketgan? Yurtimizda e’zozlanayotgan tabarruk qadamjosining taqdiri qanday kechgan?
Tarixiy manbalarda Shayx Xovand Tahur Shosh o‘lkasining Bog‘iston qishlog‘ida tavallud topgani haqida ma’lumot beriladi. Ajdodlari o‘z davrining imon-e’tiqod va ilmga yetuk kishilari bo‘lishgan. Otasi Umar Bog‘istoniy shayxlik martabasiga erishgan zot edi. Tarixiy manbalarda Xovand Tahurning tavallud sanasi to‘g‘risida aniq ma’lumot uchramaydi. XVII asrda yashagan Shayx as-Siddiqiy “Lamahot min nafaxotil quds” asarida Shayx Xovand Tahurning otasi va onasi Shayx Zayniddin Toshkandiy ziyoratgohiga farzand tilab borganlaridan keyin uning dunyoga kelganligi, shu sababli otasi o‘g‘liga Tahur ismini qo‘yganligi to‘g‘risidagi rivoyatni keltiradi. Agar otasi Shayx Umarning vafoti 1291-yil bo‘lsa, uning tavalludi 1280-yillarga to‘g‘ri keladi. Ismining Xovand Tahur, deb qo‘yilishi ham bejiz emas. Xovand so‘zi – rahnamo, yetakchi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatuvchi hokim, Tahur esa nihoyatda pok degan mazmunga ega. Bundan “Nihoyatda pok rahnamo, yetakchi” degan ma’no kelib chiqadi. Ota-onasi unga ulug‘ niyatlar bilan ana shunday ism qo‘yishgan.
Xovand Tahur dastlab oilasida ta’lim oladi. Madrasada o‘qiydi. Otasidan zohiriy va botiniy ilm sirlarini o‘rganadi. Bilimlarini mukammallashtirish uchun Turkistonga, Ahmad Yassaviy avlodlaridan bo‘lmish Tengiz Shayx huzuriga boradi va tariqat ilmidan saboq oladi. Keyin Buxoroga kelib, o‘sha davrning mashhur allomalari Xoja Muhammad Bobo Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband va boshqalar bilan muloqotda bo‘ladi. Xojagon tariqati, uning asoslari, qoidalarini o‘rganadi. Toshkentga qaytib kelgach, odamlarni imon-e’tiqod yo‘liga boshlab, islom ta’limotidan ta’lim beradi. Xalqni halollik, poklik, adolat yo‘liga boshlaydi. Umar Bog‘istoniy ham, Xovand Tahur ham hayotda xojagon tariqati qoidalariga amal qilib, dehqonchilik va savdo ishlari bilan shug‘ullanishgan. Ali Safiy “Rashahot aynul hayot” asarida otaning o‘g‘liga “Tahur, mullo bo‘lma, shayx bo‘lma, so‘fi bo‘lma – musulmon bo‘l” degan ibratomuz nasihatini keltiradi. Xoja Ahror Vali bu nasihatning sababini shunday izohlaydi: “Xojagon tariqati darveshlarining udumi shundan iboratki, ular o‘zlarining himmatlarini biror ish bilan mashg‘ul bo‘lishga sarf qiladilar va insoniylikni ulug‘laydilar. Bunda insoniylik sifatlari mullalik, shayxlik, so‘filik kabi darajalar bilan emas, chin musulmonlik, insoniylik bilan o‘lchanadi. Hayotdagi eng maqbul ish bir musulmonning boshqa bir musulmon qalbiga yo‘l topishidir”. Bu nasihat va undan kuzatilgan maqsad Shayx Xovand Tahurning keyingi hayotining mohiyatini namoyon etadi.
Shayx Xovand Tahur hayotda boshqalarga poklik, halollik, adolatparvarlik borasida ibrat bo‘lib yashash bilan birga ko‘plab asarlar ham yaratgan. Uning qalamiga mansub “Shariat va tariqat masalalari haqida risola”, “O‘nta shart haqida risola”, “Islom arkonlari haqida risola”, “Tariqat odobi haqida risola” kabi asarlari bugungi kungacha yetib kelgan nodir namunalar hisoblanadi. Bu asarlarda islomiy qoidalar va ularga amal qilish masalalari, insonning komillikka intilishi, ilm-ma’rifatning jamiyat hayotidagi o‘rni, tariqat arkonlari singari muammolar to‘g‘risida so‘z yuritilgan. Allomaning bevosita tariqat masalalariga bag‘ishlangan asarlari ham bo‘lgan. Afsuski, bu asarlar hozirgacha topilmagan.
