890

Ajdodlarga munosib avlod bo‘laylik

Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi

Insoniyat rivoji, xalq, millat ravnaqi, ma’naviy takomili va yuksalishi ilm-u ma’rifatning yuqori cho‘qqiga yetganligidan dalolatdir. Bu esa, o‘sha millat, xalq, davlat va jamiyat tamaddunining yuksak darajasini belgilovchi muhim mezondir. Inchunin, yuksak tamaddunga ega millatning ildizi ma’rifat chashmasiga to‘yingan, tanasi bilim, mevasi esa yetuklik, barkamollik, komillikdir. O‘zbek xalqi ana shunday ma’rifat chashmasidan oziqlangan, ildizi baquvvat, tarixda bir nechta renessans davrini boshlab bergan va dunyo tamadduniga ko‘plab daholarni yetishtirgan millatdir.

Yetuklik, ezgulik

Buyuklar qoldirgan chashma shu qadar pok va takrorlanmaski, undan ichganing sari mudom bu chashmaga intilaverasan. Intilganing sari o‘zingda komillik, yetuklik, ezgulik kasb etib boraverasan. Darhaqiqat, bugungi avlod ham ajdodlar qoldirgan ana shu ma’rifat chashmasiga intilib yashashi va ular merosini chuqur o‘rgangan holda tadqiq etishi va bu asosida, jamiyat ma’naviy yuksalishiga xizmat qilishi lozim. Buyuk faqih Burhonuddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asari qimmatli manbalardan bo‘lib, necha asrdan buyon fiqh ilmiga oid izchil va mukammal qo‘llanma sifatida o‘qib kelingan. Mazkur asar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan holda, islom huquqiga oid qimmatli manba sifatida soha mutaxassislari tomonidan huquq va majburiyatlarni belgilashda muayyan darajada asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, “Hidoya” asari jami 6 jilddan iborat bo‘lib, 2 jildi to‘liq va mukammal holda joriy alifboda nashr etildi. Olimlar tomonidan asarning qolgan 4 jildini nashr etish ustida izlanishlar olib borilmoqda. Bu albatta, bizga boy merosimizdan bahramand bo‘lish, ma’naviy kamolotimiz yo‘lida istifoda etish imkonini beradi.

Yoki arab tili grammatikasini chuqur o‘rganib, arablarga o‘z tilidan saboq bergan va “Xorazm faxri”, “Arab va g‘ayri arablar ustozi” degan yuksak nomlarga sazovor bo‘lgan Mahmud Zamaxshariy faoliyati ham o‘ziga xos va arab tilshunosligini o‘rganishda alohida o‘ringa ega. Zamaxshariy tafsir, hadis, adabiyot, fiqh ilmlari bo‘yicha ham bebaho asarlar yaratgan yirik olimdir. Ayniqsa, mashhur “al Kashshof” asari dunyoning islom oliy dargohlarida Qur’on tafsiriga oid muhim darslik sifatida o‘qitib kelinadi.

Binobarin, olimning arab tilshunosligi va grammatikasi hamda Qur’onni o‘rganishga doir qarashlari o‘z ma’rifiy ahamiyatini yo‘qotmagan holda, bugungi kunda ko‘plab yangi-yangi tadqiqotlarni yuzaga keltirmoqda.

Shuningdek, insonni komillik sari intilishiga va jamiyatda halol, pok, kamtarin bo‘lishga, hamisha ezgu ishlar qilishga chorlab kelgan tasavvuf ta’limoti ham ezgu g‘oyalari bilan jamiyat ma’naviy rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelgan. Bugun yetti pir sifatida e’tirof etilayotgan avliyo zotlar amaliy faoliyatida ilm-u irfon nurini ko‘ramiz.

Chunonchi, Xojagon tariqati asoschisi, orif zot Abduxoliq Gʻijduvoniy irfoniy qarashlari orqali yuksak insoniy sifatlarni, umuminsoniy g‘oyalarni o‘z asar va o‘gitlarida ilgari surgan. Xususan, alloma “Vasiyatnoma” risolasida, “Ey, farzand! Men senga barcha holatlarda ilm, adab va taqvoda bo‘lishingni vasiyat qilaman! O‘tgan ulamolarning izidan yurishing lozim. Ahli sunnat va jamoatning mulozimi bo‘l!”, deya komillik va yetuklikka chaqiradi.

