Ma’rifatga tayangan taraqqiyot
Mustaqillikning о‘ttiz besh yilini sarhisob qilar ekanmiz, mamlakat taqdirini belgilaydigan eng muhim savollardan biriga qaytamiz: kelajak avlodga qanday ta’lim beryapmiz? Yо‘llar, binolar va korxonalar taraqqiyotning kо‘zga kо‘rinadigan belgilaridir. Ammo ularni barpo etadigan, boshqaradigan va yanada rivojlantiradigan insonni maktab tarbiyalaydi. Shu bois, ta’lim sohasiga e’tibor mustaqil О‘zbekistonning davlat qurilishi va jamiyat yangilanishida uzluksiz ahamiyat kasb etdi.
Istiqlolning dastlabki yillarida milliy ta’lim tizimining huquqiy va tashkiliy poydevori yaratildi. Оna tilimizdagi darsliklar, milliy tarix va qadriyatlarga tayangan о‘quv mazmuni, yangi turdagi ta’lim muassasalari shakllandi. Bu bosqichning eng muhim natijasi mustaqil davlatning о‘z kadrlarini tayyorlashga qodir tizimga ega bо‘lishidir. Ayni paytda davr о‘zgarishi ta’limning qamrovi, sifati va mehnat bozori bilan bog‘liqligiga yangicha talablarni qо‘ydi.
Sо‘nggi о‘n yillikda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda ta’lim davlat siyosatidagi ustuvor yо‘nalishlardan biri sifatida yanada keng kо‘lamda yangilandi. Islohotlar bolaning bog‘chaga kirishidan tortib, maktabda bilim olishi, kasb egallashi va universitetda izlanish olib borishigacha bо‘lgan butun yо‘lni qamrab oldi. Uning markazida oddiy, ammo muhim mezon bor: ta’lim imkoniyati inson yashaydigan hudud yoki oilasining sharoitiga qarab cheklanmasligi kerak.
Jumladan, maktabgacha ta’limdagi о‘zgarish bu yondashuvni ayniqsa yaqqol kо‘rsatadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 15-sentabr kuni Bо‘stonliq tumanida ustoz va murabbiylar bilan о‘tkazilgan muloqotda 2017-yilda 4 mingdan ortiq mahallada bolalar bog‘chasi bо‘lmaganini, qamrov 27 foizdan oshmaganini ta’kidladi. О‘sha muloqotda keltirilishicha, bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrov 78 foizdan oshgan. Davlat muassasalari bilan birga xususiy va oilaviy bog‘chalarning rivojlanishi kо‘plab oilalar uchun yangi imkoniyat ochdi. Bu raqamlarning ortida birinchi marta tengdoshlari bilan birga о‘ynab, til va fikrlash kо‘nikmalarini rivojlantirayotgan bolalar taqdiri turibdi.
Biroq bolani bog‘chaga qabul qilish ishning yarmidir. U yerdagi muhit, tarbiyachining tayyorgarligi va mashg‘ulot sifati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Prezidentimiz 2025-yil 9-sentabrdagi videoselektor yig‘ilishida tarbiyachilarning oliy ma’lumotga egaligi darajasi yetarli emasligiga e’tibor qaratib, ularni ishdan ajralmagan holda о‘qitish, har bir hududda metodik kо‘mak kо‘rsatadigan “Yangi avlod” bog‘chalarini tashkil etish vazifalarini belgiladi. Qamrov о‘sishi sifat о‘sishi bilan birga borgandagina islohot har bir oila hayotida seziladi.
Ta’lim sifati faqat maktab yoki о‘qituvchining vazifasi emas. Bolaning kitob о‘qishi, mustaqil fikrlashi, kasb tanlashi va raqamli muhitdan tо‘g‘ri foydalanishida oiladagi muhit ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu ma’noda “maktab – oila – mahalla – jamiyat” hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, ota-onaning ta’lim jarayonidagi mas’uliyatini kuchaytirish muhim.