“Rashahot” asari muallifi Shayx Xovand Tahurni allomalikdan tashqari xalq orasida shoir sifatida tanilganligi xususida ma’lumot beradi. Shoirning nabirasi Xoja Ahror Vali bobosining:
Yor nigohi sening ko‘zlaringni ko‘zlar,
Qalbda neki sir bor oshkor aylar ko‘zlar,
Ko‘zing boshqalarga tushsa, bo‘l ehtiyot,
Dildorga haqiqatni so‘zlar ul kuo‘zlar,
singari misralari she’riyat muxlislari o‘rtasida mashhur bo‘lganligini e’tirof etadi.
Xoja Hofiz Sheroziy g‘azallaridan birida “Ikki jahonning osoyishtaligi ikki so‘zning ma’nosidan, ya’ni do‘stlarga muruvvat, dushmanlar bilan murosa qilishdan iborat”, deb yozadi. Bu g‘oya nafaqat Sharq she’riyatining, balki Sharq hayoti, falsafasi, islom dunyosining asosiy maqsadlaridan biri edi. Shu tufayli bu g‘oya Sharq adabiyotida bosh mavzuga aylangandi. Shayx Xovand Tahur ham o‘z asarlarida “Dilbar jamolsiz bo‘lmasa, rahbar kamolsiz”, “Tavhid Haqni bir demak va bir bilmak, tariqatda qalbdan Haqdan o‘zgani chiqarib tashlamoqdir”, deb yozadi. Bunday ulug‘ niyatlari sababli u Sharq allomalari orasida yuksak mavqega erishadi.
Shoir, alloma Shayx Xovand Tahur XIV asrning ikkinchi yarmida (ba’zi manbalarda 1350-yil, ayrimlarida 1655-yil, boshqalarida 1360-yilda) vafot etadi. U so‘fiylar, darveshlar yig‘iladigan maskan, shayxning o‘zi barpo qildirgan xonaqo yaqiniga dafn qilinadi. Arxeologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu joy IX-XIII asrlarda shahar atrofidagi unumli bog‘lardan iborat obod yerlar bo‘lgan. Keyinchalik bu yerda, bog‘ o‘rtasida har xil inshootlar qurilgan. Shayx sarv daraxti ostiga ko‘milgan. Bu daraxtning qabr ustidagi tanasi hozir ham saqlanib qolgan. Manbalarda aytilishicha, XV asrdan keyin alloma qabri atrofida qabriston paydo bo‘ladi. 600 yilga yaqin vaqt ichida bu maskan ko‘plab tarixiy yodgorliklar, inshootlar, me’moriy obidalarni o‘z ichiga olgan tabarruk qadamjoga, ziyoratgohga aylanadi. Maqbara ichida uning avlodlari bo‘lmish Yunusxo‘ja va Sultonxo‘janing ham qabri tiklanadi.
Tarixiy asarlarda ma’lumot berilishicha, XV asrda Xoja Ahror Vali bobolari Shayx Xovand Tahur va uning o‘g‘li, ilohiyotchi alloma Xoja Dovud qabrlari ustiga ikki xonadan iborat, peshtoqli, gumbazli maqbara qurdiradi. Maqbara yaqinida ziyoratxona hamda Xoja Ahror Valining chillaxonasi bo‘lgan. Shayx Xovand Tahur maqbarasining shimol tomonida Qaldirg‘ochbiy nomi bilan bog‘liq maqbara ham mavjud. Tadqiqotchilarning fikricha, bu maqbara XIV asrda barpo etilgan. Unga Xoja Aror Valining avlodlaridan bo‘lgan hukmdor Qaldirg‘ochbiy va boshqalar dafn etilgan. Temuriylar davrida bu qadamjo yanada obod qilingan. Bu yerda XV asrning 80-yillarida Toshkent hokimi bo‘lgan Yunusxonga atab uning o‘g‘li Ahmad tomonidan maqbara va madrasasi ham qurdiriladi. Zahiriddin Muhammad Boburning ona tomonidan bobosi bo‘lgan Yunusxon nomi bilan bog‘liq bu inshootlar haqida Xofiz Tanish Buxoriy “Abdullanoma” asarida shunday deb yozadi: “Yunusxon shol bo‘lib qolgach, 892 (1487) yilda vafot etdi. Uni Shayx Xovand Tahur mozoriga yaqin joyga dafn etdilar. Qabri ustiga nihoyatda muhtasham, yuksak gumbaz bilan qoplangan bir necha hujralardan iborat imorat qurdilar. Madrasa ham tiklandi. Maqbara esa mozorxona nomi bilan mashhur bo‘ldi”.
