Mir Muhammad al-Balxiy Mirxondning “Ravzat us-Safo” asari
MANBALAR SO‘ZLAGANDA
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Manbalar xazinasi” bo‘limida “Ravzat us-safo” asari qo‘lyozmasi 344-raqam ostida saqlanadi. Qo‘lyozmaning muqova qismida naqshinkor unvon mavjud bo‘lib, unda oq, qora, ko‘k, qizil, sariq, binafsha rang va tilla ranglardan foydalanilgan. Qalin kartondan sharqona uslubga ko‘ra yasalib, ustiga to‘q qizil rangli qog‘oz qoplangan. Tayaki va dastaki qismlar yashil rangli qog‘ozdan ishlangan. Ustki qismida sahhofning tamg‘asi bosilgan. Asar 332 varaqdan iborat bo‘lib, varaq o‘lchami 30x18 hamda matn o‘lchami 20x10ni tashkil etadi. Qo‘lyozma fors tilida qora siyoh bilan nasta’liq xatida yozilgan. Muhim so‘zlar qizil siyoh bilan ajratib ko‘rsatilgan. Qo‘lyozma yaxshi holatda saqlangan. Ammo, ba’zi sahifalarda qora va sariq dog‘lar mavjud.
Muallif haqida
Mir Muhammad ibn Sayyid Burhonuddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Mahmud al-Balxiy – Mirxond 1433-yilda Balxda ziyolilar oilasida tug‘ilgan, 1497-yilda og‘ir kasallikka chalinib, 1498-yilning 22-iyun kuni vafot etgan.
Manbalarda olimning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar juda kam. Shunisi ma’lumki, Mirxond O‘rta asr Sharq xalqlari tarixi bo‘yicha taniqli olimlardan hisoblanadi. Uning ota-bobolari Buxoroda yashagan bo‘lib, fiqh ilmida zamonasining ilg‘or olimlari sifatida tanilgan. Jumladan, Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy (vafoti taxminan 1300-yil) fiqh ilmida peshqadam olim bo‘lgan. Shuning uchun unga “Toj ash-shari’a” (“Shariat toji”) nomi berilgan. Ahmad al-Mahbubiy Sharqning mashhur fiqh olimi Sayyid Burxonuddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asariga “Viqoya ur-rivoyat fi-masoil ul-Hidoya” (“Hidoya masalalarini himoya qiluvchi rivoyatlar”) nomli sharh yozgan.
Mirxondning yana bir ajdodlaridan Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Mahbubiy (vafoti 1346) “Toj ash-shari’a soniy” (“Ikkinchi shariat toji”) nomi bilan tanilib, “Sharh ul-viqoya”, “An-nihoya muxtasar ul-viqoya” nomli mashhur kitoblar yozib qoldirgan.
Mirxondning otasi – Sayyid Burhonuddin Xovandshoh ham o‘z davrining bilimdon kishilaridan bo‘lib, Temuriylar hukmronligi davrida Balxga kelib qolgan va o‘sha yerda vafot etgan.
Tarixchi Xondamirning ma’lumotiga qaraganda, Alisher Navoiy o‘ziga tegishli bo‘lgan “Ixlosiya” xonaqosidan bir hujra ajratib, Mirxonddan bir tarixiy asar yozib berishni iltimos qiladi. Mirxond bu asarni qisqa vaqt ichida yozib tamomlaydi. So‘ng umrining oxirida taxminan bir yil Gozirgohda yashaydi.
Mirxond o‘zining faoliyati davomida tarix ilmi bilan mashg‘ul bo‘lib, ko‘proq jahon osori-atiqalarini tadqiq qilish bilan shug‘ullandi.
“Ravzat us-Safo” asari xususida
Mirxondning “Ravzat us-Safo” (“Sof jannat bog‘i”) yoki “Ravzat us-safo fi-siyrat al-anbiyo val-muluk va xulafo” (“Payg‘ambarlar, podshohlar va halifalarning tarjimai holi haqida sof jannat bog‘i”) nomli asarida dunyoning yaratilishidan to 1523-yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. Ushbu asar XIX asrda qayta ko‘chirilgan. “Ravzat us-Safo” asari muqaddima, yetti jild, xotima va geografik qo‘shimchalardan iborat.
Mazkur bebaho asarning parchalari fransuz, lotin, shved, nemis va boshqa bir qator tillarga tarjima qilingan. Uzoq vaqt davomida asar yevropaliklar uchun Sharq tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib hisoblangan.
Asarning nodir qo‘lyozmalaridan biri Rossiya Fanlar akademiyasi Sankt-Peterburg Sharq qo‘lyozmalari institutida D-203 raqami ostida saqlanmoqda. Asar o‘sha davrdagi ehtiyoj hamda talab asosida fors tilida yozilgan. U o‘zida mashhur: Tabariyning “Nizomut-tavorix”, Muhammad bin Ishoqning “Ravzat-ul hubob” (“Hubob bog‘i”), Muhammad Rizo Ogahiyning “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymog‘i”), Hofiz Ibn Kasirning “Bidoya-nihoya”, Imom Abul Hasan Faryobiyning “Usuli jome’a” (“Jamoat usuli”), Nosiriddin Bayzoviyning “Tafsiri Bayzoviy” asarlardagi tarixiy jarayonlarni o‘ziga xos ifoda etgan.
Shu bilan birga mazkur asarda tarixchi va roviylar – Abu Ali Ja’far Ya’qub al-Isfahoniy, Muhammad bin Jabrir Tabariy, Muhammad ibn Jarir Tiriy va Hofiz Abrur rahmatullohi alayh, Siddiq Akbar, Hofiz Abru, Sa’d ibn Jabir, Zahhokning nomlari tilga olingan.
Shu bilan bir qatorda Mirxondning “Ravzat us-Safo” asarida bugungi kunda musulmonlar uchun muqaddas qadamjolardan biri hisoblangan Makka shahrida joylashgan “Safo”, “Marva” hamda “Arofat” tog‘lari haqida ham ma’lumotlar keltirilgan.
Asarda dunyoning yaratilishidan to Sosoniy Yazdigard III (632-651) davrigacha o‘tgan tarixiy voqealar, Muhammad (s.a.v.) va birinchi to‘rt xalifa davrida bo‘lib o‘tgan voqealar, o‘n ikki imom tarixi, Ummaviyya va Abbosiyya xalifalari; Abbosiylar bilan zamondosh bo‘lgan sulolalar (Eron, Markaziy Osiyo va Hindiston); Mo‘g‘ullar, Chingizxon, uning avlodi, Eron va ba’zi qo‘shni mamlakatlar va ulardan keyingi Amir Temur davrigacha yashagan sulolalar tarixi; Amir Temur va temuriyzoda Sulton Abu Sa’id o‘limigacha (1469) bo‘lib o‘tgan voqealar hamda Sulton Husayn Boyqaro va farzandlari tarixi (1523), shuningdek, boshqa ko‘pgina bayon etilgan hodisalar Qur’on oyatlari, hadislar hamda bir qancha moʻtabar kitoblar misolida yoritilgan.
Bexzod IBRAGIMOV,
“Manbalar xazinasi” bo‘limi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish