Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon
Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Bashariyat tamaddunining nodir sahifalari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Xoja Ahror kabi buyuk va moʻtabar zotlarning hayoti bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan bu allomalarning hayot yo‘llari va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kunda dolzarb mavzuga aylandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining o‘rnini o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish xalqaro markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA” kafedrasi hamkorligida tashkil etilgan anjuman “Markaziy Osiyo mintaqasida islom madaniyati va san’ati”, “Markaziy Osiyo mutafakkirlari ilmiy-ma’naviy merosi”, “Markaziy Osiyo tarixiy yodgorliklari epigrafikasi va arxitekturasi” hamda “Markaziy Osiyo xalqlarining urf-odat va an’analaridagi umumiylik va o‘ziga xoslik” kabi yo‘nalishlarga bo‘lindi.
– O‘rta asrlarda butun musulmon mamlakatlari hududlarida kuzatilgan, Islom Renessansi deb atalgan olamshumul tarixiy bosqich muqadas islom dini ta’limotining mazmun-mohiyati hayotbaxsh, ijodkorlik, bunyodkorlik, ilmga da’vat etuvchi ekanini isbotladi, – deydiO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov. – O‘sha davrlarda Movarounnahr, Iroq, Suriya, Andalusiya, Misr huudlarida faoliyat ko‘rsatgan ilmiy markazlarda amalga oshirilgan buyuk kashfiyotlar, yozilgan bebaho asarlar, islom ilohiyotshunosligi, aniq fanlar, adabiyot, me’morchilik, san’at va madaniyat sohalarida islom sivilizatsiyasi Yevropa uyg‘onish davri uchun ham zamin yaratib bergani ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan e’tirof etilmoqda.
O‘zining kashfiyotlari bilan jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan musulmon olamida bugungi kunda ham ilm sohiblari yetishib chiqishi uchun ajdodlarimiz tomonidan yozib qoldirilgan bebaho diniy-ma’rifiy merosni asrab-avaylash, targ‘ib qilish lozim. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari oldiga qo‘yilgan vazifalar ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Markaziy Osiyodagi islom sivilizatsiyasini o‘rganish O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda IRCICA o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining muhim qismi ekanini alohida ta’kidlar ekan, xalqaro markaz bosh direktori Mahmud Erol Qilich shunday dedi:
– Tarix shohidlik beradiki, Markaziy Osiyo yirik sivilizatsiya chorrahalaridan biri. Islom ta’siri ostida mintaqada ko‘p madaniyatli birga yashash muhiti saqlanib, ilm-fanga intilish rag‘batlantirildi. So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islom tarixi va manbashunosligi” kafedrasi bilan hamkorlikda turli konferensiya, ilmiy-amaliy anjuman, seminarlar o‘tkazib kelyapmiz. Mazkur konferensiyaning bosh maqsadi – Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan allomalarning asarlari bo‘yicha yangi tadqiqotlar o‘tkazish, yosh olimlarga tajriba ulashishdan iborat. Konferensiya islom sivilizatsiyasi tarixi va merosini Markaziy Osiyo sharoitida o‘rganishda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’rifiy va geopolitik imkoniyatlari bilan dunyo e’tiborida turganini qayd etdi:
– Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati hamda islom sivilizatsiyasi bo‘yicha qator xorijlik olimlar tadqiqotlar olib bormoqda. Markaziy Osiyo mintaqasi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgani geosiyosiy nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega. Ushbu xalqaro konferensiya ham mintaqa xalqlari o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, targ‘ib va tadqiq etish maqsadlariga xizmat qilishiga ishonaman.
Onlayn konferensiyada, shuningdek, Istanbul texnika universiteti, Marmara universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Ta’lim va fan bo‘yicha vazirligiga qarashli Markaziy ilmiy kutubxona vakillari, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari direktorlari, turli davlat va jamoat tashkilotlari, hamkor muassasalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, ilmiy-tadqiqotchilar, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi va arxitekturasi xususiyatlari”, “Movarounnahr ilmiy-madaniy markazlari”, “Samarqand va Buxoroda fanlar tarixini o‘rganishda al-Hasiriy ijodining ahamiyati”, “Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosiga oid yangi ma’lumotlar”, “Xattotlikning islom madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati (IRCICA faoliyati misolida)”, “Musulmon sharqida kutubxonachilik tarixi va an’analari”, “O‘rta Osiyolik so‘fiy va shoir Salohiddin Soqib O‘shiy (1843-1910)”, “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining moʻtadil islom targ‘ibotidagi o‘rni”, “Qozog‘istondagi birinchi kitob muzeyining tarixi”, “Islom sivilizatsiyasi rivojida Termiziy allomalarning tutgan o‘rni”, “Markaziy Osiyodagi islom madaniyati va san’atini o‘rganish xususiyatlari” kabi mavzularda ma’ruzalar tingladi.