Tafakkur olami

Ma’lumki, tasavvuf ta’limotini xalqchil, tushunarli va xalq orasiga keng yoyilishida badiiy ijod ahlining o‘rni beqiyosdir. Tasavvuf adabiyotining yuzaga kelishida ham so‘fiy, orif zotlarning ilohiy ishqqa qarab intilishida majoziy, obrazli ifodalarni she’riyat orqali tarannum etishida ko‘rinadi. Chindan ham, o‘zbek mumtoz asarlaridan, to XX asr boshlariga qadar yuzaga kelgan nasriy va nazmiy merosda o‘ziga xos obrazlar, ramzlar, timsollarning badiiy ifodasini ko‘ramiz.

Badiiy ijodda tasavvufiy tushuncha va istilohlar majoz orqali tarannum etiladi. Xususan, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, So‘fi Olloyor, Boborahim Mashrab, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xo‘janazar Huvaydo, Uvaysiy, Nodira va boshqa ko‘plab o‘zbek mumtoz ijodkorlar merosida insonning poklik, ezgulik sari ruhiy intilishi, riyozat chekishi, insoniy sifatlarni egallab, komillik kasb etishi va eng muhimi, Yaratganga ilohiy muhabbat orqali xos banda bo‘lish kabi g‘oyalar mujassamdir.

Alisher Navoiy ijodi shunchalar xilma-xil va serqirraki, o‘rganganing sari yangi-yangi ma’nolar, so‘z kuchining jozibasi, tasvirning betakrorligini mushohada etib boraverasan. 

Xususan, asarlarida ilgari surilgan adolat, saxiylik, qanoat, vafo, kamtarlik, hayo, adab, rostlik kabi axloqiy tushunchalar va ularga qarama-qarshi riyo, tama, kibr, adabsizlik kabi illatlarning badiiy ifodasi orqali buyuk ijodkorning falsafiy mushohadasi, tafakkur olami naqadar yuksakligini bilamiz. Navoiy dahosining umrboqiyligi ham ana shundadir.

Shuningdek, So‘fi Olloyor ijodida ham islom arkonlari tasavvufiy g‘oyalar vobastaligida qalamga olinadi. Boborahim Mashrab esa, tavhid g‘oyasi uchun ma’naviy kurash olib borgan ilohsevar oshiq obrazini beradi va buni “junun”, “jonon”, “yor”, “may”, “ma’shuq”, “parvona” kabi majoziy tushuncha va timsollar orqali ifodalaydi. Bundan ko‘rinadiki, badiiy ijodda, insoniy muhabbatdan ilohiy muhabbatga qarab borish, ruhiy poklanish, umr mazmunini yaxshiliklar ustiga qurish muhim va umuminsoniy g‘oya sifatida baholanishini anglash mumkin.

Bunyodkorlik, hamjihatlik

Bundan tashqari, keyingi davr, ya’ni XVIII-XIX asrlarda yuzaga kelgan islom tarixini badiiy ifodalagan asarlarda ham tarixiy shaxslar qahramonligi orqali tinchlik, bunyodkorlik, hamjihatlik, e’tiqodda sobitlik g‘oyalari ilgari suriladi.

Xususan, Sobir Sayqaliyning “Ravzat ush-shuhado”, Uvaysiyning “Qissai imom Husayn”, Xolis Toshkandiyning “Qusam ibn Abbos”, “Shoh Jarir qissasi” hamda muallifi noma’lum “Ibrohim Adham qissasi”, “Qissai Mashrab” kabi asarlar allaqachon xalqning ma’naviy mulkiga aylangan bo‘lib, sevib o‘qib kelingan va insonlarni to‘g‘ri yashash, ezgulik qilishga chorlagan.

Bugungi kunda ham bunday mazmundagi asarlar o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagan holda sevib mutolaa qilinadi va insonsevarlik, tinchlikparvarlik, birdamlikdan saboq beradi. 