Shayx Xovand Tahur nomi bilan bog‘liq qadamjoda bunyodkorlik ishlari XX asrga qadar davom etgan. Bir qancha me’moriy inshootlar tiklangan. Toshkent hokimi Lashkarbeglarbegining o‘g‘li Eshonqul dodho bilan bog‘liq madrasa esa o‘z davrida ilm markazlaridan biri bo‘lgan. Bu madrasada XIX asr oxirlarida rus tuzem maktabi, XX asr boshlarida kinostudiya faoliyat yuritgan. Bulardan tashqari, bu ziyoratgohda Zanjirlik masjidi, Ovrat masjidi, Xotin masjidi, Gʻaribboy, Saidazimboy masjidlari ham barpo etilgan. Langar hovuzi, buloqlar mavjud bo‘lgan. XIX asr ikkinchi yarmida minora tiklangan. Ziyoratgohga avval Katta ko‘cha, Tosh ko‘cha nomlari bilan yuritilgan, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi ko‘cha orqali kiriladigan baland peshtoqli, yuksak gumbazli, mahobatli darvozaxona qurilgan. Tarxi chortoq shakldagi bu darvoza go‘zal qilib ishlangan.
Umuman, bu tabarruk qadamjoda yigirmadan ortiq yodgorliklar, tarixiy me’moriy obidalar mavjud bo‘lgan. Ular xalqimiz tarixini o‘zida aks ettirgan. Shu bilan birga bu ziyoratgoh ko‘p asrlar davomida Toshkentda bayramlar, sayllar o‘tkaziladigan madaniy markaz vazifasini ham o‘tab kelgan.
Shayx Xovand Tahur yodgorliklar majmuasining taqdiri oson kechmadi. Ular turli davrlarda tabiiy ofatlar, zilzila, urushlar, qarovsizlik natijasida necha bor buzilib, qayta tiklangan. Allomaning Xoja Ahror Vali tomonidan barpo ettirilgan maqbarasi XVII-XIX asrlar oralig‘ida batamom vayron qilinadi. Maqbara tarxi va saqlanib qolgan poydevori asosida yana qayta quriladi. Qaldirg‘ochbiy va Yunusxon maqbaralari, Zanjirlik masjidi ahvoli ham ana shunday kechadi. Yana qancha obidalar xarobalarga aylanadi. Ziyoratgohning taqdiri sobiq sho‘rolar davrida yanada fojiaviy tus oldi. 1924-yilda qadamjo odamlar kirishi uchun ta’qiqlanib, butunlay yopib qo‘yiladi. 30-yillarda Zanjirlik, Gʻaribboy, Saidazimboy masjidlari buzib tashlanadi. Qabriston yo‘q qilinadi. Chillaxona va ziyoratxona xarobaga aylanadi. Masjidlar oldidagi Langar hovuzi va buloq ko‘miladi. Ziyoratgohdagi yodgorliklar va obidalarning bir qismi o‘tgan asrning 60-70-yillarida yo‘q qilingan. Qadamjoga kirish darvozasi, peshtoqli, gumbazli bino, minora buziladi. Eshonqul dodho madrasasi, Ovrat masjidi, uning yonidagi minora va boshqa yodgorliklar turli sabablar bilan buzib yuboriladi. Umuman, ziyoratgohdagi 20 dan ortiq yodgorliklardan uchtasigina Shayx Xovand Tahur, Qaldirg‘ochbiy va Yunusxon maqbaralari vayronalarga aylangan holda saqlanib qoladi.
Yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin bu tabarruk qadamjodagi uchta yodgorlik – Shayx Xovand Tahur, Qaldirg‘ochbiy, Yunusxon maqbaralari ham asl tarixiy ko‘rinishida tiklandi. Obidalarning tarxidagi o‘ziga xosliklar, go‘zalliklar, ajdodlarimiz yaratgan nozik jihatlar saqlab qolindi. Tarixiy yodgorliklar o‘zining ikkinchi umrini yashay boshladi.
Ziyoratgoh hududida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilishi ajdodlar merosiga nisbatan yuksak ehtiromning ifodasi bo‘ldi. Bu tabarruk qadamjoda bugungi avlodlarning islom ilm-fani, madaniyati, ma’naviyatdan saboq olishi Shayx Xovand Tahurdek ulug‘ allomalarimiz, shayxlar, valilar, tariqat namoyondalari merosidan bahramand bo‘lishiga imkon yaratdi.
Kamol MATYOQUBOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
“Adolat” gazetasi 2021-yil 8-oktabr №41 (1358)
Izoh qoldirish