Konferensiyada Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati, yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, yurtimizdagi taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari bilan yanada mazmun kasb etadi.
Konferensiyada so‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
— Islom sivilizatsiyasi rivojlana boshlagach, turli yo‘nalishlarga ajralib, o‘ziga xos qadriyatlari bilan shakllandi, – dedi IRCICA tashkiloti San’at va hunarmandchilik dasturi rahbari va Xattotlik bo‘limi mudiri Said Kasimoglu. – Bu san’at turlaridan biri xattotlikdir. Xattotlik – islom sivilizatsiyasi doirasida arab yozuvi asosida rivojlangan tasviriy san’at turlaridan biri hisoblanadi.
Islom kirib kelgan va tarqalgan jamiyatlarning madaniy merosida xattotlik san’ati alohida o‘rin tutadi. Men ishonamanki, islom olami xattotligi har doim musulmon jamiyatlarining madaniy hayotida alohida o‘rnini saqlab, har qanday madaniyat vakillari va san’at ixlosmandlari e’tiborini tortadi. IRCICA bu san’atni asl manbasi va an’anaviy tamoyillari bilan uyg‘un holda saqlash va rivojlantirish maqsadida ishlashni va tadbirlarni tashkil qilishni davom ettiradi.
Anjuman ishi davomida yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalar jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, yurtimizdagi umummilliy yuksalishlar, tarixiy uyg‘onish jarayonlarining ildizlari, uning mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, ularni ilm-ma’rifatga da’vat etish borasida sezilarli qadamlar tashlanmoqda. Muqaddas islom dini bilan bog‘liq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni innovatsion usullar orqali targ‘ib qilinmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi hamda moddiy-madaniy meros namunalari, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qiluvchi ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan onlayn-anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi, unda yoshlarning ilmiy maqolalari ham o‘rin olishi ta’kidlandi.
– Imom Moturidiy olimlar tomonidan buyuk mutakallim, qomusiy alloma va ulug‘ mutafakkir sifatida e’tirof etiladi. Uning bilish nazariyasini birinchilardan bo‘lib kalom ilmiga kiritishi hamda o‘z ta’limotida aqlga alohida o‘rin ajratishini ushbu sohada o‘ziga xos burilish nuqtasi bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lgan davridan hozirgi kunga qadar muhim amaliy ahamiyat kasb etib kelyapti. U zot “Musahhih e’tiqod ahli sunna” – “Ahli sunna e’tiqodining to‘g‘rilovchisi” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan, – deydi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Davronbek Maxsudov. – Quvonarlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Markaz ilmiy jamoasi tomonidan klassik islom manbalarining tadqiqi yo‘nalishida Imom Moturidiyning Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Ta’vilot al-Qur’on” asari 29-, Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqh ilmiga oid “Hidoya” asari 1-juzining o‘zbek tilidagi ilmiy izohli tarjimasi, Mulla Ali Qori “Sharh al-Fiqh al-akbar” asarining o‘zbek tilidagi tarjimasi kitob holida nashr etildi. Ayni vaqtda “Ta’vilot al-Qur’on” asari 28- va 27-juzlarining tarjimalari yakunlangan. Shuningdek, misrlik taniqli moturidiyshunos olim va Markazning bosh ilmiy xodimi Ahmad Sa’d Damanhuriy bilan hamkorlikda alloma qalamiga mansub “Kitob at-tavhid” asarining, Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanayotgan 3651-raqamli yagona qo‘lyozma nusxasi asosida zamonaviy nashri tayyorlanmoqda.
Markaz istiqbolda xalqimiz qalbidan munosib joy egallab, ularga sof islom ta’limotini yetkazish, moturidiylik ta’limotiga oid asarlarning ilmiy izohli tarjimalarini yaratish, dunyo va yurtimiz kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma manbalar katalogini yaratish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Sherzod MAHMUDOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi OAV va
jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mutaxassisi
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2021-yil 16-oktabr, 206-son
Izoh qoldirish