1

Diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar – kelajak poydevori

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz bir necha bosqichli taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Dastlab milliy suverenitetni mustahkamlash, xalqaro hamjamiyatda munosib oʻrin egallash ustuvor vazifa edi. 

Keyinchalik xavfsizlik, geosiyosiy muvozanat, mintaqaviy hamkorlik va dunyoga ochiqlik tashqi siyosiy faoliyatning asosiy mazmuniga aylandi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilikni rivojlantirish, transport-logistika, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlar Vatanimiz tarixida yangi sahifa ochdi.

Shuningdek diniy maʼrifiy sohalarda ham bir qator oʻzgarishlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat doirasida quyidagi ijobiy ishlar amalga oshirildi:

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.

Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil qilindi.

Birgina Toshkent shahrida Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Islomobod kabi masjidlar yangitdan bunyod etildi. 

Samarqandning Dahbed shaharchasida, faqih va mutasavvif olim Mahdumi Aʼzam ziyoratgohida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari boshlangan.

Ziyoratchilar uchun munosib sharoit yaratish maqsadida alloma maqbarasi yonida uch qavatli zamonaviy avtoturargoh, kirish darvozasi, kushxona, maʼmuriy binolar, tahoratxona, ming kishilik masjid hamda qoʻshimcha ayvonlar qad rostlamoqda.

Bu ajdodlar xotirasiga ehtirom, ilm-maʼrifatga sadoqat, xalqimiz maʼnaviy hayotidagi uzviylikni tiklash yoʻlidagi ulkan qadamdir.

Kalom ilmining sultoni, “hidoyat imomi” deya sharaflangan buyuk alloma – Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanganidan soʻng, Samarqand shahridagi mashhur Chokardiza qabristonida ham tarixiy ahamiyatga molik obodonlashtirish ishlari boshlandi.

Umumiy maydoni 10,2 gektarlik hududda Imom Moturidiy majmuasi qurilishi boshlanib, 250 oʻrinli masjid, kirish peshtoqi, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.

Eʼtiborli jihati, mazkur qabriston hududidan buyuk faqih, shayxulislom Burhoniddin Margʻinoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, u yerda ham alloma xotirasiga munosib maqbara bunyod etish ishlari boshlangan.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etildi. 

Goʻzal va betakror, “Yangi Oʻzbekiston durdonasi” deya eʼtirof etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi qad rostladi.

“Ginnessning rekordlar kitobi” rasmiy vakillari tomonidan “Islom sivilizatsiyasiga bagʻishlangan eng yirik muzey” nominatsiyasi boʻyicha sertifikat olgan, Parij shahridagi nufuzli xalqaro meʼmorchilik mukofoti – Prix Versailles tanlov qoʻmitasi talqiniga koʻra 2026-yili dunyodagi eng goʻzal muzeylar roʻyxatiga kiritilgan, TURKSOY xalqaro tashkiloti tomonidan “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb eʼtirof etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurib foydalanishga topshirildi.

Markaz ekspozitsiyalarida UNESCO roʻyxatiga kiritilgan qadimiy Usmon Qurʼoni, qoʻlyozmalar, nodir manbalar, tarixiy hujjatlar va ikki mingdan ortiq noyob osori-atiqalar, artefaktlar joy olgan.

Bu markazning bunyod etilishi – Oʻzbekiston Prezidentining xalqimizga oʻzligini anglatish, milliy gʻururni yuksaltirish, buyuk allomalar merosini jahonga tanitish borasidagi fidokorona tashabbuslarining amaliy ifodasidir.

Yangi tashkil etilgan Burhoniddin Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband nomidagi respublika miqyosidagi ilmiy-tadqiqot markazlari ham bugunga kelib, chin maʼnoda ilm-maʼrifat va tadqiqot maydoniga aylandi. 

Oʻzbekiston tomonidan Qozogʻistonning azim Turkiston shahrida, umumiy 7 gektardan ziyod maydonda, islom va Sharq meʼmorchiligining eng yaxshi anʼanalariga muvofiq muhtasham jome masjid barpo etildi.

Toʻrt minora, keng asosiy zal, anʼanaviy ayvonlar va zamonaviy qulayliklarni oʻzida mujassam etgan mazkur masjid bir vaqtning oʻzida 5 mingdan ziyod namozxonni qabul qilish imkoniga ega.

Bu ezgu tashabbus ikki qardosh xalq – oʻzbek va qozoq xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, birdamlik va maʼnaviy yaqinlikning yana bir yorqin timsoli boʻldi.

Islomning asosiy ruknlaridan biri, har bir musulmon qalbidagi eng katta orzulardan sanalgan muqaddas Haj amalini vatandoshlarimizning bekamu koʻst, eng yaxshi sharoitlarda, risoladagidek ado etib kelishi yoʻlida bu yil ham katta hozirlik koʻrildi.

Ayniqsa, tarixda ilk bor mamlakat ravnaqi, xalqimiz farovonligi, yoshlar kamoloti, maʼnaviyat va maʼrifat yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan 100 nafar yurtdoshimiz “Prezident hojisi” sifatida Kaʼbatullohni ziyorat etishdek ulkan baxtga musharraf boʻldi.

Bu tashabbus yurtdoshlarimiz tomonidan katta xayrixohlik, minnatdorlik va samimiy quvonch bilan qarshi olindi.

Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatida bir ezgu gʻoya mujassam: inson qadrini ulugʻlash, ajdodlar merosini tiklash, ilm-maʼrifatni yuksaltirish va jamiyatda bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash.

Bugun obod boʻlayotgan ziyoratgohlar, qayta tiklanayotgan tarixiy majmualar, tashkil etilayotgan ilmiy markazlar, qoʻlyozmalarni oʻrganish va targʻib etishga qaratilgan tashabbuslar, xorijda bunyod etilayotgan maʼnaviy inshootlar, haj ziyorati uchun yaratilayotgan imkoniyatlar – bularning barchasi bir maqsadga xizmat qiladi.

Bu kabi xayrli islohot va oʻzgarishlar har bir yurtdoshimiz qalbida saxovat, shukronalik va bagʻrikenglik kabi olijanob fazilatlarning yanada barq urishiga xizmat qiladi.

Jamiyat hayotida esa “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoyaning chinakam qaror topishiga mustahkam zamin yaratadi. Negaki, maʼrifat bor joyda ezgulik bor, tarixga hurmat bor joyda kelajakka ishonch bor.

Ilhomjon Bekmirzayev,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi prorektori,

tarix fanlari doktori, professor

Izoh qoldirish