435

O‘zbekiston tinchlik tarafdori

O‘zbekiston qisqa fursat ichida jahon hamjamiyatining tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi tashqi siyosatida o‘z nufuziga ega bo‘ldi. Xalqaro munosabatlarda mintaqa va global darajadagi masalalarni ilgari surishi muhim strategik vazifalar sifatida qo‘llab-quvvatlandi. So‘nggi yillarda tashqi siyosat borasida ko‘plab xalqaro bitim va qo‘shma qarorlarning qabul qilinishi O‘zbekiston tashqi siyosatda o‘z pozitsiyasiga ega davlat ekanligini ko‘rsatdi. Hatto buni xalqaro ekspert va xorijiy siyosatchilar xolis baholagan holda “...bugun O‘zbekiston o‘zining misli ko‘rilmagan ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turgan izchil, aniq va konstruktiv siyosat yuritmoqda”, deb e’tirof etmoqda.

O‘zbekiston tashqi siyosatda, avvalo mintaqa davlatlari tinchligi va xavfsizligi, barqaror rivojlanishi kabi muhim strategik vazifalarni amalga oshirish yo‘lida faoliyat olib bormoqda. Bu borada, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo davlatlari — bizning bevosita qo‘shnilarimiz do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashni asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab oldik”, deb ta’kidladi.

Shu jihatdan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 72 sessiyasida ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. Ushbu taklif dunyo hamjamiyati tomonidan muhim va strategik taklif deya qo‘llab-quvvatlandi. Buning amaliy ifodasi, maslahat uchrashuvlari xalqaro tashkilotlar, xorijiy ekspert va siyosatchilar ishtiroki hamda kuzatuvida bir necha bor o‘tkazildi. Mazkur uchrashuv doirasida, O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlarini ko‘zlagan holda, hal etilishi lozim bo‘lgan bir nechta muhim ustuvor yo‘nalishlar, xususan, xavfsizlik va hamkorlikni ta’minlash, savdo-iqtisodiy, innovatsiya, investitsiya, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklik bo‘yicha aniq dasturlar — “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha keng fikr almashish, ular bo‘yicha umumiy pozitsiyani kelishib olish hamda keyin uni BMT, MDH, SHHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida muhokama qilish kabilar ilgari surildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvida esa, O‘zbekiston tomonidan muhim va dolzarb bo‘lgan olti muhim taklif, ya’ni iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish, mintaqaning transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, mintaqaning energetik xavfsizligini ta’minlagan holda energiya sohasida samarali texnologiyalarni joriy etish, pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda pandemiya davrida aholi salomatligiga e’tibor qaratish, hamkorlik doirasida bir-biriga yordam ko‘rsatish asosida kasallikka qarshi kurashish, mintaqadagi ekologik muammolar, orol muammosiga qaratilgan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va buning uchun, “Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqish kabilar o‘rtaga tashlanadi. Bu kabi strategik ahamiyatga ega muhim va dolzarb bo‘lgan ustuvor vazifa va takliflarning ilgari surilishi O‘zbekistonning mintaqaviy tinchlik, umuman, Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligi va barqarorligiga befarq emasligini, aksincha, yetakchi va jonkuyar davlat ekanligini ko‘rsatdi.

Bilamizki, Markaziy Osiyoning barqarorligi bir jihatdan, Afg‘onistondagi vaziyatning yuzaga kelishi bilan bog‘liq. Qachonki, Afg‘oniston tinch rivojlanish yo‘liga o‘tar ekan, shundagina Markaziy Osiyo Mintaqalarida to‘liqligicha barqarorlik, xavfsizlik ta’minlanadi. O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash yuzasidan muntazam ravishda xalqaro tashkilotlarning yig‘ilish va uchrashuvlarida aniq, puxta o‘ylangan takliflar ilgari surib kelinmoqda.

Xususan, Afg‘oniston bo‘yicha videokonferensiya aloqa shaklida o‘tkazilgan vazirlar uchrashuvida, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish, betaraflik va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekiston qo‘shni davlatning keyingi istiqboli uchun ham bee’tibor emasligi, ya’ni iqtisodiyotni tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb qilish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligi Afg‘onistonning barqaror rivoji uchun dolzarb ekanligini ta’kidladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston hamisha o‘z tashqi siyosatida bag‘rikenglik, xolis yondashuv va munosabatga kirishish, tinch yo‘l bilan hal qilish prinsipiga amal qilib kelgan. Xalqaro nizom va bitimlarda belgilangan davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsipi O‘zbekiston tashqi siyosati uchun hamisha muhim hisoblangan va bu jihat, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda. O‘zbekiston yaqin yillar ichida qo‘shnichilik munosabatlarida do‘stona va sog‘lom muhitni barqarorlashtirish maqsadida tashqi siyosatida misli ko‘rilmagan natijalarga erishdi. Ayniqsa, pandemiya va ekologik talafotlar vaqtida ijtimoiy ko‘mak masalalari O‘zbekistoning qo‘shni davlatlarga nisbatan birodarligini, bag‘rikengligini yana bir bor namoyon etdi.

Buni qo‘shni tojik, qirg‘iz, qozoq xalqlariga nisbatan beg‘araz va xolis yordamda, shuningdek, o‘zaro ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishida ko‘rish mumkin. Bu kabi hamkorlikdagi faoliyat va o‘zaro ishonchga asoslangan tashqi siyosat O‘zbekiston uzoqni ko‘zlagan holda to‘g‘ri va oqilona ish olib borayotganligini ko‘rsatadi. Zero, O‘zbekiston, bugun o‘z tashqi siyosatida yangicha mezonlar asosida faoliyat olib borib, ilg‘or takliflar, aniq, puxta o‘ylangan g‘oyalarni ilgari surdi va bu asosida qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda hamjihatlik, birdamlik, o‘zaro ishonchga asoslangan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Albatta, davlatning tashqi siyosatidagi barqarorligi ko‘p jihatdan ichki totuvligiga, o‘zaro hamjihatlikdagi faoliyatiga bog‘liq. Qachonki, shu zaminda yashayotgan fuqarolar yurt tinchligi, farovonligi va porloq kelajagiga daxldorlik hissi bilan yashasa, harakat qilsa, shundagina davlat va jamiyat taraqqiy etadi, rivojlanadi, ayni paytda, tashqi siyosatda ham mislsiz natijalarga erishadi.

Umuman, bugun Yangi O‘zbekistoning tashqi siyosatidagi faoliyati uning ichki barqarorligining muhim mezoni bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan, tinchlikni ta’minlashda har bir fuqaro mas’ul bo‘lgan holda, ilmiy salohiyatga, siyosiy, huquqiy madaniyati, ma’naviyati, estetik dunyoqarashi bilan munosabatga kirishishi va shunday tuyg‘u asosida faoliyat yuritishi lozim. Shundagina, Yangi O‘zbekiston o‘z ko‘zlagan maqsadiga erisha oladi.

 

Lola AZIMOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

“Ma'rifat va ta'lim” gazetasi 2021-yil 14-sentabr 16-soni.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish