600

Millatlararo va dinlararo munosabatlarda O‘zbekiston tajribasi

Yurtimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylash, fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Quvonarlisi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash uchun barcha huquqiy asos hamda zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, har yili mamlakatimizda 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni keng miqyosda nishonlanib, turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar mas’ullari ishtirokida turli seminar, ilmiy anjumanlar o‘tkaziladi.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Millatlararo va dinlararo munosabatlarda O‘zbekiston tajribasi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Noislomiy konfessiyalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Behzod Qodirov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari Mitropolit Vikentiy Morar, Rim-katolik markazi rahbari, yepiskop Yeji Masulevich, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi vakillari, milliy madaniy markaz rahbarlari, do‘stlik jamiyatlari a’zolari ishtirok etishdi.

Seminarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Noislomiy konfessiyalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Behzod Qodirov so‘zga chiqib, O‘zbekiston ko‘p konfessiyali mamlakat ekanligi, unda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta konfessiya a’zolari tinch-totuv va hamjihatlikda Vatanimiz ravnaqi, tinchligimizni ta’minlashda xizmat qilayotganligi ta’kidladi.

Shundan so‘ng ishtirokchilarning “Dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik”, “Bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik – davlat barqarorligining kalitidir”, “Millatlararo dinlar do‘stligini ta’minlashda islomning o‘rni”, “O‘zbekistondagi rus pravoslav cherkovi: 150 yil yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari”, “O‘zbekiston – diniy bag‘rikenglik mamlakati” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar yangi qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinishi jamiyatda konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash, jamiyatda turli din va e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘zaro bag‘rikenglik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini qayd etishdi.

Tadbir yakunida ma’ruzachilar seminarda tilga olingan mavzular bo‘yicha o‘zaro fikr almashib, bu kabi do‘stona davra suhbatlarini muntazam o‘tkazib turish kerakligini ta’kidlashdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish