2

Akademiyada “Sport – salomatlik tayanchi” mavzusida “Hamkorlik kubogi” sport musobaqalari o‘tkazildi

Bugungi kunda yurtimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish borasida tizimli islohotlar olib borilmoqda.

Ma’lumki, joriy yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yigʻilishi o‘tkazilgan edi.

Ushbu yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari va xodimlarining sport bilan shug‘ullanishlarini yangi bosqichga olib chiqish belgilangan edi.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida mahalla yoshlari uchun “Sport – salomatlik tayanchi” mavzusida “Hamkorlik kubogi” sport musobaqalari o‘tkazildi.

Mazkur bellashuvlar Akademiyada an’anaviy tarzda tashkil etilib kelinmoqda. Uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan musobaqada jamoalar sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashdilar.

Toshkent shahar Sport boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan sport musobaqalarida Toshkent shahridagi mahalla yoshlari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti jamoalari ishtirok etdi.

Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosev kirish so‘zi bilan ochib berib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Umuman, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ta’lim-tarbiya, o‘quv jarayonlari bilan bir qatorda sport sohasiga ham katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, 10 ga yaqin sport to‘garaklari talabalar ixtiyorida. Haftaning har shanba kuni Akademiya rektori boshchiligida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazilishi esa yaxshi an’anaga aylangan. 

Albatta, bu kabi hamkorlik aloqalari talaba-yoshlarga nafaqat o‘z salomatliklarini mustahkamlashga, shu bilan birga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi shakllanishiga yordam berishi shubhasiz.

Ana shu ishlarning mantiqiy davomi sifatida o‘tkazilgan “Hamkorlik kubogi” esa yangi o‘quv yili oldidan yoshlar o‘rtasida ko‘tarinki kayfiyat, do‘stona munosabatlar shakllanishiga xizmat qildi.

Musobaqalar sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va do‘stlik muhiti ostida bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish