Kiberxavfsizlik va axborot xavfsizligi masalalari
Keyingi vaqtlarda axborot texnologiyalarining keng miqyosda rivojlanishi bir vaqtning o‘zida ko‘p turdagi kiberjinoyatlar sodir etilishiga imkon yaratmoqda. Bu, o‘z navbatida, ushbu turdagi jinoyatlarni aniqlash va ular oldini olishda yuqori bilim va kasbiy tayyorgarlikni talab qilayotir.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Kiberxavfsizlik va axborot xavfsizligi masalalari” mavzusida seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan axborot manipulyatsiyasi, ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlaridan foydalanishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Akademiya birinchi prorektori aholi orasida axborot xavfsizligi boʻyicha koʻnikmalarni hosil qilish uchun katta ishlarni amalga oshirish lozimligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, zamon bilan hamnafas boʻlgan holda sunʼiy intellektdan samarali foydalanish va ularni boshqarish, milliy sunʼiy intellekt tizimlarini ishlab chiqish va ularni qoʻllab-quvvatlab borish boʻyicha xalqimizda malaka va koʻnikmalarni shakllantirishi davr talabi ekanligini aytib oʻtdi.
Barchamizga maʼlumki, hayotimizni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur eta olmaymiz. Ayniqsa, bugungi kunda sunʼiy intellekt, mashinali oʻqitish, oʻz-oʻzini boshqarish tizimlari, nanotexnologiyalar kundan kunga rivojlanib bormoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yil holatida dunyo aholisi soni taxminan 8,3 milliardni tashkil etmoqda. Ulardan 5,83 milliardi (dunyo aholisining 70,4%) mobil aloqadan foydalanadi. Internet foydalanuvchilari soni 6,12 milliardga (73,8%) yetgan boʻlsa, ijtimoiy tarmoqlarda faol foydalanuvchilar soni 5,79 milliardni (69,9%) tashkil etmoqda.
Raqamli texnologiyalarning bunday rivojlanishi esa oʻz navbatida foydalanuvchilarga katta imkoniyatlar olamini ochadi. Raqamli texnologiyalar chegara bilmaydi. Albatta uning bunday imkoniyatlaridan gʻarazli niyatdagi kuchlar ham samarali foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Bu hattoki, davlatlarning suverenitetiga daxl qilish darajasiga qadar yetib bormoqda.
Seminar mashg‘uloti davomida internet firibgarliklarning zamirida nima yotgani, bunda internet foydalanuvchilarining oʻzlari ham sababchi boʻlib borayotgani, oddiygina ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish etikasini bilmasligi natijasida firibgarlik qurboniga aylanayotganliklari aytib oʻtildi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, xalqimizda axborot xavfsizligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarni shakllantirishi davr talabi ekanligi, sunʼiy intellekt tizimlaridan nafaqat foydalanish balki milliy sunʼiy intellekt tizimlarini ishlab chiqish, axborot xavfsizligini taʼminlash va ularni qoʻllab-quvvatlab borish zamon talab ekanligini taʼkidlab oʻtildi.
Akademiya vakillarini kiberjinoyatlardan ogohlantiramiz va quyidagilarga qat’iy rioya qilishni so‘raymiz:
Noma’lum ilovalarni yuklab olmang;
Onlayn xaridda faqat ishonchli platformalardan foydalaning;
Faqat rasmiy manbalarga ishonib, xabarlarni tekshiring;
SMS tasdiqlash kodlarini hech kimga bermang;
“Tez boyib ketish” va shubhali reklamalarga aldanmang.
Unutmang! Kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish – oilamiz va jamiyatimizni himoya qilishdir.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish