410

Guliston shahrida “Jomi’ ahkom as-sig‘or” asarining o‘zbek tilidagi ilk nashri taqdimoti o‘tkazildi

Guliston shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan musulmon huquqshunosi, Ustrushana – hozirgi Jizzax hududidan yetishib chiqqan buyuk alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning “Jomi’ ahkom as-sig‘or” (Bola huquqlari kodeksi) asarining o‘zbek tilidagi ilk nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Viloyat kasaba uyushmasi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan anjumanda Sirdaryo Davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalar, viloyat yozuvchilar uyushmasi a’zolari, faxriylar, mahalla faollari hamda jurnalistlar ishtirok etishdi.

Taqdimotga tashrif buyurgan markaz matbuot xizmati rahbari F.Muhammadiyev, “Bola huquqlari kodeksi” asari tarjimoni va uni nashrga tayyorlagan olim M.Atayev hamda “Fan ziyosi” nashriyoti muharriri M.Polvonov mazkur asarning beqiyos ilmiy ahamiyati va uning bola huquqlari sohasida barcha huquqshunoslar hamda tadqiqotchilar uchun dasturilamal bo‘lishini ta’kidladi. Kelgusida Yurtboshimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan barcha ilmiy-tadqiqot markazlari ham ana shunday buyuk ajdodlarimiz asarlarini xalqimizga taqdim etishda bardavom bo‘lishini bildirishdi.

Tadbir doirasida Guliston shahrida muhtaram Yurtboshimiz tomonidan tashkil etilgan hassos shoira H.Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida ham taqdimot bo‘lib o‘tdi. Ijod maktabi rahbari shoir Muhammad Ismoil tadbir ishtirokchilariga maktab faoliyati va uning kelgusidagi rejalari haqida batafsil so‘zlab berdi.

Izoh qoldirish