Mustaqillik yillarida umumiy о‘rta ta’lim mamlakatning eng keng ijtimoiy tizimi bо‘lib qoldi. Sо‘nggi yillarda yangi maktablar qurish, mavjudlarini ta’mirlash, о‘quv о‘rinlarini kо‘paytirish va dasturlarni yangilashga katta e’tibor qaratildi. Prezidentimiz 2025-yil 15-sentabrda ustoz va murabbiylar bilan muloqotda maktablarda 6,5 million о‘quvchi ta’lim olayotganini, sо‘nggi sakkiz yilda qariyb 500 ta yangi maktab qurilib, mavjudlari kengaytirilishi hisobiga 1 million о‘quvchi о‘rni yaratilganini aytdi. Bu kо‘lam har bir qarorning millionlab oilalar hayotiga ta’sir qilishini anglatadi.
Bugun maktabdan kutilayotgan natija faqat darslikdagi ma’lumotni yodlash emas. О‘quvchi о‘qiganini tushunishi, dalilni fikrdan ajratishi, hisob-kitob qilishi, xorijiy til va raqamli vositalardan foydalanishi, mustaqil xulosa chiqarishi zarur. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasi iqtidorni qо‘llab-quvvatlash uchun yangi maydon ochdi. Endi ana shu tajribaning samarali jihatlari oddiy maktabdagi har bir bolaga ham yetib borishi muhim.
Bugun bu vazifalar qatoriga sun’iy intellektdan ongli va mas’uliyatli foydalanish kо‘nikmasini ham qо‘shish zarur. О‘quvchi tayyor axborotni qabul qiluvchi emas, uni tekshiradigan, manbasini baholaydigan va mustaqil xulosa chiqaradigan shaxs bо‘lishi kerak. Shu bois raqamli va sun’iy intellekt savodxonligi kelgusi ta’lim sifatining muhim mezonlaridan biriga aylanmoqda.
Shu bilan birga, ta’lim imkoniyatlaridagi hududiy tafovutni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Poytaxt yoki yirik shahardagi о‘quvchi bilan olis qishloqdagi bolaning zamonaviy laboratoriya, internet, chet tili, tо‘garak va malakali pedagogdan foydalanish imkoniyatlari bir xil bо‘lishi – ta’limdagi tenglikning muhim mezonidir. Qamrov kengayishi bilan birga imkoniyatlar sifati ham hududlar kesimida tenglashib borishi lozim.
О‘qituvchiga munosabat ham ta’lim sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Prezidentimiz 2025-yil 15-maydagi maktab ta’limiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yangi darslik va jihozlar bilan bir qatorda muallimlar zamonaviy metodikalarni egallab, bolalarga yaxshi bilim berishi zarurligini alohida ta’kidladi. Shu maqsadda pedagogika oliygohlari faoliyatini о‘zgartirish, maktablarni amaliy tayyorgarlik bazasiga aylantirish va fanlar bо‘yicha tayanch maktablar orqali ustozlar malakasini oshirish vazifalari qо‘yildi. Bino va jihoz zarur, lekin bolaning savoliga qiziqish uyg‘ota oladigan pedagogning о‘rnini hech bir texnika bosolmaydi.
Mehnat bozori о‘zgargan sari yoshlar uchun faqat diplom emas, amaliy kо‘nikma ham ahamiyatli bо‘lmoqda. Davlatimiz rahbari 2025-yil 15-sentabrda ustozlar bilan muloqotida 2026-yil kasbiy ta’lim uchun yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga о‘rgatish yili bо‘lishini ta’kidlab, texnikumlarda xalqaro dasturlarni kengaytirish va korxona bilan birga dual ta’limni rivojlantirish vazifasini qо‘ydi. Prezidentimizning 2026-yil 1-sentabrdagi Bilimlar kuni tabrigida esa maktab bitiruvchilari puxta bilim bilan birga kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallashi zarurligi ta’kidlandi. Bu yо‘nalishdagi eng muhim mezon – bitiruvchining о‘zi tanlagan sohada ishlay olishi va mehnati bilan munosib daromad topishidir.
