1

Akademiya vakillari xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

Joriy yilning 14-16-oktabr kunlari Tatariston Respublikasining Bulg‘or shahrida “Rossiya va MDH mamlakatlarida akademik islom ilohiyotini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi prorektori Ilhom Bekmirzayev va “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti Mirodil Haydarov ishtirok etdi.

Shuningdek, konferensiyada Rossiyaning turli hududlaridan, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikalaridan ko‘zga ko‘ringan olimlari qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan an’anaviy va akademik islomshunoslik ta’lim berish metodologiyasi, yoshlar tarbiyasida ilohiyotshunoslik ilmlarining o‘rni, fuqarolik jamiyatida ta’lim jaryonlarini tashkil etish muammolari va yechimlari, din va davlat munosabatlari kabi mavzular doirasida ma’ruzalar qilindi.

Mazkur konferensiya 3 ta seksiyalarga bo‘lingan holda amalga oshirildi. Unda “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti Mirodil Haydarov “Islomshunoslik fanlarini masofaviy o‘qitish: O‘zbekiston va Rossiya tajribasi” mavzusida ma’ruza qildi.

Tashrif davomida Akademiya delegatsiyasi Bulg‘or islom akademiyasi rektori bilan uchrashuv o‘tkazdilar. 

Uchrashuv davomida Bulg‘or islom akademiyasi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilarining dinshunoslik va islomshunoslik sohasida nashr etilgan ilmiy maqolalari, o‘quv qo‘llanmalari, monografiya va darsliklari almashuvini yo‘lga qo‘yish, sohaga oid o‘tkaziladigan xalqaro miqyosdagi konferensiyalarda olimlar va mutaxassislarni taklif qilish, professor-o‘qituvchilari hamkorligida ZOOM platformasi orqali islomshunoslik va dinshunoslik fanlaridan davra suhbatlari tashkil etish, Bulg‘or islom akademiyasi va O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar stajirovkalarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.

Izoh qoldirish