“Islom ensiklopediyasi” bo‘limi
“Islom ensiklopediyasi” bo‘limi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan keyin tashkil etilgan. Ushbu ensiklopediyaning mazmun-mundarijasini belgilashda jahon qomuschiligi an’analaridan, bu sohada mamlakatimizda orttirilgan tajribadan, mavjud nazariy materiallardan ijodiy foydalanishga harakat qilindi.
Shu bilan birga mazkur “Islom ensiklopediyasi” o‘zining mazmun-mohiyati, xususiyatlari bilan bundan oldin yaratilgan ensiklopediyalardan tubdan farq qiladi. Unda dinimiz arkonlari, shar’iy qonun-qoidalar, muqaddas qadamjo va maskanlar, yirik masjid va madrasalar, islomning tarqalishi va ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxslar, sahoba va tobe’inlar, muhaddis, faqih, mufassir, mutasavviflar, aziz avliyolar, Qur’on va hadis hofizlari, taniqli ulamolar haqida alifbo tartibida tizimli maqolalar beriladi.
Ensiklopediyadan dunyoga mashhur yirik islomshunoslar, jumladan, Gʻarb olimlarining tadqiqotlari, hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi ma’lumotlar ham joy oladi. Shu bilan birga, ilgari nomi va faoliyati keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan shaxslarga doir qimmatli ma’lumotlar ilmiy muomalaga kiritiladi. Islom dini tarqalgan mamlakatlar, xususan, aholisining ko‘pchiligini musulmonlar tashkil etadigan o‘lkalar, musulmon anklavlari haqidagi maqolalarga ham o‘rin ajratiladi.
Shuningdek, Islom dunyosidagi barcha huquqiy maktab va mazhablarga hurmat odobiga rioya qilingan holda yondashildi. Maqolalarning yozilishida birlamchi manbalarga tayanish, ilmiylik va xolislik asosiy mezon etib olingan.
“Islom ensiklopediyasi”ning umumiy hajmi taxminan 1 500 nashriyot bosma tabog‘ini tashkil etib, qariyb 50 000 ta maqola, atama, so‘z birikmalari, bezak materiallari, xarita hamda sxemalarni o‘z ichiga oladi.
Ensiklopediya materiallarini yuqori ilmiy-ma’naviy saviyada nashrga tayyorlash maqsadida Bosh tahririyat kengashi va sakkizta yo‘nalish bo‘yicha ilmiy maslahat kengashlari tashkil etilgan. O‘quvchilar e’tiboriga havola qilinayotgan ushbu 1-jild maqolalarini tayyorlashda 200 ga yaqin muallif, taqrizchi va maslahatchilar qatnashdi va ushbu jild 2020-yilda chop etildi.
Ko‘p jildli “Islom ensiklopediyasi” O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir arab oliy madrasasi, O‘zbekiston milliy kutubxonasi, Fanlar akademiyasi va boshqa ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.
Izoh qoldirish