XX asr ma’rifatparvarlar ijodi va ma’naviy jasoratini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Inchunin, Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Is'hoqxon Ibrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ma’rifatparvarlar ijodi va ularning ma’rifiy takomil yo‘lidagi faoliyati bugungi avlod uchun ibrat maktabidir.

Bu ma’rifatparvarlar o‘z davrini Uchinchi renessans bosqichiga olib chiqishga intilgan ma’naviy yo‘lboshchilardir. Xalqni ilm, ma’rifat mayog‘i ostida birlashtirib, ulkan maqsad sari harakatlanishga chorlagan va bu yo‘lda ma’naviy qanot bo‘lgan, hatto ilm tarqatish, ziyo ulashishni umrlarining mazmuniga aylantirganlar.

Abdulla Avloniy yetuk pedagog sifatida o‘z zamonasi yoshlarining ta’lim-tarbiyasi masalasini yuqori o‘ringa qo‘ygan. Ijodkorning tarbiyaga oid “Turkiy guliston yoxud axloq” asari yoki maktablar uchun yozgan qator darsliklari o‘z davri va bugungi kun uchun ham qimmatli va qadrlidir.

Abdurauf Fitrat ham arab, fors, turk, rus tillarini puxta bilgan, fan sohalaridan xabardor hamda islom ilmlari bo‘yicha chuqur bilim va dunyo qarashga ega yetuk olim, mohir tarjimon, qalami o‘tkir publitsist bo‘lgan. Ijodkor o‘z zamonasining illatlarini tanqid ostiga oladi, o‘z manfaatini o‘ylab, o‘zgalar ahvoliga befarq, xalq turmushi bilan ishi yo‘q amaldorlar hamda beg‘am, loqayd insonlarning ko‘pligidan qayg‘uradi. Qalbi uyg‘oq, xalq dardi bilan yashagan ijodkor afsus, nadomat bilan murojaatli tarzda quyidagilarni yozadi:

Bormi senda bir o‘lkani yondirib,

O‘z qozonin qaynatg‘uvchi hoqonlar?

Bormi senda qorin, qursoq yo‘lida,

Elni, yurtni, borin-yo‘g‘in sotqonlar?

Xalqni ilm-ma’rifatli qilish, san’at va madaniyatni rivojlantirish, nashr ishlarini kengaytirish, turli davlatlar bilan ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada kuchaytirish, eng muhimi, ta’lim-tarbiya masalalariga alohida e’tibor berib, o‘z asarlari, she’rlari orqali ma’rifatga chorlagan buyuk ma’rifatparvarlarimizning amaliy faoliyati va tinimsiz sa’y-harakatlari beqiyosdir.

Umuman olganda, har bir davrda bo‘lgani kabi bugungi kunda ham allomalar ilmiy merosini tadqiq etish, sodda va tushunarli qilib xalqqa yetkazish, ayniqsa, yoshlar ong-u shuuriga ma’rifiy jihatlarni singdirish olimlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Bu borada, yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi” degan so‘zlari negizida ham ulkan ma’no mujassam. Shubhasiz, yoshlar ertangi kun egalari, ular qanchalik barkamol bo‘lsa, jamiyat shunchalik taraqqiy etadi.

Bugungi avlod ham ajdodlarga munosib voris bo‘lgan holda turli fan sohalarini bilishlari, ilm sirlarini chuqur egallashlari, ma’rifatli, intellektual salohiyatli, keng dunyoqarash va mustaqil fikrga ega shaxs bo‘lishlarini globallashuv jarayonlari taqozo etadi. 

Zero, allomalar merosi bebaho ma’naviy boylik, bilim duriga limmo-lim xazinadirki, bu ilm-u irfon injulariga to‘la xazina bizni hamisha tarbiyalaydi va ulug‘ ajdodlarga munosib avlod sifatida buyuk maqsadlar, ulkan ishlarni amalga oshirishga undaydi.

Lola AZIMOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti,

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 30-sentabr, 195-son

Izoh qoldirish