Ta’lim islohotlarining haqiqiy natijasini raqamlar bilan bir qatorda inson taqdiri orqali ham kо‘rish mumkin. Qishloqdan chiqqan yoshning grant asosida universitetga kirishi, yangi kasbni egallab ishga joylashishi yoki ilgari bunday imkoniyatga ega bо‘lmagan bolaning zamonaviy ta’lim olishi – statistikaning ortida turgan real hayot natijalaridir. Shu ma’noda har bir islohotning mezoni avvalo inson hayotidagi о‘zgarish bilan о‘lchanishi kerak.
Endi jamiyat “qancha kishi diplom oldi?” degan savol bilan birga “qancha bitiruvchi о‘z kasbi bо‘yicha ishlayapti?”, “olgan bilimi mehnat bozorida qanchalik qadrlanyapti?” degan savollarni ham berishi kerak. Ta’lim natijasining eng muhim kо‘rsatkichlaridan biri – yosh insonning mustaqil hayotga tayyorligi, kasbiy mahorati va munosib daromad topish imkoniyatidir.
Oliy ta’limda ham imkoniyatlar sezilarli kengaydi. Prezidentimiz 2025-yil 30-aprelda oliy va kasbiy ta’lim sifatini oshirish bо‘yicha taqdimot bilan tanishganida mamlakatda oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizga yetgani qayd etildi. Universitetlar tarmog‘ining kengayishi, yangi ta’lim shakllari va xalqaro hamkorlik kо‘proq yoshlarga о‘qish imkonini berdi. О‘sha taqdimotda ayniqsa nodavlat ta’lim muassasalari dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, litsenziyalash va akkreditatsiya tizimini takomillashtirish, sifatni xolis baholash vazifalari muhokama qilindi. Universitetda chuqur bilim, halol baholash, tadqiqot muhiti va ish beruvchilar bilan aloqa bir vaqtda mustahkamlanishi kerak.
“О‘zbekiston – 2030” strategiyasi ta’limda erishilgan natijalarni keyingi vazifalar bilan bog‘laydi. Strategiyaning amaldagi kо‘rsatkichlarida 2030-yilgacha maktabgacha ta’lim qamrovini 80 foizga, maktab va akademik litsey bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrovini kamida 50 foizga yetkazish belgilangan. 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy ta’lim bilan qamrovini 50 foizga chiqarish, oliygohni tugatgandan keyin bir yil ichida doimiy ishga ega bо‘lganlar ulushini 65 foizga yetkazish ham maqsad qilib qо‘yilgan. Bular hali bajarilgan natija emas, jamiyat va mas’ul idoralar oldida turgan о‘lchanadigan vazifalardir.
Strategiyaning mazmunini bir raqam bilan cheklab bо‘lmaydi. Bola bog‘chada rivojlanishi, maktabda puxta bilim olishi, texnikum yoki oliygohda qobiliyatiga mos yо‘lni tanlashi, keyin esa kasbi orqali jamiyatga foyda keltirishi – shu zanjirning har bir halqasi ishlashi lozim. Qamrov kengaygani sari ta’limdagi hududiy tafovut, о‘qitish sifati va bitiruvchilar bandligiga yanada sinchkov qarash talab etiladi.
О‘ttiz besh yillik tajriba bir haqiqatni kо‘rsatdi: mustaqillikni mustahkamlaydigan eng katta kuch – bilimli, erkin fikrlaydigan va mas’uliyatni his etadigan avloddir. Sо‘nggi о‘n yillik islohotlari ta’lim eshiklarini kengroq ochdi. Endi shu eshikdan kirgan har bir bola va yosh sifatli bilim olib chiqishi kerak. О‘zbekistonning 2030-yilga qadar oldiga qо‘ygan marralari ham, undan keyingi taraqqiyoti ham, avvalo, shu kungi sinfxonada shakllanadi.
Demak, ta’lim sohasidagi keyingi bosqichning asosiy savoli faqat “qancha?” emas, balki “qanday sifatda?” bо‘lishi kerak. Qancha kо‘p bola ta’limga jalb etilgani muhim, ammo har bir bola qanday bilim, qanday kо‘nikma va qanday imkoniyat bilan ta’lim tizimidan chiqishi undan ham muhimroqdir.
Nuriddin Qolqanov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish