592

Ona tili – millatning ruhi, or-nomusidir

Inson uchun Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik muqaddas boʻlsa, ona tili ham shunchalik azizdir. Hattoki, goʻdak ham dunyoni ona tili orqali anglaydi. 

Shuning uchun doim til, millat, Vatan tushunchalari yonma-yon yuradi. Tilsiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy topmaydi. Ona tili – millat ruhi, or-nomusi.

Maʼlumki, bugungi kunda ingliz tili xalqaro muloqot tillarining asosiylaridan biri hisoblanadi. U hayotimizning har bir jabhasiga kirib borgan va siyosiy hamda iqtisodiy masalalarni hal etishni osonlashtiradi, desak adashmagan boʻlamiz. Biroq har bir mamlakat oʻz tilini saqlab qolishga harakat qilishi kerak, chunki aynan til uni oʻziga xos qiladi va boshqa mamlakatlardan ajratib turadi.

Davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining 30 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyat”, ekanini alohida taʼkidlab oʻtgandi. Darhaqiqat, til – millat tafakkurining bebaho mahzani, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

Dunyo tillarini saqlab qolish, madaniy, intellektual merosning yoʻq boʻlib ketish xavfining oldini olish maqsadida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (UNESCO) tomonidan 1999-yil noyabrda “21-fevral – Xalqaro ona tili kuni”, deb eʼlon qilingan. Mazkur sana dunyoda tillarga boʻlgan eʼtibor va hurmatning ramziy maʼnosini ifodalab keladi.

Quvonarlisi, yurtimizda davlat tiliga boʻlgan eʼtibor har qachongidanda kuchaydi. Bugun ona tilimizni ulugʻlash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodga yetkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etildi. Muhammad Rizo Ogahiy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida saboq olgan yoshlar oʻzbek tili va adabiyoti, badiiy ijod sirlarini chuqur oʻrganishi sir emas. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Tarixga yuzlanadigan boʻlsak, taassufki, mustabid tuzum davrida millat ruhi, gʻururi boʻlmish oʻzbek tilining mavqeini pasaytirishga urinishlar koʻp boʻldi. Millat oydini, maʼrifatparvar adib Abdulla Qodiriy “Oʻzbek tili kambagʻal til emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”, degan xitobi bilan oʻtmishning achchiq sitamlarini namoyon etdi. Sobiq ittifoq davrida ona tiliga boʻlgan bepisandlikka qaramay, xalqimiz oʻz milliy tilini saqlab qoldi. 1989-yil 21-oktabr kuni qabul qilingan “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, oʻzbek tili davlat tili, deb eʼlon qilindi.

Mazkur tarixiy sanadan oʻttiz yil oʻtib, ona tilimizni eʼzozlash yangi bosqichga koʻtarildi. Prezidentimizning 2019-yil 4-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni buning yorqin dalilidir. 

Farmonga binoan 21-oktabr yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni”, deb eʼlon qilindi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tuzilmasining tashkil etilgani oʻzbek tilining nufuzini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash uchun xizmat qilishi shubhasiz.

Bundan tashqari, ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qoʻllanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pogʻonaga koʻtarish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi. Bu esa ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan bebaho maʼnaviy merosni kelajak avlodga yetkazish, uni asrab-avaylash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.

Yana bir jihatga toʻxtalib oʻtsak maqsadga muvofiq boʻladi. Fan-texnika rivojlanib, ilmiy atamalar koʻpaygani sari milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lugʻat boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qoʻllanishini taʼminlash dolzarb vazifaga aylandi. Shu maqsadda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan yuqoridagi farmonga muvofiq, yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasini tuzish masalasi kun tartibiga qoʻyildi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktabr kuni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir. 

Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”, deb oʻzbek tilining ahamiyati va jozibasini yana-da ulugʻladi.

“Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining imzolanishi esa mana shu xayrli ishlarning uzviy davomi boʻldi.

Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk marta oʻzbek tilida nutq soʻzlashi ona tilimizning nufuzi va mavqeini yana-da oshirdi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan “Navoiy tili” deb eʼtirof etiladigan ona tilimizning jahonda eʼtirof etilishi nihoyatda katta va muhim tarixiy voqelik boʻldi. Bu har bir yurtdoshimiz koʻnglida gʻurur-iftixor tuygʻusini yana-da oshirdi.

Shu oʻrinda maʼrifatparvar bobomiz Alixontoʻra Sogʻuniyning quyidagi fikrlari eʼtiborga molik: “Qaysi bir millatning ona tili oʻz hojatini oʻtayolmay, boshqa yot tillar oldida magʻlubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat koʻp uzoqlamay, insoniy tuygʻularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolgʻizgina Vatanlaridan emas, balki butun borligʻi bilan tarix yuzidan yoʻqolishga majbur boʻladi”.

Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

Chunki yillar oʻtib, qaysi yurtning farzandlari oʻz ona tillarida oʻqishni toʻxtatsa, oʻsha til yoʻqlik qaʼriga singib ketadi. Shu sababli ham tilning yot taʼsirlardan saqlash xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Ona tili xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, anʼanalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir.

Shavkat MAVLONOV,

Siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD),

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori.

 

 

 

 

 

 

 

Izoh qoldirish