542

Adiblar xiyobonida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi aks etgan tarixiy-badiiy film premyerasi o‘tkazildi

Mahmudxo‘ja Behbudiy – Turkiston jadidchilik harakatining yetakchisi, buyuk jamoat arbobi, mutafakkir alloma, yozuvchi va o‘zbek dramaturgiyasi asoschisidir. Ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda ma’rifatparvarning hayoti va ijodini o‘rganish hamda uni yoshlar orasida targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, ilmiy konferensiyalar, adabiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. “BRAND PRO MEDIA” studiyasi tomonidan o‘zbek teatr dramaturgiyasining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi haqida tarixiy-badiiy film namoyishi o‘tkazildi. Tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning haykali mazkur bilim dargohining adabiyotga ixlosi baland yoshlarining sevimli maskaniga aylangani bilan birga akademiyada alloma faoliyati va ijodiga doir ilmiy izlanishlar ham faol olib borilayotgani, uning asarlari puxta o‘rganilayotganini ta’kidladi. Shundan so‘ng Kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev Mahmudxo‘ja Behbudiy siymosi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

– Mahmudxo‘ja Behbudiy – jadidchilik harakatining rahnamosi, jadid ma’rifatparvarlarining yo‘lboshchisidir, – deydi Shuhrat Rizayev. – Buning yorqin isbotini 2020-yilning 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz tashabbusi bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy singari ma’rifatparvar bobolarimiz davlatimizning “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganida ko‘rishimiz mumkin. Behbudiy diniy va dunyoviy ilmlarini chuqur o‘zlashtirgan, xat-savodini katta madrasalarda chiqargan alloma edi. Tahlikali umri davomida qaysi shaharda istiqomat qilmasin aslo ilm olishdan to‘xtamadilar. Yangi usuldagi maktablar, xayriya jamiyatlari, milliy matbuotning shakllanishida Mahmudxo‘ja Behbudiyning hissasi beqiyos.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda milliy o‘zlikni anglash, hurriyat yo‘lida jon fido etgan bobolarimiz xotirasiga cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda. Bugungi shiddatli yangilanish jarayonlarida ularning fidoyiligi, ilmga, taraqqiyotga intilgani har jihatdan ibratli ekani haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida Akademiya talabalari tomonidan alloma hayoti tasvirlangan sahna ko‘rinishlari, she’riy chiqishlar yig‘ilganlar e'tiboriga havola etildi.

Shundan so‘ng taniqli dramaturg, publitsist, jamoat arbobi Behbudiyning hayot va ijod yo‘li aks etgan film namoyish etildi. “Xalq yuragi” turkumi ostida tayyorlangan filmning ssenariysi Abduhamid Muxtorov qalamiga mansub bo‘lsa, rejissyor Ibrohim Ahmedov hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, mazkur film O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 20-may kuni Toshkent shahridagi “Adiblar xiyoboni”ga tashrifi va kinoijodkorlar bilan uchrashuvi davomida bergan topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida suratga olindi.

Uchrashuv yakunida millatni ma’rifatli bo‘lishga chorlagan Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayot yo‘li, ijod olami hali asrlar davomida kelajak avlodga katta ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish