449

Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori Akademiyada mehmon bo‘ldi

Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori, professor Ibrohim Aydinli O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Akademiya rahbariyati, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov hamda markaz xodimlari ishtirok etdi.

Samimiy muloqot davomida Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tibor, Akademiyada talabalarga yaratilgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi aloqalar tobora rivojlanib borayotganligi, bu o‘zgarishlarni ta’lim sohasida ham ko‘rish mumkinligini ta’kidladi. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining xalqaro darajadagi hamkorliklari talabalarni malakali kadr sifatida kamol topishiga xizmat qilishini qayd etdi.

Uchrashuvda Anqara Yildirim Boyazid universiteti Turkiya oliy ta’lim muassasalari orasida xorijlik talabalarning qamrovi bo‘yicha yetakchi ekanligi, mazkur yuqori ko‘rsatkichga erishish tajribasini o‘rganib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham amaliyotga joriy etish haqida so‘z bordi.

O‘z navbatida Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori, professor Ibrohim Aydinli Akademiya tomonidan ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va yuksak hurmat uchun minnatdorlik bildirdi. Akademiya bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bu har ikki muassasa uchun foydali bo‘lishini ta’kidladi. Bu orqali ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish, sohaga doir ilmiy tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar, talabalar almashinuvini joriy etilishidan mamnun bo‘lishini bildirdi.

Davra suhbatidan so‘ng professor Ibrohim Aydinli Akademiyaning “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi noyob qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirarkan, mazkur manbalar unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.

Tashrif yakunida mehmonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, markaz ishiga muvaffaqiyat tiladi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish