21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
Ona tilining ahamiyati nimada?
Til – bashariyat ruhi bo‘lib, har bir xalqning ma’naviy merosi sanaladi. Til paydo bo‘ladi, rivojlanadi, takomillashadi.
Ayrim hollarda esa yo‘qlikka mahkum bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda besh mingdan yetti minggacha tillar mavjud bo‘lsa, til mutaxassislarning taxmin qilishicha, bu tillarning 40 foizi keyingi asrlarda yo‘q bo‘lib ketish ehtimoli mavjud.
Bu ta’sirlarni jahon madaniyati va madaniy imperializm qarashlari asosida tahlil qilish mumkin. Nazariyalar shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqarish va iqtisodiyot globallashuvi bilan birga ma’nolar, tushunchalar, modalar va qadriyatlar ham mahalliy aholiga mollar bilan birga yuboriladi va tub xalqlar jahon sivilizatsiyasi va madaniyati karvonidan ortda qolmaslikni afzal ko‘rishadi. Natijada mahalliy va ona tillarni o‘rgatish o‘rniga, ota-onalar o‘z farzandlariga zamonaviy urfdagi tillarini o‘rgatadi.
Odamlar muloqot orqali bir-birini tushunadi. Insonning jamiyatdagi evolyutsiya jarayoni keyingi avlodlarga til orqali uzatiladi. Agar til inson jamiyatidan olinsa, ijtimoiy aylanish to‘xtaydi. Ba’zan tilni madaniy poytaxt deb atashadi. Jamiyat madaniyatini asrab-avaylash, rivojlantirish va mustahkamlash haqida gap ketganda, aynan shu jamiyatning o‘tmishi bilan bugunini bir-biriga bog‘lab turadi. Har qanday etnik guruh yoki madaniyatning ona tilida muloqot qilish huquqiga ega bo‘lmaslik, odamlar o‘rtasidagi insoniy va tabiiy munosabatlarni buzish xavfini tug‘diradi.
Kundalik hayotda ona tili orqali gaplashishni yoqtirmasligini aytadiganlar kam bo‘lsa kerak. Har birimiz, o‘z ona tilimizdan boshqa tilni qanchalik ravon bilishimizdan qat’iy nazar, o‘z his-tuyg‘ularimizni ifoda etish uchun o‘z ona tilimizda bayon etishni afzal ko‘ramiz. Xususan, mamlakatimizdek ko‘p millat va elat vakillari istiqomat qiladigan yurtda davlat tili nufuzini kuchaytirish bilan birga har bir millatning o‘z ona tiliga e’tibor berilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 55-sessiyasida Jahon ona tili kuni turli madaniyat va tillarga o‘zaro hurmatni targ‘ib qiladi va madaniyatlarni boyitadi, deb e’lon qilindi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va UNESCO tillarni umumiy insoniy meros sifatida saqlab qolish va mamlakatlarga ko‘p tilli ta’lim tizimini tavsiya etish yo‘lini izlayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, til millatlarning borligi va yo‘qligining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir. Til har qanday millatning tafakkuri va madaniyatini belgilaydi. UNESCO ko‘ptilli ta’lim tizimini ona tillarining barqarorligining kaliti, deb hisoblab, uni dunyoning barcha mamlakatlariga tavsiya qiladi.
Biz qaysidir ma’noda tilimizni saqlab qolish uchun 30 yildan beri harakat qilyapmiz. Ona tilimizga g‘amxo‘rlik qilish uchun islohotlar, izlanishlar, va yangilanishlar olib bormoqdamiz. Lekin afsuski, natija qoniqarli emas. Chunki bu jarayonga faqat davlat emas, har bir fuqaro javobgardir. Inson o‘z ona tilini qadrlamas ekan, taraqqiyot bo‘lmaydi.
O‘zimning pedagoglik tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, o‘z ona tilini yaxshi bilgan talaba boshqa tillarni o‘zlashtirishi oson kechadi. Hali tafakkur va tasavvur olami to‘liq shakllanmagan bolani boshqa tilda o‘qitiladigan maktablarda tahsil olishga majburlash bolada o‘z fikrini aniq yetkazishni qiyinlashtiradi. Kim qaysi tilda fikrlay boshlasa, o‘sha tilga mansubligi ayni haqiqat.
Afsuski, biror tilda o‘z fikrini aniq va ravon bayon etolmaydigan, fikrlash qobiliyati ham nochor bo‘lgan bir qatlam shakllanmoqda.
Davlatimiz rahbari chiqishlarida tilning jamiyat rivojidagi ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tishi bejiz emas. Bu, birinchi navbatda, davlat tilining rivoji siyosat darajasiga ko‘tarilgani, uning nufuzi va maqomi haqida Prezident darajasida g‘amxo‘rlik qilinayotgani quvontiradigan holat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, vaziyat juda jiddiyligi, bu sohada ham davlat rahbari darajasida aralashuv zaruriyati paydo bo‘lganini bildiradi. Umid qilamizki, ona tilimiz ilm-fan, madaniyat va adabiyot tili sifatida mavqeini mustahkamlaydi.
Nargiza Shoaliyeva,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi
Izoh qoldirish